Yakunlangan haftaning Oʻzbekiston hayotiga oid ayrim mavzulari – Kun.uz dayjestida.
“Ikki alifbolikka chek qoʻyish arafasida turibmiz”
Lotin yozuviga asoslangan oʻzbek alifbosidagi toʻrtta harfni oʻzgartirish boʻyicha qonun Senatda maʼqullandi. Hujjat G‘, O‘, Sh, Ch harflarini “bir tovush – bir harf” tamoyiliga oʻtkazishni (Ğ, Ö, Ş, Ç) nazarda tutadi.
Parlamentning har ikkala palatasi tasdiqlagan bu oʻzgarishni qabul qilish yoki rad etish – endi davlat rahbarining hukmiga havola. Agar qabul qilinsa, qonun 21-oktabr – Oʻzbek tili bayrami kunigacha imzolanishini kutish mumkin.
Payshanba kungi yalpi majlisda Senatning Fan, taʼlim va sogʻliqni saqlash masalalari qoʻmitasi raisi Odiljon Mamatkarimov alifbodagi toʻrtta birikma oʻrniga yaxlit harflarning joriy etilishi – oʻzbek tilini raqamlashtirishdagi jiddiy muammolarga yechim boʻlishini aytdi.
“Qisqa qilib aytganda, ushbu qonunning qabul qilinishi – Oʻzbekistonning oʻz milliy manfaatlari yoʻlida siyosiy va madaniy jihatdan naqadar qatʼiyatli ekanini koʻrsatadi. Ushbu islohot faqat bugungi kun uchun emas, balki kelajak avlodlarimizni savodli, raqamlashgan va oʻz tili bilan faxrlanadigan boʻlib ulgʻayishi uchun qoʻyilayotgan mustahkam poydevordir”, – dedi senator.

Qonun imzolangach, uni amalga oshirishga oid chora-tadbirlar dasturi qabul qilinadi. Davlat tashkilotlarining eski harflarni oʻz ichiga olgan ramziy belgilari, gerb tasvirlari, koʻrsatkichlar, peshlavhalar va boshqa narsalar yo yaroqsiz holga kelguncha, yoki dasturda belgilangan muddatgacha foydalaniladi.
Darsliklar masalasiga kelsak, Senatda birinchi yangragan savol shu boʻldi. Savolga maktabgacha va maktab taʼlimi vaziri oʻrinbosari Azizbek Turdiyev javob berdi:
“Darsliklarimiz har yili sinflar kesimida yangilanib boradi. Masalan, 1-sinflar uchun darsliklar shundogʻam har yili yangilanadi. 2-4-sinflar uchun darsliklarni yangilash davriyligi uch yilni tashkil qiladi, demak, har uch yilda 2-4-sinflar uchun darsliklar yangilanib boradi. 5-11-sinflar uchun har 5 yilda bir marta darsliklarimiz yangilanadi. Demak, qonun kuchga kirganidan keyin, 2027-yildan boshlab biz 1-sinf darsliklarini shundogʻam yangi alifboda chop etamiz va 2031-yilga qadar barcha darsliklarimiz toʻliq yangilanadi. Shu nuqtayi nazardan qoʻshimcha mablagʻ talab etilmaydi”.
Yigʻilishda hali ham lotin alifbosiga toʻliq oʻtilmagani, natijada toʻrtta harfning oʻzgarishi bilan amaliyotda oʻzbekcha yozuvlarning uch xil alifbodagi shakli paydo boʻlishi haqida ham soʻz bordi. Bu masalani koʻtargan senator Husan Ermatov: “Lotin alifbosini tanladig-u, lekin unga oʻtishga qatʼiyatimiz yetishmadi” deya, bor haqiqatni eʼtirof etdi:
“Lotin alifbosiga hali toʻlaqonli oʻta olmadik. Bunga lotin alifbosini tanladig-u, shunga oʻtishga qatʼiyatimiz yetishmagani ham sabab boʻldi, deb aytishimiz mumkin. Lekin bugungi kunga kelib, mana shu qonunning qabul qilinishi bilan, agar bu yerda ham bir qatʼiyatsizlik boʻladigan boʻlsa, real holatda uchta alifbo ishlashi mumkin boʻlib qoladi. Shu qatʼiyatni sal jiddiylashtirish nuqtayi nazaridan aholimizga tushuntirish bersak: aniq bir muddat belgilanadimi? Masalan, ommaviy axborot vositalari va kitoblar qachon oʻtadi bunga?”

