Yamalda yangi rekord va antiqa gol nishonlash, Qozogʻistonda magʻlubiyat
|12:255 02312 min
Millatlar ligasi guruh bosqichida 2-tur uchrashuvlari yakunlandi: Ispaniya magʻlubiyatsiz seriyasini 40 oʻyinga yetkazdi, Angliyada «Real» va «Barsa» futbolchilari gol uyushtirishdi.
Foto: Europa Press via Getty Images Lamin Yamal navbatdagi golini nishonlamoqdaFoto: Europa Press via Getty Images Lamin Yamal navbatdagi golini nishonlamoqda
Ispaniya Xorvatiyani taslim etdi – 4:1. Lamin Yamal mavsum startida «Barsa»da boʻlgani kabi milliy jamoada ham yorqin oʻyin koʻrsatmoqda.
2-daqiqadayoq u «Atletiko» futbolchisi Aleks Baenadan toʻpni qabul qilib olib, oʻz uslubida olis burchakni aniq nishonga oldi. Yamal birinchi turda Angliya darvozasini ham 2-daqiqada ishgʻol etgandi.
28-daqiqada xorvatlar kutilmaganda muvozanatni tikladi – mehmonlarning oʻyindagi birinchi zarbasiyoq omadli chiqdi. Keksalikni tan olmayotgan Ivan Perishich qatorasiga ikkinchi oʻyinda golli assist muallifi boʻldi – Dion Bele uning uzatmasini bosh bilan golga aylantirdi.
Koʻp oʻtmay ispanlar yana hisobda oldinga chiqib olishdi: bu safar Yamal oʻz qanotidan ajoyib uzatma berdi, Mark Pubil bosh bilan toʻpni darvoza toʻriga joylashtirdi. Tanaffusdan keyin Lamin yana bir bor oʻz nomini tabloga yozdirib qoʻydi: bu safar u yaqin burchakni aniq nishonga oldi. Golni esa antiqa uslubda nishonlab, toʻp ustiga oʻtirib oldi. U bunday harakatni Chempionlar ligasida ham amalga oshirgandi.
Foto: Europa Press via Getty Images
Ushbu 19 yoshli vinger «Barselona»da mavsum startidagi sakkiz oʻyinda 8+6 qayd etgan. Terma jamoaning Millatlar ligasidagi ikki oʻyinida esa 3+1 natijasini qayd etib, «Oltin toʻp» mukofoti uchun haqli ekanini yana bir bor namoyish etdi.
Oʻyinning soʻnggi daqiqalarida zaxiradan tushgan futbolchilar yakuniy hisobni oʻrnatishdi: Mikel Merino pas berdi, Niko Uilyams darvozabon bilan yakkama-yakka vaziyatga chiqib borib, olis burchakni aniq nishonga oldi.
Mavzuga oid
Ispaniyaning Sevilya shahridagi stadionga yigʻilgan mahalliy muxlislar shu kuni nafaqat oʻz sevimli futbolchilarini, balki raqiblar safida zaxiradan tushgan Luka Modrichni ham oʻrnidan turgan holda olqishlashdi.
Ispaniya qatorasiga 40 oʻyinda asosiy vaqtda yutqazmayapti va bu bilan oʻz rekordini yangilashda davom etmoqda. Ushbu seriya 2024-yil martida boshlangandi. Soʻnggi magʻlubiyat – Kolumbiyaga qarshi oʻrtoqlik oʻyinida boʻlgan (0:1). Bu davrda Millatlar ligasi finalida Portugaliyaga qarshi kechgan oʻyinda ham ispanlar magʻlubiyatga uchragan, ammo oʻsha oʻyinning asosiy vaqtida durang natija qayd etilgan va gʻolib penaltilar seriyasida aniqlangan (2:2, 3:5).
Shu kuni Yamal Ispaniya milliy jamoasi tarixida bir oʻyinda 2+1 natijasiga erishgan eng yosh futbolchi boʻldi: u 19 yosh-u 78 kunlik. Bundan oldingi rekord Raul va Xoseba Echeberriyaga tegishli boʻlib turgandi (ikkisi ham 21 yosh-u 273 kunligida shunday natija qayd etgan).
