2020 yilda ta’lim sohasida amalga oshirilishi zarur bo‘lgan dolzarb masalalar, belgilangan maqsadli ko‘rsatkichlar va islohotlarni jadallashtirish bo‘yicha rejalashtirilgan ishlarning «yo‘l xaritasi» tasdiqlandi.
«Yo‘l xaritasi»da amalga oshirish belgilangan asosiy masalalar ichida Ta’lim sifatini oshirish, o‘quv dasturlari va adabiyotlarni takomillashtirish ham bor. Unga ko‘ra, darsliklar qayta ko‘rib chiqiladi, umumta’lim fanlariga mos xalqaro sertifikatlar reyestri shakllantiriladi, o‘zbek tili va matematika fanlari bo‘yicha maxsus imtihon metodikasi ishlab chiqiladi, umumta’lim muassasalari bitiruvchilarining yakuniy davlat attestatsiyasi hamda oliy ta’lim muassasalariga kirish imtihonlari unifikatsiya qilinishi ham mumkin.
Mazkur masala bo‘yicha amalga oshirilishi belgilangan barcha chora-tadbirlar quyidagilardan iborat:
1. Bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklarini xalqaro standartlarga moslashtirish.
2020 yil 15 yanvargacha:
- mazmun jihatdan bir-biriga yaqin mutaxassisliklarni birlashtirish;
- magistratura mutaxassisliklarini yiriklashtirish;
- ilmiy faoliyatni tor sohalar bo‘yicha amalga oshirish yuzasidan takliflarni ishlab chiqish bo‘yicha ishchi guruh tuzish.
2020 yil 1 aprelgacha:
- amaldagi oliy ta’lim yo‘nalishlari va mutaxassisliklari klassifikatorini xalqaro standartlarga moslash.
2. Professional ta’lim tizimini takomillashtirishda vazirlik va idoralarning Milliy kvalifikatsiya tizimini joriy etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarini jadallashtirish.
- 2020 yil yanvar oyida — iqtisodiyotning barcha tarmoqlari uchun Kvalifikatsion ramkalarni ishlab chiqish va tasdiqlash;
- 2020 yil 15 martgacha — milliy professional standartlarni ishlab chiqish va tasdiqlash;
- 2020 yil 1 iyungacha — milliy professional standartlarga muvofiq, boshlang‘ich, o‘rta va o‘rta maxsus professional ta’lim tizimi uchun ta’lim dasturlarini ishlab chiqish va tasdiqlash.
3. Fan dasturlarining mazmun-mohiyati, mavzularning mantiqiy ketma-ketligi va uzviyligini ta’minlash hamda o‘quvchi va talabalarda shakllanishi zarur bo‘ladigan bilim va ko‘nikmalar darajasini aniq belgilash.
















