00:28 / 24.01.2019
23177

Putin va Erdo‘g‘an nimalarni muhokama qilishdi

Foto: Aleksandr Nemenov / Reuters

Rossiya va Turkiya prezidentlari Vladimir Putin va Rajab Toyyib Erdo‘g‘anning Kremldagi uchrashuvi konstruktiv muhitda o‘tdi, unda Suriya mavzusi muhokama qilingan. Bu haqda uchrashuv yakunlariga ko‘ra Putin jurnalistlarga ma'lum qilgan. 

Putinning ta'kidlashicha, Moskva va Anqaraning pozitsiyasi qat'iydir: Suriya inqirozining BMT rezolyutsiyasiga muvofiq siyosiy-diplomatik negizdagi uzoq muddatli yechimiga erishish lozim. 

Uchrashuvda erishilgan kelishuvlardan biri yaqin orada Suriyadagi vaziyatni tartibga solish bo‘yicha Rossiya – Turkiya – Eron sammitini o‘tkazish bo‘ldi. Rossiya yetakchisining ta'kidlashicha, u Erdo‘g‘an bilan sammitni o‘tkazish joyi va o‘tkaziladigan ehtimoliy sanasi bo‘yicha kelishib olgan, faqat buni eronlik hamkorlar bilan muvofiqlashtirib olish qoldi. 

Uchrashuvda gap, shuningdek, AQShning Suriyadan qo‘shinlarni olib chiqish rejasi haqida borgan. Jumladan, Rossiya va Turkiya bu rejalar Suriyadagi vaziyatga qanday ta'sir qilishini muhokama qilishgan.  

“Agar bunday qadamlar, rejalar haqiqatan amalga oshirilsa, bu ijobiy qadam bo‘ladi, u Suriyaning kurd tuzilmalari nazoratidagi bu notinch hududida vaziyatni barqarorlashtirishga yordam beradi”, deb aytgan Putin. 

Shuningdek, uchrashuvda Idlib mavzusi atroflicha muhokama qilingan. Putinning ma'lum qilishicha, Idlibdagi vaziyatni barqarorlashtirish bo‘yicha qo‘shimcha maslahatlashuvlar o‘tkazilgan. 

Erdo‘g‘an, o‘z navbatida, Turkiya va Rossiyaning Idlib bo‘yicha hamkorligi davom ettirilishi, chunki “terrorchilikka qarshi kurash bir martalik aksiya hisoblanmasligini”, maqsad Suriyada tinchlik-totuvlikka erishish ekanini aytgan. 

Erdo‘g‘an Rossiya va Turkiyada Suriyada xavfsizlik hududini yaratish bo‘yicha hech qanday muammo yo‘qligini aytgan. “Rossiya bilan bu masalada hech qanday muammo yo‘q, bu hududlar “Frot qalqoni” va “Zaytun shoxi” operatsiyasi davomida qilingandek terrorchilik unsurlaridan tozalanadi”, deb aytgan Erdo‘g‘an.

Hozirda Erdo‘g‘an Moskvada tashrif bilan qolmoqda.

Mavzuga oid
Top