Guruhdagi ikkinchi oʻyinda Angliya Chexiyani osonlik bilan magʻlubiyatga uchratdi – 2:0. Chexlar 25-daqiqadayoq ozchilik boʻlib qolishdi: Pavel Shuls Elliot Andersonga nisbatan xavfli podkat ishlatdi va videotakrordan keyin qoidabuzarga qizil kartochka koʻrsatildi.
Inglizlar bir soatdan oshiq vaqt davomida koʻpchilik boʻlib oʻynashganiga qaramay, ikki gol bilan kifoyalanishdi. Birinchisi – klasikodagi raqiblar ishtirokida uyushtirildi. Ikkinchi boʻlim boshida «Real» himoyachisi Trent Aleksander-Arnold toʻpni havolatib jarima maydoniga uzatdi, «Barselona» aʼzosi Entoni Gordon esa hech qanday qarshilikka uchramasdan, boshda aniq zarba berdi.
Bu – Trent 2024-yil oktabridan buyon terma jamoada samarali harakat amalga oshirishi boʻldi, Gordon esa qatorasiga ikkinchi oʻyinda gol urmoqda.
Harri Keyn ham shu kuni maydonni golsiz tark etmadi. 69-daqiqada u jarima maydonidan qaytib chiqqan toʻpga kuchli zarba berdi va toʻp himoyachi oyoqlari orasidan oʻtib, darvoza toʻriga borib tushdi. Bu ingliz hujumchisi uchun mavsumdagi sakkizinchi gol boʻldi. Millatlar ligasi birinchi turida Harri ispanlar darvozasini ishgʻol etgandi (lekin inglizlar oʻshanda 2:3 hisobida yutqazgandi), «Bavariya» safida esa u yetti oʻyinda 6+1 koʻrsatkichini qayd etgan.
Birinchi turda Shimoliy Makedoniyaga qarshi safardan yirik gʻalaba bilan qaytgan Shveysariya ikkinchi oʻyinda ham yirik hisobda gʻalaba qozondi va Shotlandiya darvozasiga ham safarda uchta gol yoʻlladi – 3:0. Oʻyin masalasi startdayoq hal boʻldi: mezbonlar himoyachisi Jek Hendri jarima maydonida qoʻpollik qildi va hakam unga sariq kartochka koʻrsatib, penalti belgiladi. VAR aralashuvidan keyin esa fol jarima maydoni tashqarisida amalga oshirilgani aniqlandi va kartochkaning rangi qizilga oʻzgarib, jarima zarbasi belgilandi. Mehmonlar himoyachisi Rikardo Rodriges esa jarima zarbasidan toʻpni toʻgʻri darvoza toʻriga yoʻnaltirdi. Shotlandlar 12-daqiqadayoq gol oʻtkazib yuborishdi va qolgan vaqt davomida ozchilik boʻlib oʻynashiga toʻgʻri keldi.
Ikkinchi boʻlimda Shveysariya yana bir himoyachisi Niko Elvedi hamda hujumchi Zeki Amdunining gollari evaziga ishni oxiriga yetkazib qoʻydi. Shu kuni Rodriyes uchun jarima zarbasi (va raqibga qizil) ishlagan Dan Ndoye ikkinchi boʻlimda ikki golli uzatma muallifi boʻldi.
Birinchi turda shveysarlarga magʻlub boʻlgan Shimoliy Makedoniya Sloveniyaga ham hech narsa taslim qila olmadi – 2:0. Mezbonlar ikkinchi boʻlimda urilgan gollar evaziga gʻolib chiqishdi: Sandi Lovrich 55-daqiqada yaqin burchakka qaytarib boʻlmas zarba yoʻlladi, 82-daqiqada Alesha Matko qarshi hujumni gol bilan yakunlab, intrigaga barham berdi. Slovenlar bu oʻyinda ham gol oʻtkazishmadi – Shotlandiyaga qarshi kechgan birinchi oʻyinda hisob ochilmagandi (0:0).
3-oktabr. Shveysariya – Sloveniya, Shimoliy Makedoniya – Shotlandiya
Belarus va Finlandiya oʻyinida muxlislar gol koʻrishmadi – 0:0. Belarus nafaqat oʻz darvozasi daxlsizligini saqlab qoldi, balki ikkinchi boʻlimda raqib darvozasini ishgʻol etishdi ham. Ammo Aleksandr Selyavaning goli ofsayd tufayli bekor qilindi. Qolaversa, «Monako» darvozaboni Lukash Gradetski bir necha vaziyatda mezbonlarni qutqarib qoldi. Belarusliklar safarda munosib harakat qilishdi va turnirdagi ilk ochkosini qoʻlga kiritdi.
