1-oktabr – Osiyo oʻyinlarining oʻn ikkinchi kunida Oʻzbekiston delegatsiyasi vakillari sportning 12 turida musobaqalarda ishtirok etdi, ammo kunni oltin medalsiz yakunladi.

Kun davomida atigi ikkita kumush medal qoʻlga kiritildi – dzyudoda Shahram Ahadov, yunon-rum kurashida Alisher Gʻaniyev finalgacha yetib bordi, ammo hal qiluvchi bahslarda yutqazishdi.

Dzyudo

Oʻzbekiston dzyudo jamoasi bugungi dasturda 5 nafar sportchi bilan ishtirok etdi.

-73 kg vazn toifasida Oʻzbekiston sharafini himoya qilgan Shahram Ahadov turnirni yaxshi oʻtkazdi. Amaldagi Osiyo chempioni hisoblangan ushbu sportchi dastlabki bosqichda Afgʻoniston vakili Sayid Muhammad Sayidiyni (ippon), chorakfinalda janubiy koreyalik An Jayehongni (ippon), yarimfinalda esa yaponiyalik Tatsuki Ishiharani (yuko) magʻlub etdi.

Ammo finalda BAA nomidan ishtirok etgan asli rossiyalik Kazbek Naguchevga yutqazdi va kumush bilan kifoyalandi.

photo_2026-10-01_15-32-47

-81 kg vazn toifasida qatnashgan Arslonbek Tojiyev esa birinchi bosqichdayoq tojikistonlik Abubakr Sherovga magʻlub boʻldi. Tojikistonlik kurashchi finalgacha yetib bora olmadi va Tojiyevda bronza uchun kurashish imkoniyati yuzaga kelmadi.

Oʻz navbatida, qizlar jamoasining uch vakili ham bronza uchun kurashdi.

-57 kg vazn toifasidagi Shukurjon Aminova avvaliga qirgʻizistonlik Janar Joʻldoshevani (ippon), keyin qozogʻistonlik Dana Abdirovani (ippon) magʻlub etdi, ammo yarimfinalda ushbu vazn toifasi favoriti (jahon chempioni va Olimpiada finalchisi) boʻlgan Hu Mi Miga magʻlub boʻldi. Yakunda koreyalik sportchi finalga chiqib, chempion boʻldi, bu esa Aminovaga bronza uchun kurashish imkoniyatini taqdim etdi. Ammo oʻzbekistonlik dzyudochi medal uchun bahsda yaponiyalik Mio Shirakanedan ippon bahosi bilan magʻlub boʻldi.

-63 kg vazn toifasida bellashgan Marjona Nurillayeva birinchi bahsdayoq KXDR vakili Kim Ji Hyega yutqazdi (vazari), raqibi finalgacha chiqqani tufayli Nurullayevada bronza uchun kurashish imkoniyati tugʻildi. U dastlab oʻtish bahsida qirgʻizistonlik Adina Koʻchkonbayevadan ustun kelgandi (yuko), ammo medal uchun bahsni qozogʻistonlik Esmigul Kuyulovaga boy berdi (vazari).