Bunga javoban Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat tilini rivojlantirish departamenti direktori Nodirjon Xolboʻtayev hukumat qoʻshalifbo amaliyotiga chek qoʻyish arafasida turganini aytdi:
“Haqiqatan ham biz ikki alifbo orasida juda koʻp arosatda yurdik. Hurmatli prezidentimizning tashabbusi, irodasi bilan shu ikki alifbolikka chek qoʻyish arafasida turibmiz. Tabiiyki, savol tugʻiladi: uch alifbolik masalasi chiqmaydimi? Shuning uchun mana shu qonun kuchga kirganidan keyin bu masalani qatʼiy kun tartibiga qoʻymoqchimiz. Xususan, qonun kuchga kirganidan keyin barcha OAV yagona standartga aylangan, tasdiqlangan, takomillashtirilgan alifboda ish yuritishini qatʼiy qilib qoʻyishni rejalashtiryapmiz.
Albatta, fuqarolar oʻzlarining erkin yozishmalarida oʻzlari oʻrgangan alifbolardan foydalanishi mumkin, lekin rasmiy ish yuritish, rasmiy OAVda toʻliq oʻtishni kun tartibiga qoʻyamiz”.
Qonun Senatda bir ovozdan maʼqullandi – qarshilar va betaraflar boʻlmadi. Endi hujjatni prezident ham imzolagan taqdirda, u rasman eʼlon qilinganidan keyin 6 oy oʻtib kuchga kiradi.
“Hozirgi siyosatni tushunmaydigan rahbarlar ishdan ketadi”
Ijtimoiy reyestrdagi fuqarolarni reyestrdan majburan chiqarish holatlari yana kuzatilmoqda. Bundan tashqari, ayrim hududlarda xodimlar ish vaqtidan tashqari ishlashga, hatto dam olish kunlarida ham turli topshiriqlarni bajarishga majburlanayotgani aytilyapti. Bu haqda maʼlum qilgan Mehnat inspeksiyasi majburiy mehnat taqiqlanganini eslatdi; shuningdek, vatandoshni ijtimoiy reyestrdan asossiz chiqarib yuborish uni kafolatlangan ijtimoiy himoyadan mahrum qilishini bildirdi.
“Hech qanday topshiriq xodimning mehnat huquqlarini yoki fuqaroning ijtimoiy himoya huquqlarini cheklash uchun asos boʻla olmaydi. Murojaatlar oʻrganilib, holatlar tasdiqlangan taqdirda, aybdor mansabdor shaxslarga nisbatan qonunchilikda belgilangan choralar koʻriladi”, – deyiladi Bandlik vazirligi bayonotida.
Shu bayonot yangragan kuni Mahallalar uyushmasi raisi Qahramon Quronboyev lavozimidan olingani maʼlum boʻldi. Shundan keyin Oʻzbekiston Respublikasi bosh vaziri oʻrinbosari – Mahallalar uyushmasi raisi lavozimi joriy etilib, unga Gʻofurjon Mirzayev tayinlandi. Mirzayev shu paytgacha egallab kelgan prezidentning kadrlar boʻyicha maslahatchisi lavozimi esa tugatildi. Mirzayevning Administratsiyadagi oʻrinbosari, sobiq ichki ishlar vaziri Poʻlat Bobojonov endi Mahallalar uyushmasida unga oʻrinbosar sifatida faoliyatini davom ettiradi.

Mazkur kadr oʻzgarishlari – kambagʻallikni qisqartirish boʻyicha yangi, kuchaytirilgan choralar fonida roʻy bermoqda. Oʻtgan hafta eʼlon qilingan yangi tizimga asosan, “mahalla yettiligi” uchun masʼul rahbarlar, hokimlari va banklar kuchaytirilgan ish rejimiga oʻtgan. Ularning ishini Gʻofurjon Mirzayev muvofiqlashtirib boradi. Shuningdek, kambagʻallik va bandlik masalalari boʻyicha mahalliy shtablar tashkil etilib, oilaviy tadbirkorlik va yoshlar tadbirkorligi boʻyicha imtiyozli kredit resurslarini boshqarish vakolati shtab boshliqlari boʻlmish hokimlarga oʻtkazildi. Bu tizimning amaldagi ifodasini birinchilardan boʻlib Andijon viloyati hokimi Shuhrat Abdurahmonov koʻrsatib berdi:
“Hurmatli prezidentimiz aytdi: "Tadbirkorlik qilaman deyotganlarga [kreditni] xohlasa naqd koʻrinishda qilib beringlar, xohlasa plastigiga solib beringlar, xohlasa “perechisleniye” qilib beringlar" deb. Bundan buyogʻiga tadbirkor boʻlaman deganga kredit berilishiga, biznesining yurishiga, loyihasining natijasiga hokimlar javob beradi, degan vazifani yuklatgan edi. Bugun, mana, Andijonda birinchi qaldirgʻoch Zulxumor qizimizga 50 mln soʻm kreditni naqd pulda qilib beryapmiz”.
