Farğonada 100 nafardan ortiq bolaning ommaviy zaharlanişiga oid jinoyat işi yuzasidan 4 kişi jinoiy jazoga tortildi. Kun.uz sud hujjati bilan tanişdi.

Jinoyat işi doirasida Farğona va Quvasoy şaharlaridagi davlat boğçalariga keytering asosida ovqat yetkazib beriş bilan şuğullangan “Garden catering trade” MÇJning rahbari, direktori, texnologi va hisobçisi sudlangan. Ular bolalarning ommaviy zaharlanişiga sabab bölgan qilmişdan taşqari öğrilik, özlaştiriş yoki rastrata yöli bilan talon-toroj qiliş, hujjatlarni qalbakilaştiriş kabi jinoyatlarni sodir etişda ham aybli deb topilgan.

Ayblov

Sud hukmida keltirilişiça, “Garden catering trade” MÇJ mansabdorlari kunlik tuzilgan taomnomalarda bola sonini asossiz sunʼiy köpaytirib körsatib, bu haqida soxta hisobotlar şakllantirgan holda tölovga taqdim etiş orqali 330,8 mln söm byudjet mablağlarini özlaştiriş yöli bilan talon-toroj qilgan.

Şuningdek, ular tarbiyalanuvçilar belgilangan meyor böyiça isteʼmol qilişi kerak bölgan 79 mln 853 ming sömlik 1 270 kg sariyoğ, 183,5 mln sömlik 2 447 kg göşt mahsulotlari göyoki bolalarga töliq berilgani haqida soxta maʼlumotlar kiritgan. Söngra jami 263 mln sömni tölovga taqdim etib, 594 mln söm byudjet mablağini özlaştiriş yöli bilan talon-toroj qilgan.

MÇJ tomonidan 35 mln sömlik elektr energiyasi ham yaşirin ravişda talon-toroj qilinib, Quvasoy şahar elektr taʼminoti korxonasi manfaatlariga 105,8 mln söm zarar yetkazilgan.

Bundan taşqari, MÇJ tayyor birinçi va ikkinçi taomlarning plitada saqlaniş vaqti 2 soatdan oşmasligi hamda taomlar qayta isitişga etilmasligi kabi majburiyatlarni bajarmasdan, 2026-yil 20-fevralda Farğona şahridagi boğçalarga sifatsiz göştli dölma ovqatini yetkazib bergan. Buning oqibatida 2026-yil 21-fevral kuni 105 nafar boğça bolasi ommaviy zaharlangan.

Qolaversa, MÇJ mansabdorlari Quvasoy şahar maktabgaça va maktab taʼlim bölimiga qaraşli 22 ta boğçaga 2025-yil iyulda tuzilgan taomnomalarda 30 foizgaça bölgan ustama mablağlarini ortiqça kiritib, bu haqida soxta hisobotlar tuzgan va tölovga taqdim etgan. Buning ortidan 171 mln söm byudjet mablağlarini özlaştiriş yöli bilan talon-toroj qilişgan.

Şuningdek, 2025-yil avgust oyida Marğilon, Quvasoy, Farğona şaharlari hamda Farğona va Quva tumanlaridagi 35 ta boğçaga yetkazib berilgan 53,4 mln sömlik tayyor ovqat mahsulotlari isteʼmolga yaroqsiz, deb topilib, jamiyatga qaytarib yuborilgan. Biroq uşbu mahsulotlar tarbiyalanuvçilarga yetkazib berilgani haqidagi soxta hisobotlar tuzilib, tölovga taqdim etilgan.