23:48 / 17.06.2018
122854

Toshkentdan 836 km uzoqlikda qurilgan metro haqida bilasizmi?

Markaziy Osiyo shaharlari ichida metro faqat Toshkentda qurilgan, deganlar qattiq adashadi. Nisbatan ancha kichik bo‘lsa-da, Qozog‘istonning Olmaota shahrida ham metro ishlab turibdi. Toshkentdagi metrodan 836 km uzoqlikda 23 yil davomida qurilgan Olmaota metro yo‘nalishi 2011 yili 1 dekabrda ishga tushdi. Oradan ikki yil o‘tib, yangi ikkita metro bekati foydalanishga topshirildi. Metro bekatlarida o‘zgacha tuyulgan jihatlarga to‘xtalamiz.

Juda pastda, lekin qisqa!

Dastlab 8,6 km uzunlikdagi bir yo‘nalish bilan ishga tushgan Olmaota metropoliteniga 2015 yil 2,74 km masofa qo‘shildi. Shunday qilib, 9ta metro bekatiga ega Olmaota metropoliteni juda zamonaviy anjom va vositalar bilan jihozlangan. Ish vaqti 6:20dan 23:30gacha davom etadi.

Ha, Olmaota metrosi qaysidir ma'noda Moskva yoki shu kabi megapolislar metropolitenini eslatib yuboradi. Bekat kassasiga yetib borish uchun odatlanganimdan ko‘ra ko‘proq qadam tashladim. Eskalatordan tushayotgan kishining boshi aylanib ketishi mumkin.

Tekshiradi, metallodetektor ham bor

Xoh ishoning, xoh ishonmang, bekatga kirishim bilan ikki nafar xavfsizlik xizmati xodimlariga duch keldim. Endi sumkalarimni ochib ko‘rarmikan, deb ensam qotdi. Aslo! Shunchaki metallodetektordan o‘tib, aeroportda bo‘lgani kabi yuklarimni skaner apparatiga qo‘ydim. Bu jarayon uzog‘i bilan 15 soniya davom etadi. Keyin kassaga yo‘nalib, jyeton sotib oldim. u 80 tenge (taxminan 2000 so‘m) turadi. Jyeton tashlaydigan joy ham, kassa hududi ham o‘ta zamonaviy jihozlangan.

Endi Toshkent metropolitenida ham fotosuratlarga tushirishga ruxsat berildi. Bu Olmaota metrosida oddiy hol, faqat ofitserlar turgan maydonni, aniqrog‘ini xavfsizlik xodimini suratga olish mumkin emas.

Ikki qavatli va g‘amxo‘r bekat

Bekat ikki qavat bo‘lib ko‘ringani bilan, aslida unday emas. Shunchaki, asosiy zinadan tushishga qiynalgan shaxslar, aravachada o‘tirgan yo‘lovchi yoxud og‘ir yuki bilan metroda ketishni niyat qilganlar ham manzilga qiyinchiliksiz yetib olish uchun shunday qilingan. O‘rtada lift mavjud, shu orqali zinadan tushmagan birinchi qavatga osongina pastlaysiz.

Olmaota metro bekatlarida nogironligi bo‘lgan shaxslar hech kimning yordamisiz ham bemalol manzilga yetib boradi. Ko‘zi ojizlar uchun maxsus chiziq tortilgan. Chiziq bo‘ylab brayl alifbosi kabi bo‘rtib chiqqan tugmachalar mavjud.

O, bu vagonlar...

Metroda harakatlanayotgan vagonlar orasida to‘siq yo‘q, buning qulay jihati ham bor. Masalan, istalgan vagonga chiqsangiz ham, odamlar orasidan yurib, bo‘sh joy topasiz. Vagonda reklama mavjud, ammo u qog‘ozda kam ko‘zga tashlanadi. Asosan led-monitor orqali namoyish etilayotgan zamonaviy reklamalarni tomosha qildim. Aytgancha, Qozog‘istonda davlat tili qozoq tili, shu bilan birga rus tili ham rasmiy til sifatida tan olingan. Mantiqan vagonda yangrayotgan e'lonlar har ikki tilda bo‘lishi kerak, ammo ingliz tilida ham ma'lumot berilishi yoqdi. Olmaota xorijiy sayyohlarni ham unutmaydi.

Alisher Ro‘zioxunov

Mavzuga oid
Top