«Dunyo» axborot agentligi xabariga koʻra, tashrif doirasida Rubioning Oʻzbekiston rahbariyati va Markaziy Osiyo mamlakatlaridagi hamkasblari bilan muzokaralari ham rejalashtirilgan.
Uchrashuvlarda iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish, transport va energetika aloqalarini rivojlantirish, mintaqaviy oʻzaro bogʻliqlikni kuchaytirish masalalariga eʼtibor qaratiladi. Oʻzbekiston uchun sanoat, energetika, infratuzilma, qishloq xoʻjaligi va raqamli iqtisodiyotga Amerika sarmoyasi hamda texnologiyalarini jalb etish muhim yoʻnalishlar sifatida koʻrilmoqda.
Ikki mamlakat oʻrtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 2025-yilda bir milliard dollardan oshgan. Oʻzbekistonda Amerika kapitali ishtirokidagi 346 ta korxona faoliyat yuritmoqda. Shulardan 143 tasi toʻliq Amerika kapitaliga tegishli. 2017-yildan buyon Amerika sarmoyasi ishtirokida 203 ta korxona tashkil etilgan.
Oʻzbekiston bozorida faoliyat olib borayotgan kompaniyalar orasida Air Products, General Electric, General Motors, Boeing, Honeywell, Coca-Cola va John Deere bor.
2026-yil iyunida Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida oʻtkazilgan Amerika–Oʻzbekiston biznes-forumida 193 ta Amerika kompaniyasi vakillari qatnashgan. Unda investitsiya loyihalari va ishbilarmonlik aloqalarini kengaytirish masalalari koʻrib chiqilgan.
Hamkorlikning alohida yoʻnalishlaridan biri muhim minerallardir. 2026-yil fevralida Oʻzbekiston va AQSH muhim minerallar hamda nodir yer elementlari taʼminoti barqarorligini taʼminlashga qaratilgan oʻzaro anglashuv memorandumini imzolagan. Bu geologiya-qidiruv, qazib olish va qayta ishlash sohalarida qoʻshma tashabbuslar uchun asos boʻlishi koʻzda tutilgan.
C5+1 formati 2015-yil noyabrida Samarqandda ishga tushirilgan. U AQSH hamda Markaziy Osiyoning besh davlati - Oʻzbekiston, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston va Turkmanistonni birlashtiradi.
Format doirasidagi birinchi yetakchilar sammiti 2023-yilda Nyu-Yorkda, ikkinchisi esa 2025-yil noyabrida Vashingtonda oʻtkazilgan. Vashingtondagi tadbirlar davomida Amerika kompaniyalari mintaqa mamlakatlari bilan 25 milliard dollardan ortiq tijoriy kelishuvlarga erishganini eʼlon qilgan.
AQSH Savdo vazirligi maʼlumotlariga tayangan xabarda Amerika tadbirkorlarining Markaziy Osiyo davlatlari bilan tuzgan tijoriy kelishuvlari umumiy hajmi 100 milliard dollardan oshgani ham qayd etilgan. Bu raqamlar amalga oshirib boʻlingan investitsiyalar emas, eʼlon qilingan kelishuvlar hajmini anglatadi.
















