17-oktabr kuni dzyudo böyiça Özbekiston jamoasi aʼzosi, Olimpiada va Osiyo çempioni, Osiyo öyinlari ğolibi, Jahon çempionati sovrindori Diyora Keldiyorova (-52 kg) Qozoğistonning Aqtau şahri mezbonlik qilgan xalqaro turnirda oltin medalni qölga kiritdi.
Ikki yarim yillik tanaffusdan söng tatamiga qaytgan Keldiyorova turnir davomida barça raqiblarini, jumladan, finalda ozarboyjonlik Farida Mirzayevani ham ippon bahosi bilan mağlub etdi.
Bu turnirdagi ğoliblik Keldiyorovaga jahon reytingi uçun 100 oçko taqdim etdi.
Sportçi final bahsidan keyingi intervyusida hozirça avvalgi sport formasiga töliq qaytmagani, lekin özini yaxşi his qilayotganini aytgan.
«U yerda boşqaça edim, hozirgi özimni öşa paytdagi Diyora bilan soliştira olmayman. Hozir boşqaça, yangi Diyoraman – onaman. Ikki yil davomida dzyudodan uzoqlaşmadim, musobaqa muhitidan sal yiroqda böldim. Ammo özimni yaxşi his qilyapman. Men öz dzyudomdan zavq olişni xohlayman. Dzyudoni yaxşi köraman, dzyudo bilan yaşayman va bundan qançalik zavq olayotganim men uçun muhim», – deydi u.
Diyora Keldiyorova 2024-yil yozida Parij Olimpiadasida -52 kg vazn toifasida oltin medalni qölga kiritgandi. U şundan keyin farzandli bölgan va ötgan ikki yarim yilga yaqin vaqt içida bir qator yirik turnirlarni, jumladan, 2026-yilgi Osiyo öyinlarini ötkazib yuborgandi.
Endi u şu oy oxirida Abu-Dabida bölib ötadigan nufuzli xalqaro turnirda iştirok etadi.








