Qolaversa, milliy mentalitet, ma'naviyat, millat ruhiyati va madaniyati kabi jihatlarning demokratik qadriyatlarni o‘zlashtirish uchun to‘la tayyor emasligi ham o‘tish davri islohotlariga salbiy ta'sir etmoqda.

Xo‘sh, jamiyatimizning bu muammolari yechilishi uchun u qanday tizimlashtirilishi, kasalliklarni davolash dastlab qaysi sohalardan boshlanishi kerak?

Kun.uz taniqli jurnalist, yozuvchi, filologiya fanlari doktori Xurshid Do‘stmuhammad bilan ayni shu mavzuda suhbat uyushtirdi.

«Savollar ko‘p, javob yo‘q» – o‘zbek jamiyati muammolari haqida Xurshid Do‘stmuhammad bilan suhbat

— Bugun o‘zbek jamiyatidagi korrupsiya illati o‘zidan boshqa yana yuzlab muammolarga doya bo‘lyapti. Fikringizcha, bu illatga qarshi qanday choralar yetarli samara beradi?

— O‘zbek jamiyatida korrupsiya va poraxo‘rlikning ildizi juda chuqur.

Xo‘sh bunga qarshi nima qilish kerak? Odamlari korrupsiya va poraxo‘rlik orqasidan keladigan daromadga qarab qolmagan jamiyat qurish kerak. Bu shunday jamiyat bo‘lsinki, unda kishilar poraga, korrupsiyaga muhtoj bo‘lmasin. Korrupsiya gunoh, degan tushuncha odamlarning qon-qoniga singib ketgan bo‘lsin.

Kun.uz saytining shu mavzuda ziyolilar bilan qilayotgan suhbatlarini sinchiklab o‘qidim. Shundan keyin Akmal Burhonovning bu fikrlarga javoban bergan intervyusini ham ko‘rdim. Rosti, savollarga yetarli javob ololmadim.

Akmal Burhonov poraxo‘rlar javobgarlikka tortilyapti, dedi, lekin bundan jamoatchilik bexabar-ku.

Yuqori darajadagi korrupsionerlar halqning ko‘z o‘ngida jazolanishi kerak. Odamlar bilsin, jinoyatga jazo borligini. Agar shunday qilinsa, ko‘rasiz, albatta, o‘zgarish bo‘ladi.

Albatta, bu ham yagona yechim emas, boshqa choralarini ham ko‘rish kerak. Masalan, diniy ulamolar yoshlarga diniy tarbiya beraylik, deyapti. To‘g‘ri. Chunki, diniy tarbiya korrupsiyaga qarshi kurashdan tashqari, shuningdek, o‘zlikni tarbiyalash degani ham. Bu eng katta omil. Bizning ishongan bog‘imiz, suyangan tog‘imiz.