Putin muzokaralarga qaytishga rozi
Ukrainadagi urushni tugatish boʻyicha fevraldan buyon toʻxtab turgan uch tomonlama muzokaralar kelasi oyda qayta boshlanishi mumkin. Kremlga koʻra, prezident Vladimir Putin 21-oktabr kuni AQSH prezidentining maxsus vakili Stiv Uitkoff bilan uchrashuvda bunga rozi boʻlgan.
Texnik darajadagi AQSH-Rossiya-Ukraina muzokaralari 10-noyabrdan keyin Abu-Dabida oʻtishi mumkin. Ular urush tugagach, Ukraina va Rossiya xavfsizligini qanday kafolatlash masalasiga qaratiladi.
Reuters’ning yozishicha, qariyb uch soat davom etgan uchrashuv Moskvaning xayrixohlik ishorasi bilan boshlandi: Rossiya Tramp ozod qilishni soʻragan 74 yoshli amerikalik Stiven Habbardni qoʻyib yubordi. Habbard 2022-yilda Ukrainada qoʻlga olingan va yollanma jangchilikda ayblanib, qariyb yetti yilga qamalgandi. Tramp bu ozodlik uchun hech qanday «almashuv» kerak boʻlmaganini yozdi.
Uitkoff Putinga bir kun avval Osloda oʻtgan muzokaralarda «maʼlum darajada ilgarilash» boʻlganini aytgan. Biroq Kreml ulardan unchalik mamnun emas. «Bu nyuanslar taʼbir joiz boʻlsa, bizni toʻliq qanoatlantirmaydi», dedi Putinning yordamchisi Yuriy Ushakov.
Shu bilan birga Rossiya prezidenti yordamchisi mojaroni yakunlash istiqbollari haqida «Bilmadim, biz qanchalik yaqinmiz, ammo ish shunga qarab bormoqda», dedi.
Peterburgdagi uchrashuvda Eron masalasi ham koʻtarilgan. Putin Eron bilan kelishuvga erishish mumkin va zarurligini aytib, bu borada AQShga yordam taklif qildi. Tomonlar, shuningdek, kelasi oyda Xitoyda Tramp va Si Jinping ishtirokida boʻlishi mumkin boʻlgan uchrashuvni ham muhokama qilgan. Kreml Pekin bunday uchrashuvga tayyorgarlik koʻrayotganini maʼlum qildi.
AQSH Saudiyadan diplomatlarini olib chiqmoqda
Husiylarning Saudiya Arabistoniga hujumlari kuchaygani sabab AQSH qirollikdagi diplomatlarining bir qismini olib chiqmoqda. Davlat departamenti rasmiy vakiliga koʻra, buyruq «faqat Saudiya Arabistonidagi shoshilinch boʻlmagan AQSH hukumati xodimlari va ularning oila aʼzolariga» tegishli. Biroq amerikalik rasmiylarning Reuters'ga aytishicha, Fors koʻrfazidagi boshqa davlatlarda joylashgan AQSH vakolatxonalari ham xodimlarning oila aʼzolariga ketishni buyuradi.
«Husiylarning fuqaro aeroportlari va boshqa muhim infratuzilmaga qilingan hujumlari tinch aholi orasida qurbonlarga va qatnovlarning jiddiy izdan chiqishiga olib kelmoqda», dedi Davlat departamenti vakili.
















