AQSh prezidenti Donald Tramp 20-avgust, payshanba kuni Eronga qarshi keng ko‘lamli iqtisodiy operatsiya boshlanganini e’lon qildi. Bu haqda u o‘zining Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida yozdi.

«Bugun men biror davlatga qarshi qachondir amalga oshirilgan eng vayronkor iqtisodiy operatsiya boshlanganini e’lon qilaman. Bu misli ko‘rilmagan ko‘lamdagi iqtisodiy urush va izolyatsiya bo‘ladi», - deya ta’kidladi Tramp.

Shu bilan birga, AQSh rahbari Eronni qo‘llab-quvvatlaydigan yoki u bilan iqtisodiy hamkorlikni davom ettiradigan davlatlarga nisbatan keskin choralar ko‘rilishini bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bunday mamlakatlar «ulkan» sanksiyalarga duch kelishi mumkin.

Tramp Vashingtonning ittifoqchilarini ham Tehronga qarshi iqtisodiy bosim kampaniyasiga qo‘shilishga chaqirdi.

«Eron tahdidini yakkalash va uni yengish uchun barcha ittifoqchilarimizning qo‘llab-quvvatlashi kerak», - dedi AQSh prezidenti.

AQSh bunga qadar ham Eron iqtisodiyotining muhim tarmoqlariga qarshi keng qamrovli sanksiyalar joriy etgan edi. Xususan, cheklovlar neft sanoati, dengiz orqali yuk tashish va moliya sektorlarini qamrab olgan. Vashingtonning asosiy maqsadlaridan biri Tehronning energiya resurslari eksportidan oladigan daromadlarini keskin qisqartirish hisoblanadi.

Tramp e’lon qilgan yangi choralar AQSh aprel oyi boshida ma’lum qilgan «Iqtisodiy g‘azab» operatsiyasi doirasidagi bosim kampaniyasining davomi bo‘lishi mumkin.

Ayni paytda Eron bilan iqtisodiy aloqalarni cheklash bo‘yicha ayrim davlatlar ham chora ko‘ra boshlagan. Xususan, Birlashgan Arab Amirliklari 18-avgust kuni Eron bilan barcha savdo-sotiq, tijoriy almashinuvlar va moliyaviy operatsiyalarni keyingi xabarga qadar to‘xtatishini e’lon qildi.

BAA rasmiylari bu qarorni Tehron tomonidan mamlakat yo‘nalishida ikkita raketa uchirilgani haqidagi da’volar bilan izohladi. Amirliklar tomoniga ko‘ra, hujumdan ko‘zlangan maqsad dengiz qatnoviga tahdid solish bo‘lgan.

Eron esa BAA tomonidan bildirilgan ushbu ayblovlarni rad etdi.