14:23 / 27.11.2022
41143

Xudoyorxonning sovetlar o‘ldirgan kenja o‘g‘li. Fansurullobekning ayanchli taqdiri (2-qism)

Qo‘qon xoni Xudoyorxon va uning farzandlarining hayoti juda chigal kechgan. Xon g‘ariblikda, Afg‘onistonning Mozori Sharif shahrida vafot etgan. Uning farzandlari ham turlicha taqdirga duch kelgan. Ular orasida kenja o‘g‘il bo‘lgan Fansurullobekning hayoti ham ayanchli tugagan. Chor Rossiyasining «qora ro‘yxati»ga tushganiga qaramasdan omon qolgan Fansurullobekni oxir-oqibat mustabid sovet tuzumi yo‘q qilgan.

Qo‘qonning sobiq xoni Xudoyorxonning taqdiri chigal kechgan. Avvaliga O‘rta Osiyodagi yirik davlatni boshqargan ushbu shaxs, keyinchalik ruslar bosqinidan so‘ng Orenburgga surgun qilinadi. U yerdan qochib hajga borgach, qaytishda g‘ariblikda vafot etadi.

Tarixga nazar tashlansa, Xudoyorxon vafot etgandan so‘ng farzandlari ham oson hayot kechirmagani va ularning taqdiri ham turlicha kechganini ko‘rish mumkin.

Xudoyorxon avlodidan bo‘lgan, uning o‘g‘li Sayyid Umarbekning nabirasi Shohruhbek Umarov o‘zining «Xudoyorxon avlodlari tarixi» kitobida yozishicha, xonning 11 nafar farzandi bo‘lgan.

O‘g‘illari – Nasriddinbek (1850-1882), Muhammad Aminbek (1857-1923), Sayyid Umarbek (1863-1928), O‘rmonbek (1867-1883), Ibn Yaminbek (1871-1918), va Fansurullobek 1872-1931).

Qizlari – Shahzodaxon (1861-1919), To‘raposhshoxon (1863-vafot etgan yili aniq emas), Xonposhshaxon (1867-1930), Mohzodaxon (1867-vafot etgan yili aniq emas) va Ozodaxon (1871-vafot etgan yili aniq emas).

Xonning farzandlari orasida Fansurullobek alohida o‘rin tutadi. U avvaliga jadidlar harakatiga qo‘shiladi. Munavvarqori bilan bilan birga gazetalar chop etishda qatnashadi. Davriy matbuotda o‘z maqolalarini, she’rlarini e’lon qiladi.

Turkiston sovetlar tomonidan egallangach umrining oxirigacha yurt ozod bo‘lishini orzu qilib o‘tadi. Fansurullobek 1930-yillar boshida boshlangan mustabid Stalin qatag‘onining qurboni bo‘ladi.

Xudoyorxonning kenja o‘g‘li Fansurullobekning qachon tug‘ilgani haqida aniq ma’lumotlar yo‘q. Uning tug‘ilgan yilini turli tadqiqotchilar turlicha yozishgan. Kimdir u 1870 yilda tug‘ilgan desa, yana kimdir 1872 yilda deydi.

Taniqli olim Sharif Yusupov o‘zining «Xudoyorxon va Furqat» kitobida 1889 yilda Furqat Qo‘qondan Toshkentga ko‘chib o‘tganda Fansurullobek 20–22 yoshli yigit bo‘lgan deydi.

Shohruhbek Umarov esa Fansurullobekni 1872 yilda tug‘ilgan deb ma’lumot beradi. Ammo Sharif Yusupov o‘z asarida Fansurullobek otasidan ajrab qolganda 6-7 yoshli bola bo‘lganini yozgan.

Bu yerda gap Xudoyorxonning vafoti haqida bo‘lsa, Sharif Yusupov sobiq xonni 1879 yilda vafot etgan deb yozgan. Shunda Fansurullobekning otasidan ayrilganda 6-7 yoshlarda bo‘lgani uning 1872 yilda tug‘ilganini anglatadi.