Chorshanba kuni prezident huzuridagi yigʻilishda kambagʻallikni qisqartirish boʻyicha qoʻshimcha choralar eʼlon qilindi. Xususan, koʻp qavatli uylarning 1-qavatida sartaroshxona, goʻzallik saloni, kichik doʻkon, atelye kabi savdo-servis faoliyatini tashkil etish uchun xonadonni noturar joy toifasiga oʻtkazish shart boʻlmaydi. Shavkat Mirziyoyev shu va boshqa vazifalarni belgilab berarkan, aholi daromadini oshirishga masʼullarning faoliyatiga yil oxirida baho berilishini aytdi.
“Yana bir marta ogohlantirmoqchiman: qaysi rahbar mahallaga tushmasa, haqiqiy holatni oʻz koʻzi bilan koʻrmasa, “yettilik”ka oʻzi bosh boʻlib, kim nima bilan shugʻullanishini koʻrsatib bermasa, ish yurmaydi. Hozirgi siyosatni tushunmaydigan rahbarlar ishdan albatta ketadi”, – dedi davlat rahbari.

Yigʻilishda hukumat aʼzolari va hokimlar oʻtgan haftadan boshlangan yangi tizim doirasida nimalar qilayotgani haqida hisobot berdi. Masalan, Andijon viloyati hokimi Shuhrat Abdurahmonov 6 kun ichida 18 269 ta oilada 14 382 ta muammo aniqlanganini aytdi:
“Biz topshiriq bergan kuningizoq kechasi bilan oʻtirib shtablarni tuzdik. Har bitta shahar-tumanda 8 tadan ishchi guruh qildim, hurmatli prezident. [...] Men sizga vaʼda berganman, 20 kunda qoʻlimda 100 foiz kartina boʻladi: Andijonda kim ishsiz, nima xohlayapti, kimni oʻqitishim kerak, kimga kredit berishim kerak, kimga yer berishim kerak. [...] Albatta, siz aytgandek, kamroq uxlaymiz, koʻproq yuramiz. Xudo xohlasa, yuzimiz yorugʻ boʻladi deb sizni ishontiraman, hurmatli prezident”.
Namangan, Qashqadaryo va Buxoro viloyatlari hokimlari oʻz hududini yil oxirigacha kambagʻallik va ishsizlikdan xoli hududga aylantirishga yana bir bor vaʼda berishdi.
“Kambagʻallik va ishsizlikdan xoli hududga aylantirish boʻyicha imkoniyatimiz bor – buni bajarishni taʼminlaymiz. Tuman hokimlarimning hammasini oʻzingiz yoshlarni qoʻyib bergansiz, hammasini ishlataman, hurmatli prezident. Masala boʻlmaydi, hammasi ishlaydi”, – dedi Namangan viloyati hokimi Shavkat Abdurazzoqov.
“Har bir mahallani auditdan oʻtkazyapmiz. Topshiriqqa koʻra, har biri bilan ishlab, manzilli ishni tashkil qildik. [...] Qashqadaryo viloyati boʻyicha resursimiz juda katta, agar biz ishlarimizni tizimli yoʻlga qoʻysak, muhtaram prezident, oldinam vaʼda beruvdik, Qashqadaryoni kambagʻallikdan va ishsizlikdan xoli hudud qilishga imkoniyatimiz ham, sharoitimiz ham yetadi, hurmatli prezident”, – dedi Qashqadaryo viloyati hokimi Murodjon Azimov.
“Buxoro viloyatida kambagʻallik va ishsizlikni davlat qaramogʻidan tashqari boʻlgan aholi qismi boʻyicha toʻliq tugatish boʻyicha zimmamizga majburiyat olganmiz. Joriy yil yakuni boʻyicha belgilangan vazifalar toʻliq bajariladi”, – dedi Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripov.
“Soliq yukini oshirmaslik boʻyicha topshiriq berilgan”

Toshkent shahrida tajriba tariqasida oʻtkazilgan koʻchmas mulkni ommaviy baholashning dastlabki natijalari jamoatchilik muhokamasiga qoʻyildi. Mulkdorlar baholash natijasi bilan MyGov portalidagi tegishli xizmat orqali tanishishi va rozi yoki norozi ekanini bildirishi mumkin.
