Italiya va Belgiya oʻrtasidagi uchrashuvda ham yangi bosh murabbiylar debyut qildi, Manchini va van Bommel duelida niderlandiyalik mutaxassisning qoʻli baland keldi.
Kilian Mbappe va Zinedin Zidan. Foto: ReutersKilian Mbappe va Zinedin Zidan. Foto: Reuters
Juma oqshomida Millatlar ligasi guruhlarida 1-tur uchrashuvlari davom etdi.
Zinedin Zidan Fransiya milliy jamoasidagi faoliyatini xuddi Mishel Platini kabi boshladi: 1988-yildan buyon «uchranglilar» bosh murabbiylari debyuti turnir oʻyinlariga toʻgʻri kelmayotgandi. Fransiya milliy jamoasi ustozi Dembeleni milliy jamoada «toʻqqizlik» pozitsiyasida tushirib, barchani ajablantirdi. Ammo shu kuni mehmonlar hujum chizigʻidagi tajriba oʻzini oqladi deyish qiyin, jamoaning darvoza tomon yoʻllangan zarbasi faqat birinchi boʻlim oxiriga kelib roʻy berdi. 43-daqiqada hisob ochilishi mumkin edi, ammo Chaqir Olisening murakkab zarbasidan keyin yuqori burchakka kirib ketayotgan toʻpni barmoqlari uchi bilan qaytarib qoldi.
Ikkinchi boʻlim boshida esa fransuzlar darvozaboni Menyan ham superseyv ijro etishi talab etildi. U Yuksakning bosh bilan yoʻllagan zarbasidan keyin gazonga choʻpchigan holda kelgan toʻpni toʻsin yuqorisiga oʻtkazib yuborishga erishdi.
Bir necha daqiqa oʻtib fransuzlar kuchli pressing uyushtirishdi, toʻp olib qoʻyilgach Olise chap qanotdan jarima maydoniga kirib kelgan Mbappeni toʻp bilan taʼminladi. Kilian esa hech qanday qarshilikka uchramasdan darvozani ishgʻol etdi. Bu «Real» forvardining milliy jamoa sardori sifatida urgan 31-goli boʻldi va u Platinining bu boradagi rekordini takrorladi. Bundan tashqari, u yil boshidan buyon Fransiya uchun urgan gollari sonini 12 taga yetkazib, 2022-yilgi shaxsiy rekordini takrorladi. Ammo ushbu hujumchi koʻrsatkichlarini yaxshilay olmadi va jarohat olib, maydonni tark etishga majbur boʻldi. U golni nishonlash vaqtidayoq oqsoqlanayotgandi va bir necha daqiqa oʻtib chap tizzasini ushlagancha gazonga yotib oldi va oʻrnini Dezire Duega boʻshatib berdi.
Mavzuga oid
U shu tizzasidagi jarohat tufayli oʻtgan mavsumda ikki oydan oshiqroq vaqtni oʻtkazib yuborgandi.
Oʻyin oxirida esa turklar darvozaboni jarima maydoni tashqarisida qoʻl bilan oʻynagani uchun maydondan chetlatildi va Fransiya gʻalabali hisobni saqlab qoldi. Zidan Eme Jake davridan buyon (1994) «uchranglilar» boshqaruvidagi debyut oʻyinida gʻalaba qozongan ilk murabbiy boʻldi. Vinchenso Montellada esa vaziyat yomon: italiyalik mutaxassis soʻnggi toʻrt oʻyinidan uchtasida yutqazdi.
Keyingi turda Turkiya yana uyda Italiya bilan oʻynaydi, Fransiya esa Belgiya maydoniga safar qiladi. Turklar va fransuzlarning navbatdagi uchrashuvi noyabr oyi oxirida Parijda oʻtkazilishi rejalashtirilgan.
Roberto Manchini Italiya milliy jamoasi bosh murabbiyligiga qaytganidan keyingi ilk oʻyinida muvaffaqiyatsizlikka uchradi. Mark van Bommel esa oʻz debyutida belgiyalik muxlislarni xursand qildi.
Agar Donnarumma boʻlmaganida italyanlar yirik hisobda yutqazishi mumkin edi, lekin u ham birinchi boʻlim oʻrtalarida uch himoyachini chalgʻitib, zarba bergan Mika Godtsning zarbasi qarshisida hech narsa qila olmadi. «PSJ»ning 21 yoshli yarimhimoyachisi boʻlim oxirida dublni rasmiylashtirishi mumkin edi, ammo darvozabon bu safar qutqardi.
Italiyaliklar esa har ikki boʻlim boshida bittadan qulay vaziyatni yoʻqqa chiqardi: birinchi boʻlimda Franchesko Espozitoning zarbasidan keyin toʻp ustunga bordi, ikkinchi boʻlim startida esa Moyze Kinning zarbasidan keyin toʻp darvozabon Senne Lammensdan oʻtmadi.
69-daqiqada esa Dodi Lukebakio bemalol jarima maydoniga kirib kelib, olis burchakni aniq nishonga oldi va yakuniy hisobni oʻrnatdi.
Oʻyin oxiri Donnarumma va Romelu Lukaku oʻrtasidagi tortishuv bilan yodda qoldi, hakam ikki futbolchini ham sariq kartochka bilan jazoladi.
Keyingi turni Belgiya uyda Fransiyaga qarshi oʻtkazadi, Italiya Turkiyada mehmon boʻladi. Noyabr oʻrtalarida esa soʻnggi tur doirasida Belgiya oʻz maydonida italyanlarni qabul qiladi.
