17:01 / 12.10.2023
20619

Afg‘onistonda Qo‘shtepa kanalining birinchi uchastkasi qurilishi yakunlandi

«Tolibon» Afg‘onistondagi Qo‘shtepa kanalining birinchi qismi qurib bitkazilgani va loyihaning ikkinchi bosqichi boshlanganini e’lon qildi. 

Foto: Twitter / FDPM_AFG

«Tolibon» hukumati Afg‘onistondagi Qo‘shtepa kanalining birinchi qismi foydalanishga topshirilgani va uning qurilishining ikkinchi bosqichi boshlangani haqida ma’lum qildi, deb yozadi TOLOnews.

11 oktyabr kuni Balx viloyatida foydalanishga topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi. 

Afg‘oniston matbuotiga ko‘ra, kanal birinchi uchastkasining uzunligi 108 km – u Amudaryodan boshlanib, Balxning Davlatobod tumaniga yetib boradi. Uning qurilishi 1,5 yil davom etdi.

Ikkinchi bosqichda kanalning Juzjon va Faryob viloyatlaridan o‘tuvchi 177 km uzunlikdagi qismini qurish rejalashtirilgan. Uchinchi bosqich qishloq xo‘jaligi yerlari bo‘ylab subkanallarni taqsimlashni o‘z ichiga oladi.

Kanalning umumiy uzunligi 285 kmni tashkil qiladi. Afg‘oniston rasmiylariga ko‘ra, bu 550 ming gektargacha yerni sug‘orish hamda bug‘doy va boshqa ekinlar yetishtirish imkonini beradi.

Loyihani to‘liq yakunlash 2028 yilga mo‘ljallangan bo‘lib, uning qiymati 7 milliard afg‘oniy (taxminan 92 million dollar)ga baholanmoqda.

1992 yilda Markaziy Osiyoning beshta davlati mintaqada suvdan foydalanishni tartibga solishga qaratilgan Olmaota deklaratsiyasini imzolagan. Bundan tashqari, O‘zbekiston, Turkmaniston va Qozog‘iston BMTning 1992 yildagi suv konvensiyasiga qo‘shilgan. Afg‘oniston bu kelishuvlarning birortasiga ham qo‘shilmagan.

 

Top