Oliy taʼlimda dual taʼlim tizimini takomillashtirishga qaratilgan farmonda talabalarni qoʻllab-quvvatlash, korxonalarda murabbiylar tayyorlash hamda oliygoh va ish beruvchilarni ragʻbatlantirish choralari belgilangan.
Ijtimoiy stipendiya dual taʼlimda tahsil olayotgan barcha talabalarga emas, aynan Ijtimoiy reyestrga kiritilgan talabalarga toʻlanadi.
Qaysi sohalarda grantga oʻtish imkoniyati boʻladi?
Quyidagi taʼlim sohalarida dual shaklda tahsil olayotgan talabalarga ikkinchi kursdan davlat granti kvotalari doirasida oʻqishni davom ettirish imkoniyati yaratiladi:
muhandislik ishi;
ishlab chiqarish va ishlov berish;
arxitektura va qurilish;
qishloq xoʻjaligi.
Grant asosida oʻqishni davom ettirish belgilangan kvotalar doirasida amalga oshiriladi.
Oʻqish davri mehnat stajiga kiritiladi
Farmonga koʻra, talabaning dual taʼlim shaklida tahsil olgan davri uning umumiy mehnat stajini hisoblashda inobatga olinadi.
Shuningdek, 2027-yil 1-yanvardan dual taʼlim shaklida kadrlar tayyorlash istagini bildirgan korxonalar uchun maxsus kurslar tashkil etiladi. Ularda talabalarga biriktiriladigan murabbiylar tayyorlanadi.
Oliygoh va korxonalar uchun reyting yuritiladi
2027-2028 oʻquv yili yakunidan boshlab dual taʼlim boʻyicha oliy taʼlim muassasalari va buyurtmachi korxonalarning samaradorlik reytingi yuritiladi.
Eng yuqori natija koʻrsatgan uchtadan OTM va korxona reytingdagi oʻrniga qarab 1 mlrd, 2 mlrd va 3 mlrd soʻm miqdorida ragʻbatlantiriladi.