Mabodo Xudoyorxonning Og‘acha oyim, Fansurullobek va O‘rmonbeklarni 1875 yilda Turkiston shahrida qoldirib ketgani nazarda tutilgan bo‘lsa, unda Fansurullobek 1868 yoki 1869 yilda tug‘ilgan bo‘lib chiqadi.

Shuningdek, Sharif Yusupov o‘z asarida Xudoyorxon Sankt-Peterburgga qarab yo‘lga chiqqanida Fansurullobek 7-8 yoshli bola bo‘lganini yozgan. Xudoyorxon safarga 1875 yilda chiqqani inobatga olinsa, Fansurullobek 1868 yoki 1869 yilda tug‘ilgan bo‘lib chiqadi.

Fansurullobek tug‘ilganda otasining mamlakat shimolidagi ancha mulki, jumladan, Jambil, Chimkent va Toshkent ruslar qo‘liga o‘tib ketgan edi. Shuningdek, rus bosqinchilari xonlikning boshqa shaharlariga ham ko‘z olaytirayotgan, umumiy manzarada davlatning o‘zi omonat bo‘lib qolgan edi.

1873 yilda Xudoyorxonga qarshi soxta Po‘latxon boshchiligida xalq qo‘zg‘oloni boshlanadi. Xonning eng ishongan odamlari va ikki o‘g‘li Nasriddinbek hamda Muhammad Aminbeklar qo‘zg‘olonchilar tomoniga o‘tib ketadi.

Qo‘zg‘olonchilar Qo‘qonni egallagach Xudoyorxonning o‘g‘li Nasriddinbek xon deb e’lon qilinadi. 1875 yilda qo‘zg‘olonchilar tomonidan taxtdan ag‘darilgan Xudoyorxon Xo‘jandga qochadi. O‘sha paytda bu shahar ruslar tomonidan egallab olingan edi.

Bir haftadan oshiqroq Xo‘jandda turgan xon taxti o‘g‘li tomonidan egallab olinganini shu shaharda eshitadi. Shundan so‘ng Xudoyorxon ikki xotini, o‘g‘illari O‘rmonbek, Fansurullobek va Ibn Yaminbek hamda xos soqchilari hamrohligida Toshkentga, fon Kaufman oldiga qochib keladi.

Sobiq xonning Toshkentda yashashi rus istilochilari uchun xavfli edi. Xudoyorxonning bir paytlar o‘zi boshqargan Toshkent va uning atrofidagi muzofotlarda obro‘si baland, istalgan paytda uning birgina ishorasi bilan xalq ruslarga qarshi ko‘tarilishi mumkin edi.

Shu sababli fon Kaufman Xudoyorxonga Sankt-Peterburgda imperator u bilan ko‘rishmoqchi ekanini aytib, 1875 yilda uni yo‘lga chiqarib yuboradi. Fon Kaufman xonni safarga yo‘llagach, Orenburg general-gubernatoriga uni to‘xtatib qolish va Qo‘qon xonligi zabt etilguncha uzoq muddat uy qamog‘ida saqlash haqida yozib yuboradi.

Xudoyorxon Sankt-Peterburgga qarab yo‘lga chiqar ekan, sevimli xotini Og‘acha oyim va ikki o‘g‘li, O‘rmonbek va Fansurullobeklar u bilan birga safarga chiqadi.

Xudoyorxon Kaufmanning imperator siz bilan ko‘rishmoqchi degan gapidan boshdanoq shubhalanadi. Shu sababli Turkistonga yetib borgach, xotini va o‘g‘illarini shu yerda yashovchi tanishlarnikida qoldirib, safarni davom ettiradi.

Xudoyorxonning shubhalari to‘g‘ri chiqadi va sobiq xon Orenburgga yetib borgach u yerda uy qamog‘ida ushlanadi.

1877 yilda Xudoyorxon Orenburgdan qochadi va Arabistonga borib haj amallarini bajaradi. 1879 yilda ortga qaytishda, Afg‘onistonning Mozori Sharif shahri yaqinida vafot etadi va shu yerga dafn qilinadi.

