Taraqqiyot nafaqat ilg‘or g‘oyalarni, balki eskirib qolgan tartiblar, byurokratik g‘ov va to‘siqlardan o‘z vaqtida voz kechishni ham taqozo qiladi. Ortiqcha yukdan xalos bo‘lish harakatni yengillashtirganidek, ortiqcha hujjatlardan voz kechish shiddatli islohotlarni amalga oshirayotgan institutlar, tuzilmalarga asosiy kuchni maqsadli va samarali safarbar qilish imkonini beradi.
Sir emas, barcha sohalarni isloh qilishga qaratilgan dasturlarni amalga oshirish qonun hujjatlari sonining yanada ortishiga olib keldi. Hujjatlarining ko‘pligi, tarqoqligi amaliyotda ularni tushunishni qiyinlashtirib, huquqiy tafovut va kolliziyalarga yo‘l ochmoqda, haddan tashqari tartibga solish va byurokratiyaga zamin yaratmoqda.
Mazkur muammoni hal qilish uchun xalqaro tajribada “tartibga solish gilotinasi” usulidan foydalaniladi.
“Tartibga solish gilotinasi” nima?
“Tartibga solish gilotinasi” amaldagi normativ-huquqiy hujjatlarni tahlil qilish va qayta ko‘rib chiqish orqali ularni saralash, tasdiqlash, o‘zgartirish yoki bekor qilish demakdir.
Ya'ni iqtisodiy rivojlanish strategiyasi, qonuniyligi va zarurati nuqtai nazaridan asossiz bo‘lgan, shuningdek, qonuniy va zarur hisoblansa-da, jamiyat va biznes uchun qulay bo‘lmagan har qanday tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatni maksimal darajada soddalashtirish “tartibga solish gilotinasi”ning asosiy tamoyillari hisoblanadi.
Jahon tajribasidan muvaffaqiyatli o‘tgan
Shvetsiya, Janubiy Koreya, Qozog‘iston, Xorvatiya, Serbiya, Bosniya, Buyuk Britaniya, Meksika, Vetnam, Misr, Keniya kabi davlatlar qonunchiligida bu metod amal qiladi.
Yaponiya tajribasi tartibga solish choralarini sinovdan o‘tkazish yoki ma'muriy xarajatlarni kamaytirish maqsadida “maxsus hududiy zonalar”ni shakllantirgan. Avstraliyada 2003 yilda “Qonunchilik vositalari to‘g‘risida”gi (Legislative Instrumens Act 2003, LIA) qonun qabul qilingan.
Janubiy Koreyada 1998 yili “tartibga solish gilotinasi” loyihasini amalga oshirish, shuningdek, tartibga solishni isloh qilish bo‘yicha chora-tadbirlarni ishlab chiqish uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri mamlakat Prezidenti oldida hisobdor bo‘lgan Qo‘mita tashkil etilgan. Meksikada ham 1989 yili Iqtisodiy deregulyatsiya bo‘limi tomonidan “tartibga solish gilotinasi” loyihasi amalga oshirilgan.
Bu bizga nima beradi?








