Sogʻliqni saqlash vazirligi matbuot xizmati Toshkent shahrida qizamiq kasalligiga gumon qilingan 290 ta holat qayd etilgani, shuningdek, bemorlar bilan muloqotda boʻlgan 10 ming nafardan ziyod shaxs roʻyxatga olingani haqida tarqalgan xabarlar yuzasidan munosabat bildirdi.
«Ayni paytda Toshkent shahrida va butun mamlakat boʻylab qizamiq kasalligi bilan bogʻliq epidemiologik vaziyat barqaror. Xavotirlanishga hech qanday asos yoʻq.
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan raqamlar esa 2026-yilning oʻtgan toʻqqiz oyi davomida qayd etilgan jamlanma koʻrsatkichdir. Shu bois, mazkur raqamlarni qisqa vaqt ichida aniqlangan yoki ayni kundagi holat sifatida talqin qilish toʻgʻri emas», – deyiladi xabarda.
Qayd etilishicha, qizamiq bilan kasallanish koʻrsatkichi 2025-yilning shu davriga nisbatan 40 foizga kamaygan.
«Shunday ekan, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasi ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilaridan maʼlumotlarni notoʻgʻri talqin qilmaslikni soʻraydi», – deyiladi xabarda.
Maʼlumot uchun, joriy yilning oʻtgan toʻqqiz oyi davomida Toshkent shahrida rejali emlash doirasida 47 ming 494 nafar 1 yoshli va 42 ming 767 nafar 6 yoshli bola KPK (qizamiq, epidparotit, qizilcha) vaksinasi bilan emlangan.
