Erining taqdiridan bexabar bo‘lgan Og‘acha oyim ikki farzandi bilan Turkistonda yashashda davom etadi. 1879 yilda Xudoyorxonning vafoti haqidagi xabar yetib kelgach, u ikki o‘g‘lini olib Toshkentga qaytadi. Bu paytda Xudoyorxonning uch o‘g‘li – Muhammad Aminbek, Muhammad Umarbek va Ibn Yaminbek Toshkentda yashayotgan edi.

Og‘acha oyim ularning yordami bilan Zanjirlik mahallasida, Olimxo‘ja ismli odamning uyida Fansurullobek va O‘rmonbek bilan birga yashay boshlaydi. 1883 yilda O‘rmonbek 18 yoshda shu hovlida vafot etadi. Shundan so‘ng Og‘acha oyim Fansurullobek bilan qoladi.

Fansurullobek avval Turkistonda, keyin Toshkentda eski maktabda tahsil oladi. So‘ng rus-tuzem maktabida o‘qiydi. Maktabni tugatib Shayx Hovandi Tohurdagi (Shayxontohurning eski nomi) Eshonquli dodxoh madrasasida o‘qiy boshlaydi.

Sharif Yusupovning yozishicha, Fansurullobek madrasada aruz ilmini chuqur o‘rganadi va sobiq xonning farzandlari orasida yagona shoir bo‘lib yetishib chiqadi.

Fansurullobekning g‘azal va muxammaslari XIX asr oxiri, XX asr boshlarida tartib berilgan qo‘lyozma va toshbosma bayozlarda tez-tez uchrab turadi. Fansurullobek Xisrav taxallusi bilan ijod qilgan.

Fansurullobekning nega Xisrav taxallusini olgani haqida uning nevara kuyovi, taniqli olim Fuzail Islomov shunday yozadi:

«Fansurullobekning Xisravbek ismli yolg‘iz o‘g‘li bo‘lgan va Toshkentda vafot etgan. Shundan so‘ng Fansurullobek o‘g‘lining nomini o‘ziga taxallus qilib olgan ekan. Xisravning g‘azal va muxammaslarini Sharqshunoslik instituti fondidagi bosma manbalarda ko‘rdim».

Fuzayl Islomovning shaxsiy kutubxonasida saqlangan Fuzuliy devonining so‘ngida Fansurullobekning Navoiy g‘azaliga yozgan muxammasi ham bo‘lgan.

Fansurullobek va general Jo‘rabek

Fansurullobek ulg‘ayganda sobiq Kitob begi, Rossiya imperiyasi tomonidan general unvoni berilgan Jo‘rabekning qiziga o‘ylanadi. Fansurullobekning sobiq Kitob begining qiziga uylanishining ham qiziq tarixi bor.

Yuqorida Xudoyorxon vafotidan so‘ng uning sevimli xotini Og‘acha oyim Turkistondan qaytib kelib Toshkentda yashay boshlagani haqida yozilgandi.

O‘sha paytlarda Chor Rossiyasi harbiylariga qarshi mardonavor jang qilib yengilgan Kitob begini Xudoyorxon fon Kaufmanga tutib bergan u ham Toshkentda yashaydi.

Sharif Yusupovning yozishicha, Og‘acha oyim Toshkentda yashar ekan, general Jo‘rabek unga uylanishga qaror qiladi. Ammo ayol ko‘nmaydi. Shundan so‘ng Jo‘rabek Og‘acha oyimga do‘q-po‘pisa ham qilib ko‘radi.

Og‘acha oyimdan «Men xon xotiniman, sallotning tengi emasman» deb javob eshitgan Jo‘rabek shundan so‘ng ayolni tinch qo‘yadi.

Jo‘rabek nega Og‘acha oyimga uylanishga qaror qilgani haqida aniq gaplar yo‘q. Balki bek bir paytlar o‘zini fon Kaufmanga tutib bergan Xudoyorxondan, garchi Qo‘qonning sobiq xoni vafot etib ketgan bo‘lsa-da, shu taxlitda o‘ch olishga uringan bo‘lishi ham mumkin.

