18-oktabrga oʻtar kechasi Buyuk Britaniya poytaxti London shahrida tashkil etilgan professional boks oqshomida ikki karra Olimpiada chempioni, jahon chempioni Bahodir Jalolov britaniyalik Solomon Dakresga (10-1-0, 3 KO) qarshi navbatdagi jangini oʻtkazdi.

Oʻzbekistonlik bokschi jangda toʻliq ustunlik qildi va 5-raundda raqibini nokdaun holatiga ham tushirdi.

Qolgan raundlarda ham tashabbusga egalik qilishda davom etdi, toʻliq 10 raund davom etgan jang yakunida hakamlar Jalolovning gʻalabasini eʼtirof etishdi (99-91, 99-90).

Shu tariqa, Big Uzbek’ning gʻalabali seriyasi davom etmoqda: 18 jangda 18 gʻalaba, shundan 15 tasi nokaut bilan qoʻlga kiritilgan.

Jalolov soʻnggi jangini 9-may kuni Manchesterda oʻtkazgandi. Oʻshanda u xorvatiyalik Agron Smakichini nokautga uchratgan.