12:53 / 21.02.2020
0
32444

Chirchiq shahriga yangi hokim tayinlandi 

Qahramon Rashidov Chirchiq shahar hokimi lavozimidan ozod etilib, uning o‘rnini Sanjar Yusupov egalladi.

Foto: Toshkent viloyati hokimligi

Xalq deputatlari Chirchiq shahri Kengashining navbatdan tashqari uchinchi sessiyasi bo‘lib o‘tdi.

Rustam Xolmatov / Toshkent viloyati hokimligi

Sessiyada tashkiliy masala ko‘rilib, kun tartibidagi masala bo‘yicha viloyat hokimi Rustam Xolmatov tanqidiy-tahliliy nutq so‘zladi. Viloyat rahbari o‘z so‘zida shaharda bugun to‘planib qolgan muammolar, ularni bartaraf etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarga tanqidiy baho berdi. 

Rustam Xolmatov / Toshkent viloyati hokimligi

«Chirchiq - sanoat shahri, ammo oxirgi ikki yilda hududda sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi sezilarli ravishda kamaygan», deya hokimning so‘zlarini keltirmoqda viloyat hokimligi matbuot xizmati.

Yig‘ilishda, shuningdek, shaharda bugun kommunal sohada yig‘ilib qolgan muammolar, aholi, birinchi navbatda, yoshlar bandligini ta'minlash bo‘yicha qilingan ishlar tahlil qilindi.
 
Muhokamalardan so‘ng, Qahramon Botirovich Rashidovni Chirchiq shahar hokimi vazifasidan ozod etish to‘g‘risidagi viloyat hokimining qarori Xalq deputatlari shahar kengashi deputatlari tomonidan tasdiqlandi.

  • Qahramon Rashidov Chirchiq shahriga 2017 yil aprelidan buyon rahbarlik qilib kelayotgandi.

Rustam Xolmatov Chirchiq shahar hokimi lavozimiga Sanjar Mirtoirovich Yusupov nomzodini tasviya qildi va nomzod Chirchiq shahar hokimi vazifasini bajaruvchi lavozimiga tasdiqlandi. 

Sanjar Yusupov / Toshkent viloyati hokimligi

Sanjar Yusupov mehnat faoliyati davomida «Toshkent traktor zavodi» OAJ, «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJda mas'ul vazifalarda faoliyat olib borgan.

U 2018-2020 yillar davomida Toshkent viloyati hokimining kapital qurilish va kommunikatsiyalar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimida ishlab kelayotgan edi.

Bundan avvalroq Shuhrat Hakimov Toshkent viloyati hokimining kapital qurilish va kommunikatsiya masalalari bo‘yicha o‘rinbosari etib tayinlangani xabar qilingandi.

Shuningdek, viloyatning to‘rtta tumanida - Bo‘kaBekobodYangiyo‘l va Toshkent tumanlarida rahbarlar o‘zgargan, shuningdek, viloyat hokimiga uch nafar yangi o‘rinbosar tayinlangan.

Eslatib o‘tamiz, Chirchiq shahri 2019 yil yozida respublika bo‘ysunuvidagi shaharga aylangandi.

Mavzuga oid
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top