Fargʻona viloyati Soʻx tumanida 5-sinf oʻquvchisi koʻchada avtomobil haydayotgani aks etgan video ijtimoiy tarmoqlarda tarqaldi.

Viloyat IIB Yoʻl harakati xavfsizligi boshqarmasi mazkur video yuzasidan oʻrganish ishlari olib bordi. Maʼlum boʻlishicha, ushbu transport vositasini Soʻx tumanidagi 11-sonli umumtaʼlim maktabining 5-sinf oʻquvchisi boshqargani aniqlangan. Tracker uning otasiga tegishli boʻlgan. Transport vositasi otasi ishtirokida jarima maydonchasiga qoʻyilgan.

Holat yuzasidan voyaga yetmagan bolaning otasiga nisbatan Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 47-moddasi (Bolalarni tarbiyalash va ularga taʼlim berish borasidagi majburiyatlarni bajarmaslik) hamda 135-moddasi (Yoʻl harakati qoidalarida nazarda tutilgan hujjatlari boʻlmagan shaxslarning transport vositalarini boshqarishi) 2-qismi bilan maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirilgan.

135-moddaning 2-qismiga koʻra, BHMning 5 baravari (2,2 mln soʻm), 47-modda boʻyicha esa BHMning 1−5 baravari (440 ming soʻmdan 2,2 mln soʻmgacha) miqdorida jarima belgilangan. Yaʼni, ota endi farzandining ushbu qilmishi uchun 2 mln 640 ming soʻmdan 4 mln 400 ming soʻmgacha jarima toʻlashi mumkin. U bilan profilaktik suhbat ham oʻtkazilgan.

YHXB ota-onalarni voyaga yetmagan farzandlari avtomobil boshqarishiga yoʻl qoʻymaslikka chaqirgan.