Surxondaryo viloyati IIB YHXB inspektori pora olish jinoyatida ayblanib, ozodlikdan mahrum qilindi. Kun.uz sud hujjati bilan tanishdi.

Sud hukmiga koʻra, F.I. IIB tizimida 2006-yildan ishlagan. 2014-yil iyulda pora olish jinoyatiga ayblanib, 6 yilga ozodlikdan mahrum qilingan. Oliy sud jinoyat ishlari boʻyicha sudlov hayʼati kassatsiya instansiyasining 2022-yil 18-iyuldagi hukmi bilan 2014-yildagi sud hukmi bekor qilingan va oqlangan. Shundan soʻng IIB tizimiga ishga tiklangan hamda 2023-yil mayidan Surxondaryo viloyat IIB YHXB katta inspektori lavozimida ishlab kelgan.

F.I. Boysun tumanidagi muntazam YPX maskanida xizmat olib borgan. U Qumqoʻrgʻon tumanidagi ishlab chiqarish kooperatividan Qarshi shahridagi MChJga paxta ortib ketayotgan yuk mashinalarni maskandan oʻtkazmasdan, toʻxtatib qoʻygan. Fermer xoʻjalik rahbarlariga esa goʻyoki “Surxondaryo viloyat IIB YHXB boshligʻining paxta tolasi viloyat hududidan chiqib ketmasligi haqida burugʻi borligini” aytgan.

Xodim har biriga 100 ming soʻmdan pul berilsa, yuk mashinalarni YPX maskanidan toʻsiqlarsiz oʻtkazib yuborishini, aks holda ularni ortga qaytarishini bildirgan. U YPX maskanidan oʻtkazilgan paxta ortilgan yuk mashinalari hisobidan 2026-yil 20-fevralda 1,4 mln soʻm, 28-fevralda 1,5 mln soʻmni qoʻlga kiritgan. Shuningdek, 41 ta mashina uchun 4,1 mln soʻm berishni talab qilgan.

2-mart kuni huquqni muhofaza qiluvchi organlar hamkorligida tezkor tadbir oʻtkazilgan. Unda F.I. talab qilgan 4,1 mln soʻmdan 4 mln soʻmini olgan vaqtida ushlangan. 

F.I. qilgan ishidan pushaymonligini, qaramogʻida 5 nafar farzandi borligini, oilasida yolgʻiz boquvchi ekanini bildirib, suddan yengillik soʻragan. 

JIB Boysun tuman sudining hukmi bilan F.I. Jinoyat kodeksining 210-moddasi (pora olish) 2-qismi “v” bandida koʻrsatilgan jinoyatni sodir qilganlikda aybli deb topilgan. Unga 2 yil muddatga ichki ishlar organlarida ishlash huquqidan mahrum qilgan holda 5 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

Apellyatsiya sudi dastlabki sud hukmini oʻzgarishsiz qoldirgan.