24–30-avgust kunlari Oʻzbekistonda issiqlik biroz chekinadi. Biroq hafta oxiriga borib harorat yana koʻtarilishi kutilmoqda. Bu sharoit qishloq xoʻjaligi uchun nisbatan yengillik bersa-da, janub va choʻl hududlarida jazirama hamda quruq havo taʼsiri saqlanib qoladi.
Hafta davomida kutilayotgan ob-havo bilan iqlimshunos Erkin Abdulahatov tanishtiradi.
Qishloq xoʻjaligiga taʼsir
Haftaning birinchi yarmida kunduzi +35…+38 hamda tunlari +17…+22 daraja boʻlishi kutilayotgan harorat oʻsimliklar uchun oʻtgan haftaga nisbatan yengilroq sharoit yaratadi. Ammo Surxondaryo, Qashqadaryo, Buxoro–Navoiy choʻllari va Qizilqumda +40 darajagacha issiqlik namlik tanqisligini kuchaytirishi mumkin. Shuning uchun ekinlarni sugʻorish va tuproq namligini saqlashga eʼtibor berish zarur.
Kuchli shamol va chang-toʻzonlar tuproq namligining bugʻlanishini tezlashtirib, ekinlarga qoʻshimcha stress yuklashi mumkin. Hafta oxirida issiqlikning qayta kuchayishi sababli avgust oxirida ekinlarning suvga ehtiyoji hali yuqori boʻlib qoladi.
Aholi salomatligiga taʼsir
Hafta boshi va oʻrtasida haroratning pasayishi inson uchun oʻtgan haftadagi kuchli issiqlikka nisbatan sezilarli yengillik beradi. Tungi +17…+22 daraja organizmning ortiqcha issiqlik yukidan xalos boʻlishi uchun qulayroq sharoit yaratadi.
Biroq janub va choʻl hududlarida +40 darajagacha issiqlik saqlanishi sababli kunning eng issiq paytlarida ochiq havoda uzoq qolish va ogʻir mehnat qilishdan saqlanish lozim. Hafta oxirida issiqlikning qayta kuchayishi bilan termik yuk ham ortadi.
Umuman olganda, hafta qishloq xoʻjaligi va aholi uchun nisbatan yengilroq boshlanadi, ammo avgust oxirida issiqlik hali chekinmaydi.








