Rossiyaning Penza viloyatidagi «Oʻrta Osiyo - Markaz» yerosti gaz quvurida portlash yuz berdi.

Hodisa Volchkovo qishlogʻi yaqinida sodir boʻlgan. Oqibatda portlash joyida 70 metr balandlikda olov ustuni koʻtarilgan, gaz berilishi toʻxtatilgach esa yaqin atrofdagi oʻtlar yona boshlagan. Qurbonlar va jarohatlanganlar yoʻqligi aytilmoqda.

Rossiya FVV xabariga koʻra, portlashga yuqori bosim tufayli quvur yorilishi sabab boʻlgan.

Hodisa joyida avariya va tezkor xizmatlar ishlamoqda. Oqibatlarni bartaraf etishga 34 nafar xodim va 12 ta texnika jalb etilgan.

«Oʻrta Osiyo - Markaz» yerosti gaz quvuri Turkmaniston, Oʻzbekiston va Qozogʻiston gaz konlarini Rossiya hamda Yevropa bilan bogʻlaydi.