Mutaxassislarning fikricha, Xitoyda uglerod chiqindilari keskin kamaytirilmas ekan, dunyo iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashda g‘alaba qozona olmasligi mumkin.

Xitoy Xalq Respublikasi raisi Si Jinpingning aytishicha, mamlakat 2030 yilgacha uglerod chiqindilarining eng yuqori cho‘qqisiga chiqishni va 2060 yilga borib esa uni nolga tushirishni maqsad qilgan.

U bu ulkan maqsadga qanday erishish mumkinligi haqida hech qanday izoh bermadi.

O‘sish ko‘rsatkichlari

Chiqindilarni kamaytirish bilan bog‘liq muammolarga barcha mamlakatlar duch kelmoqda. Bu muammolarning eng kattasi esa Xitoyda.

Xitoyning aholi jon boshiga chiqindi miqdori AQSh chiqindi miqdorining qariyb yarmiga teng. Ammo 1,4 milliardlik aholining iqtisodiy o‘sishi Xitoyni chiqindilar miqdori bo‘yicha boshqa davlatlardan ancha «ilgarilab» ketishiga sabab bo‘lmoqda.

2006 yilda Xitoy dunyodagi eng yirik karbonat angidrid chiqindisini chiqargan. Hozirgi vaqtda ham dunyodagi issiqxona gazlari chiqindilarining chorakdan ko‘p qismi Xitoy hissasiga to‘g‘ri keladi.

Ko‘mirdan voz kechish

Ko‘plab ekspertlarning fikricha, Xitoy chiqindilarini kamaytirish mumkin, lekin buning uchun tub o‘zgarishlar zarur.

Mamlakatning asosiy energiya manbayi yillar davomida ko‘mir bo‘lib kelgan. Boz ustiga, ko‘mirdan foydalanish hajmi tobora ortib bormoqda.

Si Jinping Xitoy 2026 yildan e'tiboran ko‘mirdan foydalanishni «bosqichma-bosqich» kamaytirishini aytdi, ammo uning bu va'dasi ba'zi davlat va nodavlat tashkilotlar tomonidan yetarlicha muvaffaqiyatli bo‘lmagani bois tanqid qilindi.

Pekindagi Sinhua universiteti tadqiqotchilari Xitoy elektr energiyasi ishlab chiqarishda 2050 yilgacha ko‘mirdan butunlay voz kechishi, ko‘mirni atom va qayta tiklanadigan energiya bilan almashtirish kerakligini ta'kidlashmoqda.

Ammo Xitoy ko‘mir bilan ishlovchi elektr stansiyalarini yopish u yoqda tursin, hozirda mamlakat bo‘ylab 60dan ortiq joylarda yangi zavodlarni barpo etmoqda.