Zamonaviy kommunikatsiya texnologiyalari shiddatli rivojlanishi barobarida axborot almashinuvi tezligi misli ko‘rilmagan darajaga yetdi. Mustaqillik davrida O‘zbekistonda internet tarmog‘ining an’anaviy OAV olamiga kirib kelishi bosqichma-bosqich amalga oshdi.
Avvaliga an’anaviy OAV bilan elektron OKV (ommaviy kommunikatsiya vositalari) o‘rtasida raqobat yuzaga kelmoqdami yoxud hamkorlikmi, deganga o‘xshash xavotirli savollar paydo bo‘ldi. Shu orada bosma nashrlar yo‘qlikka yuz tutishini «bashorat» qiluvchi qarashlar ham paydo bo‘la boshladi. Chunki ayni gipotezalar isboti o‘laroq dunyo axborot maydonida misollar talaygina edi.
1645 yildan buyon chop etib kelinayotgan Shvetsiyaning eng keksa gazetasi bo‘lmish Post-och Inrikes Tindingar («Pochta va shahar ichidagi xabarlar») nomli nashri 2007 yil yanvaridan o‘z faoliyatini to‘lig‘icha onlayn tizimiga o‘tkazishi katta shov-shuv keltirib chiqardi. Biroq mutaxassislar, shuningdek, keng jamoatchilikni tashvishlantirayotgan shunga o‘xshash xavotirlar biryoqli bo‘lmay turib OAV bilan OKV orasida hamkorlik aloqalari rivojlanib ketdi.
An’anaviy tarzda faoliyat yuritayotgan bosma nashrlar (moliyaviy imkoniyati yetarli bo‘lgan bir qator gazeta va jurnallar va h.) o‘z elektron nusxalarini tarqata boshladi. Tele-radio kanallari o‘z ko‘rsatuv va eshittirishlarini ayni vaqtda internet orqali tarqatish tajribasini qo‘lladi.
2005-2007 yillarni o‘z ichiga olgan mazkur dastlabki bosqich tajribalari internet tarmog‘idan samarali foydalanish an’anaviy OAV imkoniyatlarini yanada kengaytirishini ko‘rsatdi.
Imkoniyat kengayishi va kuchayishi an’anaviy OAVning axborot olish va tarqatish samaradorligida ayniqsa namoyon bo‘ldi. Bosma nashrlardan tortib teleradiojurnalistika mazkur yangilikni o‘z faoliyatida keng joriy eta boshlashi yana bir jiddiy yangilikni – dunyo miqyosida axborotni istalgan manzilga yetkazish imkoniyatini keltirib chiqardi.
Axborot oqimi shiddatli tus olganiga qo‘shimcha o‘laroq endilikda uning tarqalishini cheklovchi to‘siqlar yo‘qoldi. Axborotni cheklanmagan miqdorda va masofaga uzata olishning texnik imkoniyatlari sohada nechog‘lik inqilob yasagan bo‘lsa, ushbu imkoniyatlar natijasi o‘laroq vujudga kelgan yutuqlar hamda muammolar alohida ilmiy-amaliy masala sifatida zamonaviy aql-idrok oldiga, jumladan mutaxassislar oldiga mutlaqo kutilmagan muammolarni ko‘ndalang qo‘ydi.
Bu orada axborot-kommunikatsiya sohasidagi taraqqiyot keyingi bosqichiga chiqdi. Respublikamizda 2007 yil yanvar oylaridan alohida, ya’ni faqat internetda faoliyat yuritadigan alohida nashrlar paydo bo‘la boshladi. Bosma nashrlardan, an’anaviy tele-radiokanallardan butkul mustaqil ravishda faoliyat yuritadigan elektron OAV yaratish ishlari avj oldi. Ya’ni internet ommaviy axborot vositalari hisoblanmish internet tele va radiokanallar, internet gazetalar va hokazo internet nashrlar soni ko‘paya borib, ular alohida onlayn axborot makonini tashkil eta boshladi.







