12:08 / 26.03.2021
11036
O‘zbekistonda transport tizimini rivojlantirish uchun nimalar qilish kerak? Soha eksperti o‘z takliflarini bildirdi

Havo transportida bozor munosabatlari va raqobat muhiti sust darajada rivojlangan. Bundan tashqari, temir yo‘l transportida sohani o‘zgartirish, raqobatni rivojlantirish, transport samaradorligini oshirish bilan bog‘liq muammolar mavjud.

Transportning barqaror va samarali ishlashi iqtisodiy o‘sishning yuqori sur'atlari, mamlakat yaxlitligi, milliy xavfsizligini ta'minlash, aholining turmush darajasini yaxshilash va O‘zbekistonning jahon iqtisodiyotiga oqilona integratsiyalashuvi uchun zarur shartdir.

Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti loyiha rahbarining Kun.uz’ga bergan intervyusida transport sohasini rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlarga qaramay, haligacha bir qator hal qilinmagan muammolar mavjudligini ta'kidlab o‘tdi.

Mutaxassisning qayd etishicha, havo transportida bozor munosabatlari shakllari, mulkni o‘zgartirish mexanizmlari va raqobat muhitining sust rivojlanishi asosiy tizimli muammolar bo‘lib qolmoqda.

Xalqaro temir yo‘l tarmog‘ida tashish hajmi o‘sish sur'atlarining yetarli emasligi respublikaning transport va tranzit salohiyatidan to‘liq foydalanilmayotganidan dalolat beradi. Bundan tashqari, temir yo‘l transportida raqobatni rivojlantirish, transport samaradorligini oshirish va boshqalar bilan bog‘liq muammolar mavjud.

Mutaxassis 2022-2026 yillarda transport tizimida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ustuvor yo‘nalishlar sifatida quyidagilarni aytib o‘tdi:

  • tezyurar poyezdlarni qo‘shimcha sotib olish yo‘li bilan yo‘lovchilar aylanishini ko‘paytirish va mamlakat hududlari o‘rtasida tezyurar poyezdlar qatnovini rivojlantirish. Tezyurar poyezdlar harakatlanadigan ikkita yo‘lakli yo‘l o‘tkazgichlarni qurish uchun sarmoyalarni jalb qilish;
  • yo‘lovchilar tashishni yuk tashish daromadlaridan to‘g‘ridan to‘g‘ri subsidiyalashtirishni bosqichma-bosqich bekor qilish va davlat budjet hisobiga o‘tkazish;
  • yuk egalari va yo‘lovchilarga davlat-xususiy sheriklik asosida onlayn tarzda xizmatlar ko‘rsatish uchun zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini faol joriy etish;
  • O‘zbekistonning tranzit yo‘laklari chorrahasida jahon savdo zonasini tashkil etish;
  • normativ-huquqiy bazani takomillashtirish, davlatlararo standartlarni uyg‘unlashtirish bo‘yicha ishlarni davom ettirish va temir yo‘l transporti, infratuzilma obektlari sohasidagi muvofiqlikni tasdiqlash tizimida ishlash;
  • ilmiy-tadqiqot institutlarini yaratish, shu jumladan, ilmiy-tadqiqot va loyihalash ishlari hamda raqamli texnologiyalarni rivojlantirishda kadrlar tayyorlash, qayta tayyorlash ishlarini tashkil etish.

Mutaxassis ichki temir yo‘llarning raqobatbardoshligini oshirish va tranzit yuklarni muqobil temir yo‘ldan ichki temir yo‘lga yo‘naltirish uchun quyidagilar zarurligini ta'kidladi:

  • Afg‘oniston orqali Pokiston bilan, shuningdek, Qirg‘iziston orqali Xitoy bilan temir yo‘l aloqasini o‘rnatish;
  • G‘alaba (O‘zbekiston) va Peshovar stansiyalari o‘rtasida (Pokiston) logistika klasterlarini yaratish va Qashqar (Xitoy) va Andijon stansiyalari o‘rtasida (O‘zbekiston) intermodal tashishlarni tashkil etish lozim (temir yo‘l va avtomobil yo‘llari orqali). Bu esa ushbu yo‘nalishda ham yuk egalari, ham Afg‘oniston va Qirg‘iziston transport kompaniyalari tomonidan yuk tashishga qiziqish uyg‘otadi;
  • mavjud xalqaro avtomagistrallardan foydalanish va yuklarni Qashqar (Xitoy)dan Andijon (O‘zbekiston)gacha va Peshovar (Pokiston)dan G‘alaba (O‘zbekiston)gacha bo‘lgan xalqaro avtomobil yo‘llarida tashishni tashkil etish.

Mutaxassis tomonidan havo transporti sohasini yanada rivojlantirish bo‘yicha quyidagicha takliflar ilgari surildi:

  • parvozlar geografiyasini kengaytirish. Ham to‘g‘ridan to‘g‘ri, ham tranzit yo‘lovchilar tashishni rivojlantirish, shuningdek, barcha yo‘nalishlarda parvozlar intervalini izchil oshirish;
  • yo‘lovchilar tashish bozorida transport xizmatlarining yangi turlarini, marketing va tarif siyosatini joriy etish maqsadida axborot texnologiyalarini modernizatsiya qilish;
  • mavjud xalqaro intermodal logistika markazlaridan maksimal darajada foydalangan holda Yevropa va Osiyo o‘rtasida muntazam yuk tashish yo‘nalishlarini samarali tashkil etish.

Yo‘l qurilishi va avtomobil transporti sohasida xizmatlar ko‘rsatish sifatini yanada oshirish uchun quyidagilarni amalga oshirish tavsiya etiladi:

  • transport infratuzilmasi obektlarini loyihalashtirish, qurish va ekspluatatsiya qilish sohasida yo‘llarning tirbandligini kamaytirish bo‘yicha xalqaro tajribani o‘rganishni hisobga olgan holda yangi yondashuvlarni qo‘llash (yuqori tezlikdagi yo‘l o‘tkazgichlar, yer usti metrosi, ko‘priklar, tunnellar va boshqalar);
  • yo‘l-qurilish ishlari sifatini nazorat qilish va monitoring qilish tizimidan foydalangan holda xalqaro, mintaqaviy, davlat va mahalliy ahamiyatga ega bo‘lgan avtomobil yo‘llarini qurish va rekonstruksiya qilish uchun investitsiya mablag‘larini jalb qilish;
  • davlat va xususiy sheriklik asosida shaharlar va viloyat markazlarida avtostansiyalarni, shuningdek, yo‘l bo‘yidagi infratuzilma obektlarini qurish va rekonstruksiya qilish;
  • joriy yo‘l infratuzilmasiga yukni kamaytirish maqsadida muqobil pullik yo‘llar tarmog‘ini yaratish;
  • jamoat transportining favqulodda xizmat ko‘rsatish tizimlari bilan integratsiyalashgan holda onlayn rejimida amalga oshirilishini monitoring qilishning avtomatlashtirilgan tizimlarini joriy etish, shuningdek, jamoat transportida yo‘lovchilar to‘lovlarini amalga oshirish tizimlarini to‘laligicha raqamlashtirish.
Top