20 yanvar kuni Kapitoliyda respublikachi Donald Trampning inauguratsiya marosimi o‘tkazildi. 250 mingdan ortiq odam qatnashgan marosimning eng mashhur mehmonlaridan biri shubhasiz, dunyoning eng boy odami Ilon Mask edi. U bor joyda, albatta, qandaydir mojaro bo‘ladi. Bu gal ham shunday bo‘ldi.
Trampning saylov kampaniyasiga kamida 200 million dollar xayriya qilgani aytilayotgan Mask AQSh prezidentining eng yaqin ittifoqchilaridan biriga aylandi. Tadbirkor saylov o‘tkazilgan kundan buyon Trampning Mar-a-Lagodagi mulkida yashab keladi. U prezidentning Volodimir Zelenskiy bilan o‘tkazilgan ilk telefon suhbatida ham yonida o‘tirgan. Keyinchalik Oq uydagi lavozimlarga odam tanlashda asosiy maslahatchiga aylangan. Oxir-oqibat Tramp Maskning o‘ziga ham Oq uyda lavozim berdi.
Bu ma’lumotlarni bejizga keltirmayapmiz, inauguratsiya kuni Maskka nafaqat dunyoning eng boy odami sifatida, balki Trampning asosiy ittifoqchisi sifatida qarashdi. Uning har bir harakatiga mana shu rakursdan baho berildi.
Marosimda so‘zga chiqqan Mask juda g‘alabali harakatni amalga oshirib, baloga qoldi. U o‘ng qo‘lini oldingi cho‘zib, fashistlar Germaniyasi ramzi bo‘lmish «ziga» jestini takrorladi. Fashistlar uni «Hayl Hitler» iborasini aytganda ishlatgan. Mask Vashingtondagi marosim davomida «ziga»ni bir emas, ikki marta takrorladi.
Maskning harakati tezda muhokamalar markaziga tushdi. Ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarining aksari bu aynan «ziga» ekani haqida yozishdi. «Jest kaftni pastga tushirgan ko‘yi o‘ng qo‘lni tepaga ko‘tarishdan iborat», deb ta’rifladi «ziga»ni AQSh antidiffamatsiya ligasi. Bu birlashma antisemitizmga qarshi kurash bilan shug‘ullanadi. Ammo bu tashkilot Tvitterda Maskning jesti aynan «ziga» ekanini tasdiqlashdan bosh tortdi. «Aftidan, Mask keskin ko‘tarinkilik ta’sirida noqulay harakat qilib qo‘ydi, natsistcha salomlashgani yo‘q», degan post paydo bo‘ldi liga sahifasida.
Maskning harakati dunyodagi yahudiylarni larzaga soldi. Axir Adolf Hitlerning ularga munosabati qanday bo‘lganini bilasiz. Avstraliya yahudiylar kengashi yetakchilaridan bo‘lmish tarixchi Maks Kayzer Mask aynan zigani takrorlaganini aytib, AQShdagi antisemitizmga qarshi kurashuvchi tashkilotlarni tanqid qildi.
«Bu neonatsistlar, oq millatchilar va ularning tarafdorlariga qaratilgan, ularga sizlarning qadriyatingizni qo‘llayman, deb aytilgan aniq signaldir».
Nyu-yorklik tarix professori Rut Ben-Giat ham shunday fikrda: «Men mutaxassisligi fashizmni o‘rganish bo‘lgan tarixchiman va komil ishonch bilan aytamanki, bu natsistcha salomlashish edi. Jangovar holatdagisi».









