Boks boʻyicha Oʻzbekiston erkaklar jamoasi bugun Osiyo oʻyinlarining 13-kunida uchta vazn toifasida final janglarida ishtirok etdi.

Dastlab 90 kilogrammgacha boʻlgan vazn toifasida Oʻzbekiston sharafini himoya qilgan Toʻrabek Habibullayev xitoylik Huyejang Hanniga qarshi ringga koʻtarildi. Oʻzbekistonlik bokschi jangda toʻliq ustunlik qildi va hakamlar bir ovozdan uning gʻalabasini qayd etishdi (5:0).

Bungacha Osiyo va jahon chempioni unvonlariga ega boʻlgan 22 yoshli bokschi ilk bor Osiyo oʻyinlari gʻolibligini ham qoʻlga kiritdi (Hangchjoudagi Osiyo oʻyinlarida u bronza bilan ortga qaytgandi).

Shundan keyin, 60 kilogrammgacha boʻlgan vazn toifasida Abdumalik Halokov janubiy koreyalik Donghvang Jangga qarshi final jangini oʻtkazdi. Bu bahsda ham oldindan favorit boʻlgan oʻzbekistonlik bokschi yakunda yaqqol gʻalabaga erishdi (5:0).

Olimpiada oʻyinlarining amaldagi gʻolibi, ikki karra jahon chempioni va Osiyo chempioni hisoblangan Halokov uchun bu Osiyo oʻyinlaridagi ikkinchi gʻoliblik boʻldi. U bundan oldingi turnirda ham oʻz vazn toifasida tengsiz boʻlgandi.

Uchinchi finalda esa +90 kg vazn toifasida Jahongir Zokirov Qozogʻiston vakili Aybek Oʻralbayga magʻlub boʻldi (0:5) va kumush bilan kifoyalanadigan boʻldi.

Bungacha Firuza Kazakova (-51 kg), Sitora Turdibekova (-60 kg), Fazliddin Erkinboyev (-70 kg) va Shavkatjon Boltayev (-80 kg) yarimfinalda yutqazib, bronza medallar bilan ortga qaytadigan boʻlgandi.

photo_2026-10-02_12-53-37
Foto: Milliy olimpiya qoʻmitasi
Firuza Kazakova taqdirlash marosimida
photo_2026-10-02_12-58-53
Foto: Milliy olimpiya qoʻmitasi
Shavkat Boltayev taqdirlash marosimida
photo_2026-10-02_12-59-05
Foto: Milliy olimpiya qoʻmitasi