DW xabariga köra, Kayzerslautern prokuraturasi bu haqda 29-sentabr kuni maʼlum qilgan.
Tergov versiyasiga köra, gumonlanuvçilar 2022-yil kuzidan 2024-yil oxirigaça Rossiyaga 53 ta yengil avtomobil va yarim tirkamalarni tortişga möljallangan oltita tyagaç eksport qilgan. Yetkazib berişlarni yaşiriş uçun uçinçi mamlakatlar, jumladan, Belarus, Qirğiziston va Gurjistondan foydalanilgani aytilmoqda.
Tintuvlar 8-sentabr kuni Germaniyaning Reynland-Pfals yeridagi Noyştadt-an-der-Vaynştrasse şahri hamda Avstriya poytaxti Venada tadbirkorlarning turar joylari va tijorat binolarida ötkazilgan. Amaliyotda Germaniya, Avstriya va Belgiya huquq-tartibot organlari iştirok etgan.
Prokuratura iltimosnomasi asosida Kayzerslautern sudi gumonlanuvçilarning taxminan 7 million yevrolik mol-mulkini xatlaşga ruxsat bergan. Bu summa noqonuniy eksportdan olingani taxmin qilinayotgan daromadga teng.
Germaniyadagi tintuvlarda Porsche va Mercedes-Benz rusumli ikkita avtomobil, Avstriyada esa 85 ming yevro naqd pul olib qöyilgan. Germaniya, Avstriya va Belgiyadagi bank hisoblarida yana 278 ming yevro bloklangan.
Bundan taşqari, Noyştadtdagi tadbirkorning binosidan uçta ov miltiği va öq-dorilar topilgan. Şu sababli unga nisbatan qurol töğrisidagi qonunçilikni buzganlik ehtimoli yuzasidan ham tergov boşlangan.
Prokuraturaga köra, har ikki gumonlanuvçi hozirça sukut saqlaş huquqidan foydalangan. Tergov davom etmoqda.
Germaniyada şunga öxşaş işlar böyiça hukmlar çiqarilgan
DW eslatişiça, mart oyida Vyursburg sudi bavariyalik avtodilerni sanksiyalarni buzib, Rossiyaga 111 ta lyuks toifadagi avtomobil yetkazib bergani uçun olti yilga ozodlikdan mahrum qilgan. Tergov maʼlumotlariga köra, bu maşinalar Rossiya Federal xavfsizlik xizmati, Federal qöriqlaş xizmati, «Rosneft» kompaniyasi va prezident maʼmuriyati xodimlariga yetkazilgan.
2025-yil iyulida esa Gessendagi avtosalon xodimi Rossiyaga sanksiyalarni çetlab 71 ta lyuks avtomobil sotgani uçun beş yillik qamoq jazosiga hukm qilingan.
2025-yil mayida Germaniya prokurorlari qimmatbaho avtomobillarni Rossiyaga yetkaziş bilan boğliq 40 dan ortiq işni tergov qilayotgani xabar qilingan. Biroq ekspertlar yaşirin yetkazib berişlarning faqat kiçik qismiga çek qöyilayotganini taʼkidlagan.








