13:35 / 05.09.2022
12687

Samarqand sammiti arafasida ayrim davlatlar ShHTni G‘arbga qarshi blok deb talqin qilishga urinmoqda - Rabbimov

Bu esa O‘zbekistonning manfaatlariga to‘g‘ri kelmaydi, deydi siyosatshunos.

Shanxay Hamkorlik Tashkilotining ikki eng katta a’zosi – Rossiya va Xitoyning G‘arb bilan munosabatlari iliq emas. Tashkilotda kuzatuvchi maqomiga ega Belarus va Eron haqida ham shunday deyish mumkin.

15-16 avgust kunlari Samarqandda o‘tadigan ShHT sammiti ayrim mamlakatlarning istagi bilan global qutblashishning chuqurlashuviga xizmat qilib qolishi ehtimoli bor, bu esa O‘zbekistonning manfaatlariga to‘g‘ri kelmaydi. Bu haqda siyosiy tahlilchi Kamoliddin Rabbimov sammit arafasida Kun.uz tashkil etgan intervyuda aytib o‘tdi.

“Yarim yildirki, Ukraina va Rossiya o‘rtasida jiddiy urush ketmoqda. Bu – dunyodagi eng katta urush, harbiy operatsiya. Bugun Rossiyaning geosiyosiy strategiyasi to‘laqonli, tizimli g‘arb bilan to‘qnashgan. Lekin Xitoyning manfaatlari va Xitoyning G‘arb bilan munosabatlari o‘ta chigal, ya’ni bir yoqlama konflikt deyish imkonsiz. Baribir Xitoy bilan kollektiv g‘arbning savdo-iqtisodiy hamkorligi juda ham jips.

Mana shundan kelib chiqib, Samarqandda bo‘lishi kutilayotgan sammitga Rossiya tomonidan imkon qadar mafkuraviy tus berish va kollektiv g‘arbga qarshi, avvalo, Amerikaga qarshi siyosiy-psixologik va axboriy kompaniyaga aylantirishga bo‘lgan moyillikni kutish mumkin.

Bugun Rossiya ommaviy axborot vositalarini kuzatadigan bo‘lsak, ular Samarqand sammitiga jiddiy e’tibor berishyapti va bu tashkilotga a’zo davlatlarning barchasi g‘arbga qarshi qaratilgan pozitsiyani imkon qadar tarqatishga harakat qilishyapti. Bu Markaziy Osiyo davlatlarining manfaatiga to‘g‘ri kelmaydi.

Keyingi olti yilda O‘zbekiston tashqi siyosatda ko‘p va teng vektorli siyosat shakllantirib ulgurdi. Tashqi dunyoda, aytaylik, Moskva, Pekin yoki Vashington, Bryusselning munosabatlari qanday bo‘lishidan qat’i nazar, O‘zbekiston o‘zining milliy manfaatlaridan kelib chiqib, birinchi ma’muriyat davridagi kabi dixotomik, ya’ni oq va qora geosiyosatni davom ettirish niyatida emas. Hozirgi davrda ko‘p va teng vektorli tashqi siyosat shakllandi. O‘zbekiston mana shu holatda davom etsa kerak”, – deydi siyosatshunos.

Mavzu
Samarqandda ShHT sammiti
15–16 sentabr kunlari Samarqand shahrida Shanhay hamkorlik tashkilotining navbatdagi sammiti tashkillashtiriladi.
Barchasi
Top