«Manchester Yunayted» YECHL guruh bosqichi 3-turida «Komo» maydonida yirik hisobda magʻlubiyatga uchradi (1:4). Oʻyindan keyin esa klub lagerida mojaro yuzaga keldi: jamoa sardori Brunu Fernandesh ochiqchasiga bosh murabbiy Maykl Kerrikning taktik rejasini tanqid ostiga oldi va toʻpsiz oʻynashda boshqacha yondashuvni taklif qildi.
Oʻzaro ayblov
«Yunayted» safar oʻyinida ilk daqiqalardan muammoga duch keldi: «Komo» yarimhimoyachisi Niko Pas ikkinchi daqiqadayoq hisobni ochdi. Italyanlar tanaffusdan keyin hisobni yirik koʻrinishga keltirishdi: Anastasios Duvikas, Pas va Xakobo Ramon navbati bilan gol urishdi. Mehmonlar 91-daqiqada Joshua Zirkzening yagona goli bilan javob qaytarishdi.
Oʻyin yakunlanganidan keyin inglizlar jamoasi lagerida vaziyat keskin tus oldi. «MU» sardori bosh murabbiy tomonidan ushbu oʻyin uchun tanlangan taktika toʻgʻri boʻlganiga oshkora shubha bildirdi. Oʻyinning 67-daqiqasida zaxiraga olingan portugaliyalik yarimhimoyachi personal pressingdan voz kechib, raqibga toʻp bilan erkin harakat qilish imkoni berilganiga eʼtiroz bildirgan.
«Bu biz oʻyinni yomon boshlab, tezkor gol oʻtkazib yuborgan ilk oʻyinimiz emas. Raqib toʻpga egalik qilayotganida deyarli bosim uyushtirmayapmiz, toʻpga egalik qilganimizda ham sifatli oʻynamayapmiz, deyarli hech narsa oʻxshamayapti. Tezkor gol oʻtkazib yuborganingda allaqachon yutqazib qoʻygandek hissiyot paydo boʻladi. Bunday holatdan chiqib ketish qiyin, dadil harakat qilish, toʻpni nazorat qilish va vaziyatlar yaratish qiyinlashadi. Agar biz buni uddalay olmasak, vaziyatni oʻzgartirish juda qiyin boʻladi», – deya tushuntirgan Brunu.
Shundan keyin u murabbiylar shtabi qarorlari yuzasidan fikr bildirgan.
«Personal pressing uyushtirmaslik, raqibga boʻshliq qoldirish va toʻpni olib qoʻyish uchun imkon kutish – murabbiylarning qarori edi. Ammo bunday jamoalarga haddan tashqari erkinlik berilganda, ular oʻzlariga katta ishonch his qila boshlaydi. Buga men emas, bosh murabbiy va uning shtabi baho berishi kerak. Baʼzida dadilroq harakat qilish, tavakkalchilikka qoʻl urish, oldinroqda bosim oʻtkazish va raqibga noqulaylik tugʻdirish kerak. Ularning markaziy himoyachisi meni maydonning ikkinchi yarmidayoq qarshi oldi. Biz ham shunday qilishimiz kerak edi, lekin uddalay olmadik», – deya uning soʻzlarini keltiradi TNT Sports.
Jurnalist toʻgʻridan toʻgʻri Kerrik tanlagan taktika xatomidi, deya soʻraganida futbolchi javobdan qochgan, ammo tanqidini davom ettirgan: «Bu savol menga emas, murabbiy va uning shtabiga. Baʼzida dadilroq boʻlish kerak, sizni pressing qilishganida tavakkalchilikka borish va bosim uyushtirib, ularni oʻzini noqulay his qilishga majburlash kerak».
Mavzuga oid
Kerrikning oʻzi ham futbolchilardan noroziligini yashirib oʻtirmagan. Ingliz nashrlari yozishicha, hakamning oʻyin yakunlangani haqidagi hushtagi chalinganidan keyin u futbolchilar orasidan oʻtib, «Yunayted» muxlislariga minnatdorchilik bildirish uchun tribunalar qarshisiga borgan, keyin esa hech kim bilan gaplashmasdan maydondan chiqib ketgan. Oʻyindan keyingi matbuot anjumanida Maykl xatolarga yoʻl qoʻyganini tan olib, magʻlubiyat uchun bor masʼuliyatni oʻz zimmasiga olgan.
Undan jamoa sardorining soʻzlariga munosabatini soʻrashgan. Murabbiy futbolchi bilan toʻgʻridan toʻgʻri bahsga kirishmagan, ammo futbolchilarning oʻzi yetarlicha intensiv harakatlana olmaganiga eʼtibor qaratgan.
«Ikkinchi boʻlimda personal pressing qilishga urindik, ammo buni yetarlicha intensivlik bilan amalga oshirmadik va aynan shundan soʻng gol oʻtkazib yubordik. Agar siz yugurmasangiz, oldinga tashlanmasangiz va oʻz vaqtida ortga qaytmasangiz, gʻalaba qozona olmaysiz».
Brunu nimani nazarda tutgan va u qanchalik haq?