Fansurullobek ulg‘aygach Jo‘rabek uni kuyov qilish payiga tushadi. Og‘acha oyim ham uning bu taklifiga qarshilik bildirmaydi. Shu tariqa sobiq xonning kenja o‘g‘li Jo‘rabekka kuyov bo‘ladi.

Fansurullobek va Furqat

1889 yilda Furqat Qo‘qondan Toshkentga ko‘chib o‘tganda Xudoyorxonning to‘rt o‘g‘li – Muhammad Aminbek, Muhammad Umarbek, Ibn Yaminbek va Fansurullobek bu shaharda yashayotgandi.

Sharif Yusupovning «Xudoyorxon va Furqat» kitobida keltirilishicha, shoir va sobiq xonning o‘g‘illari tez orada tanishib, o‘zaro aloqalarni yo‘lga qo‘yishadi.

«Xon o‘g‘illaridan Muhammad Aminbek va Ibn Yaminbek «Turkiston viloyati gazeti»da uzoq vaqt hamkorlik qilganliklarida ham Furqatning o‘ziga xos xizmati bo‘lsa kerak. Tez orada shoir Xudoyorxonni mehr bilan tasvirlovchi muxammasi hamda «Ahvolot»ini yozib, el-yurtga ma’lum qilganidan keyin ular o‘rtasidagi do‘stlik rishtalari yana ham mustahkamlanib ketgan ko‘rinadi», deydi Sharif Yusupov.

Furqat Toshkentga ko‘chib o‘tganda Fansurullobek 20–22 yoshlarda bo‘lgan. Bu paytda Furqat adabiy muhitda ancha tanilib qolgan edi. Xudoyorxon o‘g‘illari bilan tanishar ekan, shoir ularning kenjasi bo‘lgan Fansurullobek bilan eng yaqin aloqalarda bo‘ladi.

Keyinchalik Furqatga o‘z she’riy mashqlarini ko‘rsatib, undan maslahatlar olib turadi. Shoir Fansurullobek yashagan Zanjirli mahallasidagi hovliga ko‘p marta borib mehmon bo‘ladi.

Ana shu paytlarda Furqat Xudoyorxon haqida «Muxammas Muhammad Xudoyorxon tilidan» deb nomlangan muxammasni yozadi. O‘sha paytda muxammas «Turkiston viloyatining gazeti» gazetasida e’lon qilinadi. Biroz o‘tib shoir bu muxammasni Ostroumov yordamida rus tiliga tarjima qildirib Rossiya Arxeologiya jamiyati sharqshunoslik bo‘limining «Axboroti»da ham chop ettiradi.

Keyinchalik Furqat sayohatga chiqib, turli o‘lkalarda yurganida ham, Sharqiy Turkistondagi Yorkent shahrida turg‘un yashab qolganida ham Fansurullobek bilan aloqalarni uzmaydi va u bilan o‘zaro maktub yozishib turadi.

Furqat dunyo kezish uchun sayohat qilar ekan, Istanbulga borganida do‘stlarni sog‘inib «Sabog‘a xitob» she’riy maktubini yozadi. Shoir ushbu she’riy maktubida ko‘plab do‘stlari qatori Fansurullobekni ham eslagandi.

«Sabog‘a xitob» she’riy maktubining Fansurullobek haqidagi qismida qo‘yidagi misralar ham yozilgan:

Chiqib andin dag‘i bir ko‘chai tor,

Begim hovlisi anda, jahd ila bor.

Begim, jonim, afandim Fansurulloh,

Zihi shahzodai zul izzazul joh.

Na man tanho, ulus shahzodasidir,

Hama shahzodalar ozodasidur.

Kirib ko‘rgonda yer o‘pqil, duo qil,

Ko‘zungga xoki poyin to‘tiyo qil.

