Toshkent shahrida 2 aprel kuni, kunning ikkinchi yarmida kuchli momaqaldiroqlar kuzatildi va ayrim joylarda do‘l aralash kuchli yomg‘ir yog‘di.
Ijtimoiy tarmoqlarda bu tabiat hodisasi oqibatida yo‘llarda avtomobillar harakati qiyinlashgani, tunnellar va metro bekatlariga suv kirib ketgani aks etgan videolar tarqaldi.
Videolarda Toshkent metropolitenining «Amir Temur xiyoboni» bekatiga ham suv tushayotganini ham ko‘rish mumkin.
Metropoliten matbuot xizmati holat yuzasidan munosabatida bunga maxsus irrigatsiya, ya’ni suv ketish yo‘llari (ariqlar) to‘lib qolgani va buning natijasida yomg‘ir suvlari bekatga tusha boshlaganini keltirgan.
«Bu holat mas’ullar tomonidan bartaraf etilgan va poyezdlar harakatiga hech qanday to‘sqinlik hosil qilmagan», — deyiladi xabarda.
Shu kuni «Ufa-Toshkent» hamda «Sochi-Toshkent» yo‘nalishidagi samolyotlar Toshkent xalqaro aeroportida kuchli chaqmoq va jala yog‘in kuzatilgani bois Samarqand aeroportiga yo‘naltirildi.
Kuchli shamol va jala poytaxtning bir qismida elektr uzilishlariga sabab bo‘lgan.
Energetika vazirligi matbuot xizmati Olmazor, Sergeli va Toshkent tumanlarining ayrim hududlarida elektr ta’minotida qisqa muddatli uzilishlar kuzatilayotgani, tarmoqda yuzaga kelgan nosozliklar bartaraf etilayotgani haqida xabar bergan.









