Rasmiylarga koʻra, bazadan taxminan bir kilometr masofadagi qurigan oʻt-oʻlan tutashidan boshlangan. Shundan keyin olov tezlik bilan Kanada qurolli kuchlarining Ueynraytdagi bazasi poligoni boʻylab tarqalgan – bu baza Albert provinsiyasi poytaxti Edmonton shahridan taxminan 210 kilometr sharqda joylashgan.

Bu vaqtda poligonda harbiy mashgʻulot oʻtkazilayotgandi. Edmontonda joylashgan 1-diviziya komandiri Ueyd Ratlend jurnalistlar bilan muloqotda aytishicha, 96 km/soat tezlikka chiqqan kuchli shamol tufayli yongʻin avj olgan.

General Ratlend toʻsatdan esgan shamol va uning ortidan olov tarqalishini «gʻayrioddiy va shiddatli» hodisa deb taʼriflagan – alanga atigi 30-60 soniyada bir kilometr masofani bosib oʻtdi, deb yozadi Reuters. «Men, albatta, hech qachon bunaqasini koʻrmaganman», –deydi general.

Rasmiylar qurbonlarning shaxsini ochiqlagan: serjant Morgan Vong, oddiy askar Shon Farrell, oddiy askar Eydan Gulding va oddiy askar Heyden Likkemark.

Kanada bosh vaziri Mark Karni oʻz murojaatida sodir boʻlgan voqeani «tinchlik davridagi Kanada hududida qurolli kuchlar safida roʻy bergan eng ogʻir fojialardan biri» deb atadi.

«Mamlakat qurolli kuchlarimizning jasur harbiy xizmatchilarini yoʻqotganimiz uchun aza tutmoqda», – dedi Karni. U halok boʻlganlar xotirasi uchun butun mamlakat boʻylab barcha federal binolardagi davlat bayroqlarini tushirishga buyruq bergan.

Alberta bosh vaziri Daniel Smit maʼlum qilishicha, jabrlanganlarning koʻpchiligiga «bir necha hafta yoki bir necha oy» davomida ixtisoslashtirilgan intensiv tibbiy yordam koʻrsatiladi. Uning maʼlumotiga koʻra, shifoxonaga yotqizilgan 39 kishidan kamida 19 nafari ogʻir ahvolda.

Foto: Reuters
Mashgʻulot bazasi Alberta provinsiyasining chekka hududida joylashgan.

Ratlendning soʻzlariga koʻra, yongʻin boshlangan paytda yengil piyodalar batalyonining 85 nafar askari dashtda joylashgan bazada oʻq-dorilardan foydalangan holda «yuqori intensivlikdagi» harbiy tayyorgarlikdan oʻtayotgan edi. Bu askarlar Kanadaning xorijdagi eng yirik harbiy missiyasi joylashgan Latviyaga joʻnab ketishi kerak edi.

«Mashgʻulotlarda Ueynrayt oʻquv markazi hududida turli qurollardan foydalanilgan», – degan general. Uning aniqlik kiritishicha, gap granatomyotlar, granatalar, oʻqotar qurollar va oʻq-dorilar haqida boradi.