Sharif Yusupovning yozishicha, Furqat mazkur she’riy maktubida tasvirlagan «ko‘chai tordagi begim hovlisi» Fansurullobek onasi Og‘acha oyim bilan Turkistondan qaytib kelib yashay boshlagan Zanjirlik mahallasidagi uy hisoblanadi.

Furqatning «Sabog‘a xitob» she’riy maktubi 1892 yilda «Turkiston viloyatining gazeti» gazetasida e’lon qilinadi.

Keyinchalik Furqatning ushbu asarini tadqiq qilgan Maqsud Shayxzoda she’riy maktubda shoirning 28 do‘sti haqida qimmatli ma’lumotlar borligini yozgan.

Ammo Furqatning sovet davrida chop etilgan kitoblarida, jumladan «Tanlangan asarlar»ida berilgan «Sabog‘a xitob» she’riy maktubida shoirning 28 emas, 27 nafar do‘sti haqida ma’lumotlar berilgan.

O‘zbek xalqining oktyabr to‘ntarishidan oldingi tarixi qoralab tasvirlangan manfur sovet tuzumi davrida she’riy maktubning Fansurullobek haqidagi o‘n bir baytdan (1 bayt – ikki misra) iborat qismi o‘chirib yuborilgan.

Umuman olganda sovet davrida nafaqat Xudoyorxon va uning avlodlari, balki o‘zbek xalqining boshqa tarixiy shaxslari haqida faqat qoralab yozish mumkin edi.

Fansurullobek jadid gazetalarida

Fansurullobek madrasada ko‘plab fanlarni yaxshi o‘zlashtirish bilan birga, rus-tuzem maktabida o‘qib, rus tilini ham yaxshi o‘rganib oladi.

Shundan so‘ng u ilk jadid matbuotining shakllanishida faol ishtirok etadi. Munavvarqori Abdurashidov bilan birga ko‘plab safarlarga boradi. U bilan birga yangi davr ma’rifatini qizg‘in targ‘ib qiladi.

1907 yilda Munavvarqori Abdurashidov noshir va muharrir sifatida jadidlarning o‘lkadagi ilk gazetasi «Xurshid»ni chop ettira boshlaydi. Tabiiyki, Munavvarqori gazeta ishiga Fansurullobekni ham jalb qiladi.

Fansurullobek bu gazetada o‘z maqolalarini bera boshlaydi. «Xurshid» gazetasi chor hukumati tomonidan yopib qo‘yilgach boshqa bir qator gazetalarda, jumladan «Osiyo», «Haqiqat» va «Sur’at» gazetalarida o‘z maqolalarini e’lon qiladi.

Fansurullobekning jadidchilik harakatlarida ishtirok etishi Chor Rossiyasining Turkiston o‘lkasidagi rahbarlari e’tiboriga tushadi. Ular Fansurullobekni alohida xavfli shaxslar ro‘yxatiga tirkab qo‘yishadi.

Shohruhbek Umarovning yozishicha, o‘sha paytda Toshkent shahar hokimi (Toshkent shahrini 1907-1917 yillar oralig‘ida Nikolay Malitsiy boshqargan) Peterburgdagi maxfiy xizmat mahkamalariga Fansurullobek haqida shunday ma’lumot bergan:

«Fansurullobek Xudoyorxonov (uning ism-sharifi hujjatlarda shunday bo‘lgan) shubhali qarashlari uchun Turkistondan chiqib ketishga majbur qilingan Furqatning muxlisi, u bilan Toshkentdaligida bir necha bor uyida, keyin Jo‘rabekning Qorasuvdagi bog‘ida suhbatlar qurgan. Turkiston istiqlolini istaydigan shaxslar bilan bordi-keldi qiladi. Jadid matbuotida shoir va jurnalist sifatida qatnashib keladi. Yoshi 35-40 larda, tarbiyali, ma’lumotli shahzodalarga xos nazokatli. Ruscha gapiradi va yoza oladi, dunyoqarashi inqilobiy. Bir o‘g‘il va ikki qizi bor».

