Ma’lum qilinishicha, Toshkent shahrida intellektual transport tizimini joriy etish bo‘yicha Germaniya mutaxassislari ishtirokida texnik topshiriq ishlab chiqilgan. Shuningdek, adaptiv svetoforlar va sun’iy intellekt asosida transport oqimini tahlil qilish yo‘nalishida xalqaro kompaniyalar bilan muzokaralar o‘tkazilgan. Shaharning transport master rejasi va makromodelini ishlab chiqish ishlarini joriy yil sentyabr oyi yakuniga qadar yakunlash rejalashtirilgan.

Hujjatda qayd etilishicha, xalqaro hamkorlik doirasida qiymati yuz millionlab dollarga teng bo‘lgan yo‘l o‘tkazgichlari, tonnellar, BRT yo‘laklari, ikki qavatli Toshkent halqa pulli avtomobil yo‘li hamda boshqa infratuzilma loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha ishlar davom etmoqda.

Shuningdek, tirbandlik yuqori bo‘lgan 271 ta chorrahada harakatni samarali tashkil etish choralari ko‘rilgan, qariyb 4 mingta zamonaviy svetofor o‘rnatilgan, minglab yangi yo‘l belgilari joylashtirilgan, 176 kilometr yo‘l chiziqlari chizilgan va 719 ming kvadrat metrdan ziyod asfalt qoplamasi joriy ta’mirlangan.

Jamoat transporti uchun 25 kilometrlik alohida harakat yo‘laklari loyihalashtirilgan, 220 ta avtobus bekati zamonaviy talablar asosida yangilangan. Shuningdek, piyodalar uchun qulay va to‘siqsiz muhit yaratish maqsadida yangi piyodalar o‘tish joylari tashkil etilmoqda, trotuarlar va svetoforlar taktil plitalar hamda ovozli signallar bilan jihozlanmoqda.

Kengash qarori bilan Toshkent shahar hokimining transport va yo‘l infratuzilmasi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari hisoboti ma’lumot uchun qabul qilinib, avtomobil yo‘llarini qurish, qayta qurish, ta’mirlash va saqlash ishlarining holati qoniqarli deb topildi. Shu bilan birga, transport infratuzilmasini yanada rivojlantirish, investitsiyalarni jalb qilish, raqamli boshqaruv tizimlarini joriy etish va jamoat transporti jozibadorligini oshirish bo‘yicha qator vazifalar belgilandi.