Xorazm viloyati, Yangibozor tumani, Do‘stlik mahallasida istiqomat qiluvchi oila endigina 15 yoshga qadam qo‘ygan qizi mahalladoshlari tomonidan zo‘rlangani haqida xabar berishdi.
Qiz oddiy ishchilar oilasida katta bo‘lgan. Otasi qurilishda ishlaydi, onasi ta'lim muassasasida farroshlik qiladi.
Qizning buvisining so‘zlariga ko‘ra, 2020 yil sentabr oyida nabirasi mahalladoshi tomonidan zo‘rlangan.
«2020 yil sentabr oyida Farhod (ism o‘zgartirildi, gumondorning asl ismi-sharifi tahririyatga ma'lum) ismli kirakash taksichi maktabdan qaytayotgan nabiramni uyga tashlab qo‘yishini aytib, mashinasiga o‘tqazgan. Biroq, Farhod uni uyga emas, balki kimsasiz joyga, suv idorasining binosiga olib borgan. Shundan so‘ng, kuch ishlatib, qo‘rqitib, qizning qo‘l oyog‘ini mashina tasmasi bilan bog‘lab, zo‘rlab nomusiga tekkan. Bu voqeani hech kimga aytmaslikni talab qilib, agar aytsa o‘ldirishi bilan tahdid qilgan. Afsuski, biz bu voqeadan bexabar qoldik. Nabiram qattiq qo‘rquv va andisha tufayli bu voqeani hech kimga aytmagan. 2021 yil yanvar oyida esa bu voqea yana takrorlandi», deydi qizning buvisi.
Onasining so‘zlariga ko‘ra, 2021 yil yanvar oyidagi voqealardan so‘ng hammasi oshkor bo‘lgan.
«2021 yil 13 yanvar kuni qizim maktabga ketib, qaytib kelmadi. Qarindosh-urug‘lar, qo‘ni-qo‘shnilar orasidan izladik. Samara bermagach, Yangibozor tumani IIBga murojaat qildik. 14 yanvar kuni tongda qizim topildi. Shunda ma'lum bo‘lishicha, kirakash-taksichi Farhod qizimni yo‘lda mashinasiga majburlab o‘tqazgan. Shundan so‘ng, Madaniyat qishlog‘idagi bir uyga olib borgan. U yerda ikki hamtovog‘i Erkin va Yorqin (ismlar o‘zgartirildi, gumondorlarning asl ismi-sharifi tahririyatga ma'lum) ham bo‘lgan. Ular qizimga majburlab aroq ichirishgan, so‘ngra yalang‘ochlab, o‘rtaga olib, tahqirlashgan. Kamida ikki nafari uni zo‘rlagan», deydi ona.
Holat yuzasidan Urganch shahri IIB surishtiruv o‘tkazib, ekspertiza tayinlagan. Ammo voqealarning keyingi rivoji oilada xavotir uyg‘otmoqda.
«Urganch shahar IIB arizamizni qabul qilib, surishtiruv o‘tkazdi, ekspertiza tayinladi. So‘ngra ish materiallarini Yangibozor tumani IIBga yubordi. Ishni tergovchi Bobur Yuldashev olib boradigan bo‘ldi.
Ammo Urganch shahridagi ekspertiza qizimni bokira ekani haqida, unda hech qanday tan jarohati yo‘qligi haqida xulosa berdi. Vaholanki, uning tanasida ko‘kargan joylari ham bor edi. Biz ekspertizadan fotosuratlarni taqdim qiling desak, «suratlar telefon xotirasidan o‘chib ketdi», degan javobni oldik. Shundan so‘ng, Buxoro shahrida ekspertiza tayinlandi. Uning xulosasida qizimning bokira emasligi aniqlandi. Ammo vaqt o‘tib ketgani tufayli, ko‘kargan joylarini aniqlash imkoni bo‘lmadi», dedi qizning otasi.