Fansurullobek sovet davrida

1917 yilda sodir etilgan to‘ntarish tom ma’noda Markaziy Osiyoda yashovchi xalqlar boshiga og‘ir kulfatlar keltirdi. O‘sha paytgacha Qo‘qon xonligi Rossiya imperiyasiga qo‘shib yuborilgan bo‘lsa-da, Xiva xonligi va Buxoro amirligi yarim vassal holda bo‘lsa ham davlat sifatida saqlanib qolayotgandi.

Inqilobdan keyin sovetlar ularni ham bosib oldi va mintaqa butunicha sovetlarga mustamlaka bo‘ldi.

Oktyabr to‘ntarishidan biroz o‘tib Lenin «Rossiya va Sharqning barcha mehnatkash musulmonlariga» deb atalgan mashhur murojaatini e’lon qiladi. Murojaatda sharqning ko‘plab xalqlari qatori O‘rta Osiyo aholisi ham Chor Rossiyasi zulmi ostida ezilgani, endi o‘z taqdiri o‘z qo‘lida ekani aytiladi.

Leninning bu murojaati o‘lka aholisini juda xursand qiladi. Shundan so‘ng Turkiston muxtoriyatini tuzish harakatlari boshlanadi. Ammo manfur Lenin bir tomondan «endi o‘z taqdirlaring o‘zlaringning qo‘llaringda» deb, ikkinchi tomondan Turkistonni sovetlar changalida saqlab qolish uchun bu yerga Frunze boshchiligidagi armiyani jo‘natadi. Bu armiya ko‘p qirg‘inlar o‘tkazib, o‘lkani sovetlar izmiga bo‘ysundiradi.

Keyinchalik, sovet hukumati o‘z mavqeyini mustahkamlab olgach, 1928 yildan boshlab kollektivlashtirish bahonasida avvaliga boylarning, keyinchalik o‘rtahollarning barcha mol-mulklari tortib olinadi va o‘zlari quloq sifatida surgun qilinadi. Keyin esa Stalin qatag‘onlari boshlanadi va endi o‘lkadagi ma’rifatparvar odamlarni siyosiy ayblar bilan qamab, yo‘q qila boshlashadi.

Shohruhbek Umarovning yozishicha, Fansurullobek Rossiyada sodir etilgan fevral inqilobidan keyin Turkistonni ozod qilish maqsadida tuzilgan bir qator siyosiy tashkilotlar safiga kiradi.

Turkiston muxtoriyati kuch bilan tarqatib yuborilgach Fansurullobek yurtni ozod ko‘rish istagi haqidagi o‘zining siyosiy qarashlarini pinhon tutishga majbur bo‘ladi.

Ammo manfur tuzumning iskovuchlari Fansurulloh Xudoyorovni (Fansurullobek manfur sovet tuzumi paytida ismidagi bek, familiyasidagi xon qo‘shimchalarini oldirib tashlagan) bir daqiqa ham e’tibordan qochirmagan, shunchaki qulay vaqt kelishini poylar edi.

1929 yilda avvaliga davlat siyosiy boshqarmasi (Gosudarstvennoye politicheskoye upravleniye (GPU – NKVD tuzilmasdan oldin davlat xavfsizlik xizmati shu nom bilan atalgan) tomonidan Fansurullobekning yaqin maslakdoshi Munavvarqori hibsga olinadi. Keyin esa manfur sovetlarning qonli qilichi Fansurullobekning boshi uzra aylana boshlaydi va 1930 yilda uni ham qamoqqa olishadi.

1931 yilda Munavvarqori otib tashlanadi. Fansurullobek esa turmada vafot etadi. Bu ikki shaxs oktyabr to‘ntarishidan keyin boshlangan Stalin qatag‘onlarining ilk qurbonlaridan bo‘lishadi.

Shohruhbek Umarovning yozishicha, Fansurullobekning jasadi turmada qolib ketadi va uni soqchilar dafn etishadi. Sobiq Qo‘qon xoni Xudoyorxonning kenja farzandi bo‘lgan Fansurullobekning hayoti shu tarzda ayanchli yakun topadi.

G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.

Mavzuga oid
Top