Oʻtgan turda Finlandiyadan 7 ta javobsiz gol oʻtkazgan San-Marinoni Albaniyaga ham yirik hisobda magʻlub boʻldi – 3:0. 21-daqiqada yarimhimoyachi Anis Mehmeti burchak zarbasidan keyin hisobni ochdi, Myurto Uzuni esa 27-daqiqada qaytgan toʻpga birinchi boʻlib yetib borib, hisobdagi farqni oshirdi. Ikkinchi boʻlimda Rey Manay hisobni yirik koʻrinishga keltirdi.
3-oktabr. Finlandiya – Albaniya, Belarus – San-Marino
Slovakiya Qozogʻistonni oʻyin oxiridagi gol evaziga taslim etishdi – 2:1. Qozogʻistonliklar uchun safar oʻyini qiyin kechdi. 26-daqiqada Leo Sauer amalda boʻsh darvozani ishgʻol etib, hisobni ochdi, koʻp oʻtmay Ramazon Karimov jamoasining oʻyindagi ilk zarbasini golga aylantirdi. Shundan keyin mehmonlar hisobni ushlash uchun oʻynashdi va toʻliq himoyalanishdi, ammo 82-daqiqada baribir burchak zarbasidan gol oʻtkazib yuborishdi.
Moldova Farer orollari jamoasi bilan durang oʻynadi – 1:1. Farerliklar Vilormur Davidsenning penaltidan urgan goli evaziga hisobda oldinga chiqib olishgandi. Moldova ikkinchi boʻlimda chiroyli gol bilan javob qaytardi: Sergiu Perchun 66-daqiqada jarima zarbasidan toʻpni Leo Messi uslubida darvoza toʻriga yoʻnaltirdi.
Italiya B seriyasidagi «Askoli» klubining 20 yoshli yarimhimoyachisi tepgan toʻp avvaliga ustunga tegdi, keyin esa darvoza toʻqqizligiga borib tushdi – 1:1.
2-oktabr. Qozogʻiston – Moldova, Farer orollari – Slovakiya
Bolgariya – Estoniya 0:0 Bolgariya: Naumov, K. Dimitrov, Velkov, Velkovski, Turitsov (Y. Stoyanov, 73), Gruyev, K. Stoyanov (Panayotov, 46), Sonev (Chandarov, 46), Z. Dimitrov (Balov, 46), M. Petkov (Ivanov, 70), L. Petkov Estoniya: Xeyn, Paskochi, Tiugyas, Mets, Shenning-Larsen, Saarma (Liyvak, 74), Poom, Kyayt (Palumets, 58), Soomets (Miller, 58), Mustmaa (Myannilaan, 46), Kristal Ogohlantirishlar: Velkovski, 9. Sonev, 37. K. Dimitrov, 90 – Paskochi, 48. Kristal, 89
Islandiya Lyuksemburgga hech qanday imkon qoldirmadi – 3:0. Birinchi boʻlimda Andri Gudyonsen (Eyder Gudyonsenning oʻgʻli) va Orri Ouskarsson bogʻlami qarshi hujumlarda bittadan gol va bittadan pas muallifi boʻlishdi. Tanaffusdan keyin Viktor Paulsson burchak zarbasidan uchinchi golni urdi.
Bolgariya va Estoniya oʻyinida esa hisob ochilmadi – 0:0. Mezbonlar faolroq boʻlishdi va zarbalar borasida ustunlik qilishdi (17:6), kamida bitta golga haqli edi, ammo vaziyatlardan foydalana olishmadi. Estonlar qatorasiga ikkinchi oʻyinda durangga erishdi, birinchi turda Islandiya bilan 1:1 hisobi qayd etilgandi.
Endi Millatlar ligasida kichik pauza boʻladi – chorshanba oqshomida oʻyinlar yoʻq, payshanbadan serial davom etadi va muxlislar uchinchi turning birinchi kunida Germaniya, Portugaliya va Norvegiya milliy jamoalari oʻyinlariga guvoh boʻlishadi.