Pedofilik moyillikni oldindan aniqlash mumkinmi? Bunday insonni tashqi koʻrinishi yoki xulqidan tanib olish mumkinmi? Bolalar bilan ishlaydigan odamlarni qanday tekshirish kerak? Eng muhimi, bolani xavfdan himoya qilish uchun unga nimani oʻrgatish lozim? Kun.uz klinik psixologlar Guli Toʻrayeva va Elchin Tolibov bilan shu mavzu atrofida suhbatlashdi.
Pedofillar bolalar koʻp joyni tanlashadi
Elchin Tolibovning taʼkidlashicha, pedofiliya xalqaro kasalliklar klassifikatsiyasida mavjud boʻlgan holatlardan biri. Pedofiliya har doim ham ochiq-oshkora namoyon boʻlmaydi. Shuning uchun insonda bunday moyillik bor-yoʻqligini tashqi xulq-atvorga qarab aniqlash oson emas. Amerika Psixiatrlar Assotsiatsiyasining ruhiy kasalliklar diagnostikasi va statistikasi qoʻllanmasida pedofiliyaga xos diagnostik mezonlar belgilangan. Unda shaxsning yoshi, bola bilan yosh farqi va boshqa omillar hisobga olinadi. Bunday holatni baholashda muayyan vaqt davomida kuzatiladigan moyillik va xulq-atvor ham inobatga olinadi.
«Aslida pedofilizmga moyil boʻlgan shaxslar birinchi navbatda oʻzini oʻsha muhitda koʻproq topishga harakat qilishadi. Masalan bolalar bor boʻlgan zonalar: maktab, bogʻcha, bolalar koʻp boʻlgan muhitlar topishga harakat qilishadi va aynan oʻsha yerga koʻproq faoliyat yuritishga moyil boʻlishadi. Birinchi mezonlardan biri hisoblanadi. Va aynan qoʻshimcha sifatida aytishimiz mumkin pedofilizmga moyil boʻlgan insonlar koʻpincha oʻsha aldamchilikka moyil, yoki boʻlmasam aynan boshqa xulq-atvor buzilishlari bilan koʻpincha birgalikda keladi.
Hozirgi paytgacha aynan oʻsha olimlar, tadqiqotlar pedofilizmning aniq bir sabablarini ochiqlab berish olmagan. Turli xildagi taxminlar bor. Aynan hattoki shunaqa bir nazariya ham borki oʻzi yoshligida jinsiy zoʻravonlikka uchragan insonlarda pedofilizmga moyillik xavfi yuqoriroq boʻlishi haqidagi tadqiqotlar ham mavjud hisoblanadi. Birinchi navbatda buni inobatga olishimiz kerak. Ikkinchidan bu haddan tashqari oʻsha zoʻravonlik muhitida yashash. Bu jinsiy boʻlishi mumkin, jismoniy zoʻravonlik boʻlishi mumkin. Mana shu zoʻravonlik muhitida yashash ham insonni aynan bolalarga nisbatan oʻsha pedofilizmga moyillikni kuchaytirishi mumkin», deydi u.
«Bogʻcha va maktabga ishga qabul qilinayotgan mutaxassislar uchun psixodiagnostika kerak»
Guli Toʻrayevaning fikricha, bolalar bilan ishlaydigan muassasalarda xavfning oldini olish uchun ishga qabul qilish jarayoniga chuqur klinik-psixologik baholashni kiritish masalasi koʻrib chiqilishi kerak.
“Bolalar boʻlgan bogʻchalar, maktablarga ishga olinayotgan har bir mutaxassis klinik psixologik diagnostikadan, tashxisdan oʻtkazilishi kerak. Bu yerda oʻsha insonlarning psixologik portreti aniqlab olinadi. Bizlar hech qachon «sen pedofilsan» yoki «sen shaxsiyatingda oʻzgarish bor» deb toʻgʻridan toʻgʻri hech kimga ayta olmaymiz. Lekin qabul qilinayotgan har bir mutaxassis agar mana shunaqa klinik psixologik tekshiruvlardan oʻtkaziladigan boʻlsa, ular orasidan xavf guruhlarini ajratib olish mumkin. Ayrim insonlar bor: ularning shaxsiyatida buzilish, depressiyaga moyilligi bor, qanaqadir zoʻravonlik olgan, oʻzining ruhiy ogʻir travmatik tajribalari boʻlgan insonlarni xavf guruhiga olib, bolalar bilan ishlashda ularni ishga olmaslik kerak boʻladi».










