20:22 / 13.01.2021
35757
Prezident hamyonbop avtomashina va elektromobillar ishlab chiqarishga investitsiya kiritish zarurati haqida gapirdi

Mashinasozlik sanoatini rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqilgan yig‘ilishda mahalliylashtirishni kuchaytirishga urg‘u berilgan. O‘zbekiston avtosanoatiga kirib kelish istagini bildirayotgan ishlab chiqaruvchilarga bir xil sharoit qilib berish ko‘rsatma qilingan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 13 yanvar kuni mashinasozlik tarmog‘ini transformatsiya qilish va sohada raqobatni rivojlantirish masalalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi.

«Mazkur tarmoq mamlakatimiz iqtisodiyotining yetakchi yo‘nalishlaridan bo‘lib, sanoatdagi ulushi 11 foizni tashkil qiladi. Shu bilan birga, hisob-kitoblarga ko‘ra, ushbu sohada ishlab chiqarishni bir necha barobar oshirish imkoniyati bor.

Bugungi kunda bir qator kompaniyalar O‘zbekistonda ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish va investitsiyalar olib kirish istagini bildirmoqda.

Shu bois davlatimiz rahbari lokalizatsiya darajasidan kelib chiqib, ishlab chiqaruvchilar uchun bir xil sharoitlar joriy etish bo‘yicha ko‘rsatma berdi. Bunda, avtomobillarni sanoat usulida yig‘ish, yiliga 50-60 mingta hamyonbop avtomashina va elektromobillar ishlab chiqarishga investitsiya kiritish zarurligi ta'kidlandi», deyiladi prezident matbuot xizmati xabarida.

Joriy yilda Xorazmda kuzov detallarini tayyorlash korxonasi, Andijonda 4ta, Navoiy viloyatida 2ta mahalliylashtirish loyihalari ishga tushiriladi. Kooperatsiya platformasi doirasida 122ta xususiy korxona ishtirokida yana 80ta detal ishlab chiqarish mahalliylashtiriladi. 

«Mamlakatimizda barcha davlat korxonalarini isloh qilish dasturi amalga oshirilmoqda. Yig‘ilishda shu masalaga e'tibor qaratilib, xorijiy mutaxassislar ishtirokida «O‘zavtosanoat» faoliyatini transformatsiya qilish ofisini tashkil etish bo‘yicha topshiriq berildi. Ushbu jarayonlarda Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi yetakchi bo‘lib, ishlarni muvofiqlashtiradi.

1 iyulga qadar tarmoq tarkibidagi 40ta korxonani transformatsiya qilish boshlanadi. Tarmoqda raqobat muhitini rivojlantirish uchun kompaniya tarkibidagi ehtiyot va butlovchi qismlar ishlab chiqaradigan 23ta korxonani xususiylashtirishga tayyorlash lozimligi qayd etildi. «O‘zavtosanoat»ning asosiy faoliyatiga bog‘liq bo‘lmagan 14ta tashkilotdagi ulushlarini sotuvga chiqarish vazifasi yuklatildi», deyiladi xabarda.

Yig‘ilishda qishloq xo‘jaligi mashinasozligini isloh qilish masalasi ham atroflicha muhokama etildi. Tarmoqda iqtisodiy samaradorlikni oshirish, resurslardan oqilona foydalanish bo‘yicha vazifalar belgilangan.

Mutasaddilarga korxonalarning bo‘sh yer maydonlarini optimallashtirish, texnikalar tannarxini 30 foizgacha tushirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berilgan.

Hamyonbop texnikalar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish, shu yil yakunigacha ularning lokalizatsiyasini 30 foizga, kelgusi yilda esa kamida 45 foizga yetkazish vazifasi qo‘yilgan.

Yig‘ilishda belgilangan vazifalar yuzasidan mutasaddilar axborot berdi.

Top