13:01 / 19.09.2021
7833

BMT ogohlantirdi: chiqindilarni qisqartirish bo‘yicha hozirgi rejalar bilan ham isish darajasi halokatliligicha qoladi

Sayyora qizib bormoqda. Ko‘plab mamlakatlarning sa'y-harakatlariga qaramay yer atmosferasida harorat yuqorilashda davom etmoqda, deya ogohlantirdi BMT. Tashkilot mutaxassislari 100dan ortiq davlatlarning iqlim o‘zgarishlari bo‘yicha rejalarini o‘rganib chiqib, ularning aksariyati noto‘g‘ri yo‘nalishda ketayotgani haqida xulosaga kelgan.

Foto: Getty Images

Olimlar avvalroq issiqlik yanada ko‘tarilishining oldini olish uchun 2030 yilgacha global uglerod chiqindilarini 45 foizga qisqartirish kerakligini aytishgandi.

Ammo 100dan ortiq mamlakatda olib borilayotgan ishlar tahlili shuni ko‘rsatmoqdaki, bu muddatga borib atrof-muhitga chiqindi hajmi kamayish o‘rniga, aksincha 16 foizga ortadi.

Bu esa harorat sanoatlashuvdan oldingi davrga nisbatan Tselsiy bo‘yicha 2,7 darajaga ko‘tarilishini ko‘rsatadi - bu daraja xalqaro hamjamiyat tomonidan o‘rnatilgan chegaradan ancha yuqoridir.

«Chiqindilar hajmi 16 foizga oshishi tashvishlanish uchun keragidan ortiq sababdir», deydi BMTning iqlim masalalari bo‘yicha bosh muzokarachisi Patrisiya Espinosa.

«Bu olimlarning juda jiddiy iqlimiy oqibatlarning oldini olish uchun chiqindilarni tez, barqaror ravishda va keng ko‘lamda qisqartirish ishlarini olib borishga chaqiriqlariga mutlaqo mos kelmaydigan holatdir», deydi u.

Uglerod chiqindilari sayyorada iqlim isishiga olib keladi / EPA

BMTning muammoning tahdidli miqyosi haqidagi ogohlantirishi noyabr oyida Glazgoda bo‘lib o‘tadigan iqlim konferensiyasi arafasida yangramoqda.

Ushbu muhim tadbirning asosiy maqsadi - Parij kelishuvi ishtirokchi-davlatlarini o‘z chiqindilarini yanada keskin qisqartirishga ishontirish orqali global harorat ko‘tarilishini cheklash bo‘yicha rejalarni qo‘llab-quvvatlash hisoblanadi.

Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha Parij kelishuviga ko‘ra, mamlakatlar uglerod chiqindilarini qisqartirish bo‘yicha rejalarini har besh yilda yangilashi va normalar bosqichma-bosqich kuchaytirib borilishi kerak.

Ammo BMTning ma'lum qilishicha, kelishuvni imzolagan 191 davlatdan faqat 113tasi chiqindilarni kamaytirish bo‘yicha keyingi rejalari haqida e'lon qilgan.

BMTning iqlim bo‘yicha konferensiyasida ishtirok etuvchi britaniyalik vazir Alok Sharma ambitsiyali rejalari bo‘lgan ayrim davlatlar endilikda ulardan voz kechishga moyillik bildirayotgani haqida gapirdi.

«Ammo barcha mamlakatlar, ayniqsa yirik iqtisodiyotga ega mamlakatlarning birgalikdagi harakatisiz shu vaqtgacha qilingan sa'y-harakatlar behuda ketishi xavfi tug‘iladi», deydi Alok Sharma.

Olimlar rivojlangan mamlakatlarni hozirgi vaziyatga iqlim inqirozi sifatida qarashga chaqirmoqda / PA MEDIA

Climate Action Tracker tashkiloti tomonidan o‘tkazilgan tadqiqotlar shuni ko‘rsatdiki, yuqori darajada sanoatlashgan G20 guruhi davlatlaridan faqat bir nechasi, jumladan Buyuk Britaniya va AQSh chiqindilarni qisqartirish bo‘yicha o‘z rejalarini yangilashgan.

Jahon resurslari instituti o‘tkazgan boshqa bir tahlilda Xitoy, Hindiston, Saudiya Arabistoni va Turkiya (issiqxona gazlarining 33 foizlik qismi shu davlatlar hissasiga to‘g‘ri keladi) yangilangan rejalarni taqdim etmagani keltirilgan.

O‘sha tadqiqotda aytilishicha, Avstraliya va Indoneziya uglerod chiqindilarini qisqartirish bo‘yicha 2015 yildagi kabi rejalarni o‘z oldiga qo‘ygan, ammo Parij kelishuvi navbatdagi besh yillik uchun rejada ko‘proq qisqartirishni nazarda tutadi.

Bundan tashqari, tadqiqotlarning ko‘rsatishicha, Braziliya, Meksika va Rossiyada chiqindilar qisqarishi emas, balki o‘sishi kutilmoqda.

Dengiz suvi ko‘tarilishi, jazirama va qurg‘oqlik tufayli juda qiyin ahvolga tushib qoladigan qashshoq davlatlar uchun ham sayyorani isituvchi uglerod chiqindilari hajmini tez sur'atlarda kamaytirish ustuvor vazifadir.

«G20 davlatlari iqlim o‘zgarishlari oqibatlarini yumshatish uchun chiqindilarni tezlik bilan qisqartirishda tashabbus ko‘rsatishi kerak. Bu davlatlar bunga mas'ul ham, ular allaqachon iqlim o‘zgarishlarini inqirozli holat sifatida ko‘rib chiqishlari kerak edi», deydi kam rivojlangan mamlakatlar guruhi raisi Sonam ​​Vandi.

BMTdagilar Xitoy iqlim bo‘yicha rejalarini Glazgodagi konferensiyadan oldin ko‘rib chiqishini kutmoqda.

Dunyoda uglerod chiqindilari chiqarish bo‘yicha yetakchi bo‘lgan Xitoy Xalq Respublikasi raisi Si Jinping mamlakat 2030 yilgacha uglerod chiqindilarining eng yuqori cho‘qqisiga chiqishni va 2060 yilga borib esa uni nolga tushirishni maqsad qilgani haqida aytgandi.

Xitoyning bu boradagi yanada qat'iy qadamlari chiqindilarni kamaytirish bo‘yicha muzokaralarga qo‘shimcha impuls beradi. Ammo Xitoy bunday bayonotni qachon berishi yoki umuman shunday bayonot bo‘lish-bo‘lmasligi noma'lum.

Mavzu
Iqlim o‘zgarishlari
Iqlim o‘zgarishlari natijasida Yer yuzining turli nuqtalarida ekstremal ob-havo kuzatilmoqda.
Barchasi
Mavzuga oid
Top