12:52 / 31.08.2022
4239
Toshkentda futbol bo‘yicha Mirabror Usmanov xalqaro xotira turniri bo‘lib o‘tdi

22–27 avgust kunlari poytaxtimizda taniqli davlat arbobi, Milliy Olimpiya qo‘mitasi va O‘zbekiston futbol federatsiyasining sobiq prezidenti, marhum Mirabror Usmanov xotirasiga bag‘ishlangan “MIRABROR USMANOV MEMORIAL CUP-2022” xalqaro xotira turniri bo‘lib o‘tdi. 

Ushbu turnirda 16 yoshgacha bo‘lgan 4 ta jamoa: O‘zbekiston, Yaponiya, Eron va Tojikiston o‘smirlar terma jamoalari ishtirok etishdi.     

Ta’kidlash joiz, musobaqa avvalida ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda ishtirok etgan mehmonlar Mirobror Usmanovning o‘zbek futboli va sportiga qo‘shgan hissasini alohida e’tirof etishdi. Shuningdek, bugungi kun futbol rivojining tamal toshi o‘sha paytlarda qo‘yilgani, bu o‘z mevasini berayotgani futbolimiz faxriylari tomonidan alohida ta’kidlandi.

Shundan so‘ng turnirni O‘zbekiston va Eron o‘smirlar terma jamoalari boshlab berishdi. Qiziqarli va murosasiz tarzda kechgan uchrashuv 1:1 hisobidagi durang natija bilan yakunlandi.

Ikkinchi o‘yin Tojikiston va Yaponiya o‘smir futbolchilari o‘rtasida kechdi. Unda kun chiqar yurt vakillari 0:2 hisobida zafar quchdi.

Ikkinchi turdagi Eron U 16 – Tojikiston U 16  jamoalari bahsida 2-1 hisobida forslarning qo‘llari baland keldi. O‘zbekiston va Yaponiya o‘smirlar terma jamoalari o‘rtasidagi uchrashuvda esa vakillarimiz raqib darvozasiga javobsiz uchta to‘p yo‘llashdi.  

Uchinchi turdagi Eron – Yaponiya o‘smirlar terma jamoalari o‘yinida  esa 3-1 hisobi qayd etildi. So‘nggi turdagi O‘zbekiston va  Tojikiston o‘smirlar terma jamoalari qarama-qarshiligida vakillarimiz raqiblarini katta farq bilan ortda qoldirishdi. 5:0.

Musobaqa nizomiga muvofiq turnir davomida eng yaxshi ko‘rsatkichga ega bo‘lgan O‘zbekiston o‘smirlar terma jamoasiga “MIRABROR USMANOV MEMORIAL CUP-2022” xalqaro xotira turniri kubogini Mirabror Usmanovning farzandi Jahongir Usmanov topshirdi.

Bundan tashqari, turnirda turli nominatsiyalar bo‘yicha eng yaxshilar ham taqdirlandi. Shuningdek, har bir davlat vakillariga alohida esdalik  kuboklari topshirildi. 22–27 avgust kunlari bo‘lib o‘tgan turnirda, eng muhimi yig‘ilganlar o‘tmishni yod etib, bo‘lajak futbol yulduzlarining o‘yinidan bahramand bo‘lishdi.

Eslatib o‘tamiz, taniqli davlat arbobi, o‘z ishining chin fidoyisi, “Mehnat shuhrati”, “El-yurt hurmati” va “Do‘stlik” ordenlari sohibi, bir necha yillar davomida sportimiz, xususan futbolimiz rivojlanishi hamda dunyoda o‘z o‘rniga ega bo‘lishida ulkan hissa qo‘shgan.

Mirabror Usmanov 2019 yilning 15 mart kuni vafot etgan.

Top