Kun.uz jamiyat, adabiyot, xususan, o‘zbek adabiyoti masalalariga bag‘ishlangan turkum suhbatlar loyihasini davom ettiradi. Loyihamizning navbatdagi mehmoni taniqli jurnalist, yozuvchi, filologiya fanlari doktori Xurshid Do‘stmuhammad bo‘ldi. Yozuvchi bilan suhbat adabiyot, ijod, o‘zbek jurnalistikasidagi muammolar, jamiyat illatlari borasida kechdi.
Video: Mover (tas-ix)
https://mover.uz/video/embed/0QIoMdDm/
Video: Youtube
— Sizni XXI asr o‘zbek romanchiligini boshlab bergan yozuvchilardan biri deyishimiz mumkin. Har holda «Bozor» nomli asaringiz 2000 yilda yozilgan. Ushbu romanda insonlar hayotini bepoyon bozor sifatida ta'riflagansiz. Unda chuqur ma'noli ramzlar-u ishoralar, tushunilishi qiyin bo‘lgan timsollar juda ko‘p. «Bozor»ni yozishda realistik tasvirga ko‘proq amal qilganingizda u bundan ham ommaboplikka erishmasmidi? Ya'ni, ramz va ishoralar ko‘payib ketgani uning yanayam muvaffaqiyat qozonishini biroz to‘sib qolmaganmi? Nega ramz va timsollar siz uchun realistik tasvirlardan ko‘ra ustunroq turadi?
— Asarni XXI asrning birinchi romani emas, XX asrning oxirgi romani desak to‘g‘riroq bo‘lardi, nazarimda. Badiiy asarda ramz, timsol tashbeh, metafora degan tushunchalar bor. Shulardan kelib chiqadigan bo‘lsak, badiiy tafakkurning bosh shartlaridan biri timsol, ramz, tashbeh va metaforadir.
Jahon nasrini olasizmi, she'riyatnimi, o‘zimizning nasrda bo‘ladimi ishoralar va timsollar bilan gapirish shakllangan. Ko‘z ko‘rib, quloq eshitganini yozish bu realizm emas, o‘sha tashbehlar fikr, tasavvurdagi voqelikning in'ikosi. Qolaversa, savolga javob tariqasida aytamanki, men ko‘z ko‘rib, quloq eshitgan narsani aynan yozishni xush ko‘rmayman. Real voqelikni ko‘rsam bu xayolga undashi kerak, xayolda yozsam u reallikka undashi kerak. Men nimanidir sizga og‘iz to‘ldirib gapirish orqali ham va yoki bitta ishora bilan ham aytishim mumkin.
«Bozor» ommabop bo‘ldi dedingiz, u qadar ommabop bo‘lgani yo‘q. Bizning kitobxonlarimiz bundagi ramzlarni hali to‘liq tushunadigan darajada deb o‘ylamayman. Undagi ramzlarni nisbatan ilg‘ab yetadigan, tushunadiganlar ma'naviy ozuqa olishi mumkin. Nachora, balki asarni ommalashishi nuqtai nazaridan siz aytgan uslubni qo‘llash mening qarashlarimga, aqidalarimga to‘g‘ri kelmaydi.








