Xo‘sh, o‘tgan 31 yilda MDHda biz bilan bir vaqtda mustaqil bo‘lgan ko‘plab davlatlar vatandoshlari qanday qilib fikr, ong mustaqilligiga erishdi-yu, nega bu yillar biz uchun yetarli bo‘lmadi?

Nega odamlarimizdan hamon bizni falonchi davlat boqyapti, iqtisodimiz, siyosatimiz, madaniyatimiz, taqdirimiz falonchaning qo‘lida, u bo‘lmasa kun ko‘rolmaymiz, degan fikrlarni eshityapmiz?

Kun.uz ayni og‘riqli masala atrofida suhbat tashkil qildi. Suhbatdoshlarimiz – “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi raisi Alisher Qodirov, filologiya fanlari doktori, media tadqiqotchi Beruniy Alimov, siyosatshunos Kamoliddin Rabbimov va jurnalist, bloger Muhrim A’zamxo‘jayev bo‘ldi.

Kun.uz:

O‘tgan 31 yilda O‘zbekistonda yuritilgan siyosatda qanday xatolarga yo‘l qo‘yildiki, mustaqillik, erk tushunchasi o‘zbekistonliklar ongiga to‘la ko‘chmadi? Bu borada bizni fikriy inqirozga eltgan sabablar nimalar?

Alisher Qodirov:

Men bu masala haqida gapirganda “inqiroz” so‘zi ishlatilishiga qarshiman. Buni inqiroz emas, jarayon deya baholasak, to‘g‘riroq bo‘ladi.

Kamchiliklar to‘g‘ri e’tirof etilyapti. Ammo turli qatlamlarning erkin fikrlash darajasidagi mutanosiblik buzilgani va u biz xohlagan darajada shakllanmayotganini yaqin 30 yillik bilangina o‘lchash kerak emas. Bu uzoqroq davrlar bilan o‘lchanishi kerak bo‘lgan masala.

Bugun aholining turli qatlami uchun erkin fikrlashga sharoit yaratilgan bo‘lsa-yu, lekin erkin fikrlash shakllanmayotgan bo‘lsa, bu endi ko‘proq ijtimoiy, siyosiy masala sifatida qaralishi kerak.

Bu, shuningdek, ta’lim va tarbiya bilan bog‘liq, ildizi chuqurroqqa ketadigan masala sifatida qaralishi kerak.

Biz jiddiy jarohatlangan bir millatmiz. Chunki biz juda og‘ir bo‘lgan sovet propagandasi mashinasidan chiqqan xalqmiz.

Menimcha, insoniyat tarixida inson ongi bilan sovet davridagiday ko‘p ishlangan bir davr yo‘q. Bunda jumladan, erkin, tafakkur va ongga ega bo‘lmagan sovet insonini yaratish g‘oyaviy mashinasi bizning qadriyatlarimiz, madaniyatimizni chilparchin qilgan. Biz bugun shu jarayonning og‘riqlarini his qilyapmiz.