O‘qituvchilarning o‘rtacha maoshi nihoyat 4 millionga yetdi: narxi oshirilgan iPhone olish uchun ular nechta oyligini yig‘ishi kerak? Iqtisodiy o‘sish tezlashgani sezilmayapti: aholi real daromadlari o‘sishi sekinlashgan. Ishdagi ishq tillarda doston: amaldor shakarguftorlik uchun xizmat xonasini va selektor vaqtini tanladi. Ortda qolayotgan hafta voqealari – Kun.uz dayjestida.

O‘qituvchilar oyligi qanchaga yetdi?

O‘zbekistonda ta’lim sohasidagi o‘rtacha oylik nihoyat 4 mln so‘mga yetdi. Statistika qo‘mitasiga ko‘ra, 2025 yilning birinchi yarmida pedagoglarning o‘rtacha maoshi 4 mln 142 ming so‘mni tashkil etgan. Daromad solig‘ini chegirib tashlab, dollarga o‘girganda, o‘qituvchilarning qo‘liga tegayotgan o‘rtacha summa 285 dollarga teng. Bu raqam tibbiyot sohasida bundan-da kam: sog‘liqni saqlash sohasidagilar o‘rtacha 255 dollarga ishlashmoqda.

Sohalar kesimida 16,3 mln so‘m o‘rtacha maosh bilan bank-moliya xodimlari birinchi o‘rinda bormoqda. Axborot va aloqa sohasidagi maoshlar esa 14,8 mln so‘mga yetgan. Boshqa hech qaysi sohada o‘rtacha oyliklar 10 mln so‘mga bormaydi. Hududlar kesimida Toshkent shahrida o‘rtacha oyliklar ilk marta 10 mln so‘mdan oshgan, qolgan aksariyat hududlarda rasmiy maoshlar poytaxtdagidan 2 barobar kam va oradagi farq borgan sari oshishda davom etyapti.

Boshqa bir statistikaga ko‘ra, birinchi yarim yillikda O‘zbekiston yalpi ichki mahsuloti prognozlardan yuqoriroq – 7,2 foizga o‘sgan. Aholining real daromadlari esa 9,5 foizga oshgan va bu – o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 2,4 foiz bandga past. Ya’ni, iqtisodiy o‘sish tezlashgan bo‘lsa-da, odamlar buni o‘z cho‘ntagida sezmayapti, chunki aholining real daromadlari o‘sishi sekinlashgan. Bunda, xorijdan pul o‘tkazmalari sezilarli tarzda, 27 foizga ko‘paygani ham odamlarning topish-tutishi yaxshilanish sur’atini tezlashtira olmagan.

Eslatib o‘tamiz, budjet tashkilotlari xodimlarining ish haqi va stipendiyalar 1 avgustdan boshlab 10 foizga oshadi. Avvalroq, 1 iyuldan e’tiboran pensiya va nafaqalar ham 10 foizga ko‘tarilgandi.