Baholash metodikasiga asosan, mulkdorlar hukmiga havola qilingan qiymatlar bozor bahosidan 30 foizgacha pastligi aytilyapti. Mulkdor uyining davlat tomonidan baholangan qiymatini maʼqullasa, “roziman” tugmasini bosadi. Agar baholangan qiymatni notoʻgʻri deb hisoblasa, yoki baholash hisobotida texnik xatolarni koʻrsa, eʼtiroz bildirishi mumkin.
Rasmiylarga koʻra, mulkdorning baholash natijasiga rozi yoki norozi ekanini bildirishi hozirda hech qanday yuridik oqibatga ega emas. Koʻrsatilgan qiymat yuridik kuchga kirgandan keyin ham, mulkdor unga eʼtiroz bildirish huquqini saqlab qoladi.
Maʼlumki, mol-mulk soligʻi mulkning kadastr qiymatidan kelib chiqib hisoblanadi. Ommaviy baholashda hisoblangan qiymatlar esa, kadastr qiymatlaridan karrasiga yuqori. Shu sababli odamlarda mulk soligʻi keskin oshishi ehtimoli boʻyicha xavotirlar paydo boʻldi. Rasmiylar hozircha buni rad etyapti.
Fiskal tahlillar instituti direktori oʻrinbosari Dilshod Sultonovning aytishicha, ommaviy baholash natijasida koʻchmas mulkning qiymati oshgani – soliq yukining avtomatik ravishda shuncha miqdorda oshishini anglatmaydi. Uning soʻzlariga koʻra, soliq yukini oshirmaslik boʻyicha topshiriq berilgan. Shu sababli hozir asosiy vazifa – yangi qiymatlar bazasini shakllantirish, metodikani sinovdan oʻtkazish va keyinchalik soliq stavkalarini belgilash masalasini koʻrib chiqishdan iborat.
Agar poytaxtda tajriba tariqasida oʻtkazilgan bu ommaviy baholash natijalari va unda qoʻllangan metodika toʻgʻri deb topilsa, keyinchalik bu tizim viloyat markazlarida ham joriy etiladi.
Oʻzbekiston va Serbiya – strategik sheriklar

Oʻzbekiston Yevropadagi yana bir mamlakat bilan munosabatlarini strategik sheriklik darajasiga olib chiqdi. Prezident Shavkat Mirziyoyevning Serbiyaga davlat tashrifida ikki davlat rahbarlari Strategik sheriklik munosabatlarini oʻrnatish toʻgʻrisida qoʻshma deklaratsiya imzoladi. Prezident Aleksandr Vuchich oʻzbekistonlik hamkasbini oliy davlat mukofoti – Katta zanjirli Serbiya Respublikasi ordeni bilan taqdirladi; Belgrad shahri koʻchalaridan biriga Toshkent nomi berilgani ham oʻzaro doʻstlikning yana bir ifodasi boʻldi. Belgradda Oʻzbekiston diplomatik vakolatxonasi ochilishi, Toshkentda esa Serbiya elchixonasi faoliyat boshlashi, ikki davlat poytaxtlarini toʻgʻridan toʻgʻri aviaqatnov bilan bogʻlash koʻzda tutilgan.
Prezidentlar huzurida 20 ta hujjat imzolandi: erkin savdo toʻgʻrisidagi bitim ustida muzokara boshlash, mehnat migratsiyasi boʻyicha hamkorlikni yoʻlga qoʻyish, yuk tashuvlarini soddalashtirish va Oʻrta yoʻlakni qoʻllab-quvvatlash kabi kelishuvlar shular jumlasidan. Shavkat Mirziyoyev Serbiya kompaniyalariga Oʻzbekistonda sanoat va qishloq xoʻjaligi boʻyicha qoʻshma loyihalarni amalga oshirishni taklif qildi. Oʻz navbatida, “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ Serbiya temiryoʻllarini modernizatsiya qilish doirasida 200 km masofada temiryoʻl liniyasini qurishi ustida muzokara olib borilyapti.
Aleksandr Vuchichning aytishicha, hamkorlikning yana bir yoʻnalishi – mudofaa sohasi boʻlishi mumkin. Uning soʻzlariga koʻra, Serbiya taxminan bir yildan keyin uzoq masofali ballistik raketalar ishlab chiqarishni boshlaydi. “Biz oʻzbekistonlik doʻstlarimiz bilan bu yoʻnalishda hamkorlik qilishga tayyormiz”, dedi Serbiya prezidenti. Qayd etish kerak, Serbiyaning qurol-yarogʻ va harbiy texnika eksporti 2020-yildagi 384 mln dollardan 2023-yilda 1,6 mlrd dollarga yetgan.
