Samarqand davlat chet tillar instituti talabasi Komila Farriyeva – Kameron Farr bilan suhbatimiz tillarni oʻrganishdan boshlanib, insonlar oʻrtasidagi mehr va ishonch haqida davom etdi.
«Dadam u yerlarda kelin oʻgʻirlash boʻladi, deb qarshilik koʻrsatgandi»
Komila Farriyeva AQShning Jorjiya shtatida tugʻilib oʻsgan. Oʻzbekistonga kelganiga sakkiz oy boʻlgan boʻlsa-da, bu yerdagi hayoti haqida gapirar ekan, uning ovozida samimiy hayajon sezildi.
Komilaning aytishicha, u bolaligidanoq tillarga qiziqqan. Toʻqqiz yoshidan boshlab xorijiy tillarni oʻrganishga jiddiy kirishgan. Dastlab ispan va nemis tillarini oʻzlashtirgan, keyinchalik til oʻrganishga boʻlgan qiziqishi uni boshqa xalqlar va madaniyatlar bilan ham yaqinlashtirgan.
Unga koʻra, hozir yigirmata tilda muloqot qila oladi, shulardan oʻn bittasini mukammal biladi. Oʻzbek tilini ham AQShdagi afgʻon oʻzbeklari bilan muloqot orqali oʻrgangan. Turkiy tillar bilan bir qatorda yapon tilini ham oʻzlashtirgan.
Til oʻrganishga shunchalik qiziqadigan qiz uchun xorijda taʼlim olish ham tabiiy tanlov boʻlgan. Ammo u buning uchun odatiy yoʻnalishni emas, Markaziy Osiyoni, xususan, Oʻzbekistonni tanladi.
Bu qaror ota-onasi uchun kutilmagan edi. Dastlab ular qizining Oʻzbekistonga borishiga qarshi boʻlishgan. Komila esa mamlakatning madaniyati, odamlari va hayoti haqida tushuntirib, ularni oʻz tanloviga ishontirishga harakat qilgan.
“Dastlab dadam u yerlarda kelin oʻgʻirlash boʻladi, deb qarshilik koʻrsatdi. Keyinchalik vaziyatni tushunib, meni bu yerga kelishimga rozilik bildirdi. “Oʻzingni ehtiyot qilsang boʻldi”, dedi”, - deydi Komila.
“Oʻzbekistonning buvilarini yaxshi koʻraman!”
Komila ayni paytda Samarqand davlat chet tillar institutida tahsil olmoqda. Uning aytishicha, taʼlim usullari oʻziga maʼqul kelgan, muhit esa tillarni oʻrganish va amalda qoʻllash uchun qulay.
Biroq Samarqandni sevib qolishiga faqat universitetdagi taʼlim sabab boʻlmagan. U bu yerda odamlar bilan muloqot qilishni, mahalliy hayotni ichidan oʻrganishni yaxshi koʻradi.
“Oʻtgan bir necha oy ichida Oʻzbekistonda boʻlib, oʻzbek xalqini juda yaxshi koʻrib qoldim. Juda yaxshi odamlar, yordamlarini ayashmaydi. Ayniqsa, Oʻzbekistonda katta onalar - buvilar juda yaxshi ekan. Ular mehribon va shirinsoʻz.











