O‘zbekiston | 13:39 / 17.06.2022
13791
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda respublika tez tibbiy yordam markazi tashkil etilmoqda

Foto: Favqulodda vaziyatlar vazirligi

Prezident “Aholiga tez tibbiy yordam ko‘rsatish tizimini takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi.

Respublika tez tibbiy yordam markazi va uning 14 ta hududiy filiali tez tibbiy yordam xizmati hamda tibbiy avtoxo‘jaliklar negizida tashkil qilinmoqda va tez tibbiy yordam yagona vertikal boshqaruv tizimi yo‘lga qo‘yilmoqda.

Markaz Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri va viloyatlardagi tez tibbiy yordam faoliyatini respublika bo‘yicha muvofiqlashtiradi va nazorat qiladi.

Tez tibbiy yordam xizmati xodimlari hamda maxsus avtotransport vositalari (ehtiyot qismlar, yoqilg‘i-moylash materiallari va boshqalar), dori vositalari va sarflash materiallari, tibbiy jihozlar ta’minoti markaz hududiy filiallariga o‘tkaziladi.

Markaz va uning hududiy filiallarida situatsion muvofiqlashtiruvchi bo‘limlar tashkil etilib, tuman (shahar) va hududlardagi tez tibbiy yordam tizimi faoliyatini tahlillar asosida boshqaradi va takomillashtirish bo‘yicha takliflar kiritadi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi tizimidagi avtoxo‘jaliklar tarkibidagi tez tibbiy yordam avtotransport vositalari markaz hududiy filiallari tarkibiga o‘tkaziladi hamda avtotransport vositalariga texnik xizmat ko‘rsatish autsorsing shartnomalari asosida amalga oshiriladi.

Tez tibbiy yordam avtotransport vositalarida yoqilg‘i-moylash materiallari sarfi elektron dastur orqali nazorat qilinadi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi markaz va uning hududiy filiallari ustavlari va tuzilmalarini tasdiqlaydi. Bunda, markaz direktoriga, zarur hollarda, tasdiqlangan tuzilmalarga xodimlar cheklangan umumiy soni va ish haqi fondi doirasida o‘zgartirishlar kiritish huquqi berilmoqda.

Mavzuga oid