Vuchich Oʻzbekiston–Serbiya biznes-forumidagi nutqida Shavkat Mirziyoyev bilan tet-a-tet formatdagi suhbatidan yana bir detalni ochiqladi: maʼlum boʻlishicha, Oʻzbekistondagi ikkinchi AES Xitoy bilan hamkorlikda qurilishi reja qilingan.
“Bugun ertalab tet-a-tet muloqotimizda prezident Mirziyoyevdan soʻradim va u menga shunday dedi: “Bitta atom stansiyasini ruslar bilan, ikkinchi stansiyani xitoyliklar bilan quryapmiz, lekin menga bu yetarli emas. Buni tugatmasimdan yana qurishni boshlayman, ishlashda davom etaman”, – deya oʻzbekistonlik hamkasbidan iqtibos keltirdi Serbiya prezidenti.
Aleksandr Vuchichga koʻra, Oʻzbekiston kelajakda elektr energiyasiga talab oshib borishini oldindan koʻra bilib, energetika quvvatlarini oshirib boryapti. Shavkat Mirziyoyev kelajakda data-markazlar, sunʼiy intellekt, innovatsiyalar va elektromobillar uchun ancha koʻp elektr energiyasi kerak boʻlishini hisobga olyapti, dedi Vuchich.
Eslatib oʻtamiz, Oʻzbekistonda ikkinchi AESni ham qurish boʻyicha “katta tayyorgarlik” ketayotgani oʻtgan oyda eʼlon qilingan, lekin mahalliy rasmiylar hamkor-davlat nomini hali ochiqlamagan edi.
Bu hafta yana nimalar roʻy berdi?

Yangi tezyurar poyezd Toshkentdan Andijongacha masofa vaqtini sezilarli qisqartirdi. 10-sentabrdan eʼtiboran Toshkent–Andijon–Toshkent yoʻnalishida Xitoydan keltirilgan CRRC-Daliyan elektropoyezdi qatnay boshladi: bu bilan oradagi masofa 6-7 soatdan 4 soat-u 15 daqiqachaga qisqardi. Xuddi shu rusumdagi poyezdning ikkinchisi 9-sentabrdan boshlab Xiva–Buxoro–Xiva yoʻnalishida qatnay boshladi. Bundan tashqari, 7-sentabrdan Parkent–Toshkent–Parkent yoʻnalishida Rossiyadan xarid qilingan yangi elektropoyezd qatnovi yoʻlga qoʻyildi.
Xususiylashtirish boʻyicha yangi dastur tasdiqlandi. Prezident farmoniga koʻra, yil oxirigacha umumiy qiymati 100 trln soʻmga yaqin aktivlar sotuvga chiqarilishi, shundan kamida 14 trln soʻmlik tushum taʼminlanishi kerak. Dastur 84 ta korxona, 1200 dan ortiq koʻchmas mulk va 8 ming gektarlik yer uchastkalarini qamrab oladi. Boshlangʻich toʻlov hajmi 30 foizdan 15 foizga tushirildi; yirik aktivlarni chegirmali narxda va boʻlib toʻlash boʻyicha yangi imkoniyatlar belgilandi. Eʼtiborlisi, sotuvlar roʻyxatida avvalroq sotib boʻlingan Humo Air ham bor – maʼlum boʻlishicha, bu aviakompaniyani xususiylashtirish boʻyicha 2022-yildagi bitim bekor qilingan.
Yoʻl-patrul va post-patrul xizmatlari bir-biri bilan vakolatlarini boʻlishyapti. Prezident qarori bilan, ichki ishlar organlari tuzilmalarida “har xil vazifalar – yagona vakolat” tamoyili oʻrnatilyapti. Bunda, masalan, yoʻldagi tirbandlikni bartaraf etish yoki ayrim turdagi yoʻl harakati qoidabuzarliklari uchun chora koʻrish bilan PPX xodimlari ham shugʻullanishi mumkin. YPX xodimlari esa, aksincha, mahalla osoyishtaligini taʼminlashda ishtirok etadi; belgilanmagan joyga chiqindi tashlagan yoki jamoat joyida alkogol ichgan shaxslarga maʼmuriy jazo qoʻllay oladi. Shuningdek, ommaviy tadbirlarda jamoat tartibini buzgan shaxslarning kelgusi ommaviy tadbirlarga kirishini vaqtincha cheklash ham koʻzda tutilgan.