Gurjiston oʻz maydonida Shimoliy Irlandiyaga dramatik tarzda yutqazdi (0:1). Holbuki, ikkinchi boʻlim oʻrtalarida mezbonlar hisobda oldinga chiqib olishi mumkin boʻlgandi, ammo jamoa yetakchisi Xvicha Kvaratsxeliya penaltidan foydalana olmadi va toʻpni toʻgʻri darvozabon Pirs Charlz turgan joyga yoʻlladi. 90+9-daqiqada esa Shi Charlz Trey Hyumning qanotdan uzatmasidan keyin gʻalaba golini urdi.
Keyingi turni ikki jamoa ham uyda oʻtkazadi: Gurjiston – Ukraina, Shimoliy Irlandiya – Vengriya bilan oʻynaydi. 5-oktabr kuni toʻrtinchi tur doirasida shimoliy irlandiyaliklar va gruzinlar Belfastda yana toʻqnashadi.
Vengriya uyda Ukrainaga yutqazdi (0:1). Vengrlar birinchi boʻlimda kuchli bosim uyushtirishdi va ikki toʻp farqi bilan oldinga chiqib olishi mumkin edi: ammo Daniel Lukachning zarbasidan keyin toʻp toʻsinga bordi, Bendeguz Bolla darvozabon hududida turib toʻpni yuqoriga tepib yubordi. Ukrainlar esa Daniil Sikanning boshda yoʻllagan aniq zarbasi bilan javob qaytardi. Oʻyin oxirida maydonda toʻqnashuv roʻy berdi, toʻrt futbolchi sariq kartochka oldi, Aleksandr Nazarenko ikkinchi sariq tufayli maydonni erta tark etdi.
Ammo ukrainlar gʻalabali hisobni saqlab qolishdi.
Keyingi turda ikki jamoa ham safarda oʻynaydi: Ukraina – Gurjiston bilan, Vengriya – Shimoliy Irlandiyaga qarshi. Vengrlar va ukrainlar toʻrtinchi turda – 5-oktabr kuni yana oʻzaro toʻqnashadi.
Shvetsiya oʻz maydonida Ruminiya ustidan 2:1 hisobida gʻalaba qozondi. Mehmonlar oʻyinni faol boshlagandi, ammo hisobni qarshi hujumda Aleksander Isak ochdi. Ruminiya tezda muvozanatni tikladi: Dennis Man pressing qilib, toʻpni Viktor Lindelyofdan olib qoʻydi va oʻzi darvozani ishgʻol qildi. Ammo boʻlim yakunida shvedlar yana hisobda oldinga chiqib olishdi – Viktor Yokeresh qaytgan toʻpni darvozaga kiritib yubordi. Bu «Arsenal» hujumchisining joriy mavsumdagi ilk goli boʻldi.
Ikkinchi boʻlimda Elliot Strud mezbonlarning uchinchi golini urdi, ammo hujum davomida Isak toʻpni qoʻli bilan oʻynagani maʼlum boʻldi va supergol hisobga olinmadi. Shvedlar yakunda qatorasiga uchinchi marta ruminlardan ustun keldi – jamoalar Yevro-2020 saralashida ham ikki bor toʻqnash kelishgandi.
5-oktabr kuni toʻrtinchi turda Ruminiya va Shvetsiya yana bir bor uchrashadi.
Polsha oʻz uyida Bosniya va Hersegovina darvozasiga yoʻl topolmadi – oʻyinda golli vaziyatlar deyarli roʻy bermadi. Bosniyaliklar oʻyin oxirida burchak zarbasidan keyin gol urishgandi, ammo hujum vaqtida Xaris Tabakovich darvozabonga hujum qilgan deb topildi va gol inobatga olinmadi. Robert Levandovski shu kuni milliy jamoa safidagi 168-oʻyinini oʻtkazdi, ammo maydonni golsiz tark etdi.
Dushanba kuni polyaklar Shvetsiyaga safar qiladi, bosniyaliklar – Ruminiyaga. Polsha va Bosniyaning navbatdagi oʻzaro uchrashuvi 5-oktabr kuni boʻlib oʻtadi.
Armaniston uyda Latviyaga javobsiz ikki gol urib, gʻalaba qozondi: 31-daqiqada Georgiy Arutyunyan Eduard Spersyanning uzatmasini golga aylantirdi, 75-daqiqada 20 yoshli forvard Artur Garibyan yakuniy hisobni oʻrnatdi.
Ushbu jamoalar 15-noyabr kuni soʻnggi tur doirasida Rigada yana bir bor kuch sinashadi.
Chernogoriya Kipr bilan oʻyinda gʻalabani ilib ketdi. Tarkibda 36 yoshli Stevan Yovetich harakatlangan mezbonlar birinchi boʻlimda kuchli bosim uyushtirishdi, ammo gol ura olishmadi. Tanaffusdan keyin esa «Byornli» aʼzosi, Kipr safida ilk oʻyinini oʻtkazgan ingliz futbolchisi Markus Edvardsdan gol oʻtkazib yuborishdi.
Koʻp oʻtmay Nikola Krstovich penaltidan hisobni tenglashtirdi, 86-daqiqada esa uning assistidan keyin Milutin Osmayich gʻalaba golini urdi.
Keyingi turda chernogoriyaliklar Armanistonga safar qiladi, kiprliklar Latviyada mehmon boʻladi. Kipr va Chernogoriyaning navbatdagi oʻzaro uchrashuvi 15-noyabrga belgilangan.