Oxirgi paytlarda matbuotda, internet nashrlarida “xususiy filmlar”ni “davlat filmlari”ga qarshi qo‘yish, birinchisini qayta-qayta tanqid ostiga olish barobarida, “jiddiy” filmlar tomoshabinga ko‘proq foyda keltirishini bir ovozdan takrorlash urf bo‘lib qoldi. Lekin, tan olish kerak, “jiddiy” filmlar ham ko‘pgina hollarda tomoshabinning ishonchini oqlolmayapti: dolzarb mavzularni ko‘taradigan, ko‘ruvchilarga ozuqa berishga yo‘naltirilgan ayrim kartinalar ssenariyning sayozligi, syujyetdagi beo‘xshovliklar, texnik kamchiliklar bois hafsalani pir qilmoqda. Shu tufayli, ochig‘ini aytganda, kinoteatrga tushib, o‘zbekistonlik ijodkorlarning yangi kinoasarlari bilan tanishishdan oldin “yetti o‘lchab bir kesadigan” bo‘lib qolganman.

Hilol Nasimovning yangi “Ajal jodusi” nomli filmini ko‘rishdan oldin mana shu fikrlarni aqlimda tutib, o‘zimni bir yarim soat zerikishga ruhan tayyorladim, toki seansdan so‘ng o‘zimdan ham, kinochilardan ham ko‘ngil qolmasin. Illo, kutilmaganda ekrandagi voqealar meni o‘ziga tortib ketdi, bir yarim soatlik xronometraj esa juda qisqa tuyuldi. Xullas, ko‘pdan buyon birinchi marta kinozaldan mamnun bo‘lib chiqdim.
Toshkent viloyatidagi chekka tog‘li qishloqlardan biri. To‘ng‘ich farzandining to‘yini o‘tkazgan oila moddiy qiyinchiliklarga duch kelmoqda. Olingan qarzlarni uzish, qolaversa, tuzukroq ish topib, oila tebratish kerak. Qo‘ni-qo‘shnilar oldida yuzi shuvut bo‘lgan, boshqa ilojini topa olmagan oila boshlig‘i ikki o‘g‘lini olib, Rossiyaga ravona bo‘ladi. Uylanganiga endigina 2 oy bo‘lgan Tolib ham, uning endigina qishloqdosh qizni ko‘z ostiga olib qo‘ygan ukasi ham yorlarini tashlab ketishga majbur bo‘lishadi. Rossiyada aka-uka kutilmagan murakkabliklarga uchraydi; yoshlarning yo‘ldan adashishi oxir-oqibat katta fojiaga olib keladi...
Film ancha pishiq ishlangan. Harqalay, “Odnoklassniki” menda bu qadar yaxshi taassurot qoldirmagan edi. Hilol Nasimov tez-tez uchraydigan, OAVda ko‘p bora hikoya qilingan tipik qismatlardan birini olib, uning misolida moliyaviy qiyinchiliklar, xorijda ishlashning og‘ir sharoitlarini ochib berishga harakat qilgan. Ochig‘i, xuddi shu voqeani hujjatli film shaklida ifodalasa ham bo‘lar edi. Ya'ni, ijodkor kartinaning badiiy jihatidan ko‘ra ijtimoiy mazmuniga ko‘proq urg‘u bergan. Va, aytish mumkinki, muammoni ochib berishda yutuqqa erishilgan.

Syujyetdan o‘rin olgan mavzular doirasi shu qadar kengki, Nasimov bir o‘q bilan ikki emas, bir yo‘la besh quyonni urishga muvaffaq bo‘lgan: dabdabali to‘ylar, chet elda mehnat qilish zahmati, “Kamolot” uylari, ekstremistik guruhlar faoliyati va hattoki Ukraina. Film qahramonlaridan biri kabi “Ukrainaning nima aloqasi bor?”, dersiz? Afsus, buni oshkor eta olmayman.