Mohiyatan, Fernandesh Kerrik shtabining oʻyin uchun qoʻyilgan asosiy koʻrsatmasi yuzasidan bahslashmoqda. «MU» «Komo» futbolchilarini butun maydon boʻylab taʼqib qilmadi va ularni quyi blokda tigʻiz joylashgan holda kutib oldi. Bu reja maydonning katta qismi topshirishni, raqib katta kuch bilan oldinga chiqqanida qarshi hujumlarga chiqishni nazarda tutardi. Brunoning hisoblashicha, «Komo»dek jamoalarga qarshi bu ish bermaydi: ularga qanchalik koʻp erkinlik berilsa, ular shunchalik oʻziga ishonch bilan oʻynaydi. U «Yunayted» ham «Komo» kabi dadil harakat qilishini xohlagandi.
Birinchi boʻlimda «Komo» oʻyin vaqtining 60 foiz qismida toʻpga egalik qildi, toʻpni ishonch bilan olib yurdi, «MU» esa tanaffusga qadar darvoza sohasiga toʻgʻri borgan birorta zarba bera olmadi.
Ammo oʻtkazilgan gollarga qaralsa, gap murabbiylar shtabining pressing sxemasida emasligini koʻrish mumkin. Birinchi epizodda himoyachilar Niko Pasga jarima maydoni chizigʻi yaqinida toʻpni qabul qilib, uni oyogʻiga moslashtirib, oʻgirilib, zarba berishiga tomoshabin boʻlib turishdi.
Ikkinchi va uchinchi gollar esa Karlos Baleba maydon markazida sustkashlikka yoʻl qoʻyishi oqibatida oʻtkazildi: avvaliga Lyuk da Kunya uni osonlik bilan aldab oʻtdi, keyin esa Pas undan toʻpni olib qoʻyib, jarima maydonigacha kirib bordi va oʻzi gol urdi. Personal pressing bunday xatolardan saqlay olmaydi.
Oʻz navbatida, Brununing eʼtirozida ham jon bor: kuchli texnarlarga ega boʻlgan jamoaga toʻpni topshirib, passiv oʻynash – katta tavakkalchilik edi va «Komo» bundan foydalandi. Shu bilan birga, yuqori chiziqda personal pressing uyushtirish futbolchilarning sinxron harakatlarini talab etadi, «MU» esa bunday jihati bilan maqtana olmaydi.
Quyidagi skrinshotda birinchi liniyadagilar bosim uyushtirganida ikkinchi liniya oldinga bormagani va orada katta boʻshliq hosil boʻlganini koʻrish mumkin.
Va Brununing oʻzi ham farishta emas – u koʻp hollarda jamoadoshlari qoʻllovini kutmasdan yakka oʻzi pressingga boradi va hech narsaga erisha olmaydi. U zarurat boʻlmaganida ham darvozabonni pressing qilishni yoqtiradi va jamoadan uzilib qoladi.
Qolaversa, «Komo» bilan oʻyin uchun tarkib dadil pressing uyushtirishga mos emasdi: maydonda Kobbi Maynu, Lyuk Shou va Lisandro Martines yoʻq edi, Matteys de Liht esa oʻtgan yil noyabridan buyon ilk bor startda tushgandi. Bunday sharoitda butun maydon boʻylab raqibning har bir futbolchisiga bittadan futbolchi biriktirish yanada xavfli edi. Bu oʻyin uchun murabbiylar shtabi tanlagan uslub nazariy jihatdan toʻgʻri va tushunarli edi, ammo bu amalda ish bermadi.
Endi Kerrikning muammosi birgina taktikada emas. 1:4 hisobidagi magʻlubiyatdan keyin jamoa sardori barchasini murabbiyga toʻnkadi – bu esa uning avtoritetiga jiddiy zarbadir.
Gʻalabasiz yetti oʻyin va isteʼfo xavfi
Italiyadagi yirik magʻlubiyat «Manchester Yunayted» uchun muvaffaqiyatsiz mavsum startidagi navbatdagi epizod boʻldi. Jamoa barcha turnirlar doirasida qatorasiga yetti oʻyinda gʻalaba qozona olmayapti: bu oraliqda toʻrt oʻyinda magʻlub boʻlgan va uch bor durang oʻynagan. Mankunianliklar bu mavsumdagi 11 oʻyinda faqat ikkitasida gʻalaba qozondi - APLda «Ipsvich» bilan oʻyinda (5:2) va Chempionlar ligasida Ozarboyjonning «Sabah» (4:0) klubiga qarshi.
Muvaffaqiyatsizliklarga antirekordlar hamrohlik qilmoqda. Opta portali maʼlumotiga koʻra, «MU» Angliyaning Yevropa maydonlarida qatoorasiga ikki oʻyinda dastlabki ikki daqiqa ichida gol oʻtkazib yuborgan ilk jamoasi boʻldi. Oʻtgan turda Kerrik boshqaruvidagi jamoa «Atletiko»ga birinchi daqiqadayoq gol urishga imkon bergandi, endi esa «Komo»dan ikkinchi daqiqadayoq gol oʻtkazib yubordi. Bundan tashqari, jamoa YeChLda 2019-yildan buyon ilk bor uchta toʻp farqi bilan yutqazdi – oʻshanda «qizil iblislar» «Barselona»ga magʻlub boʻlgandi (0:3).
Muammo faqat yevrokuboklar bilan cheklanmaydi. «MU» Angliya chempionatida yetti turda yetti ochko toʻplagan holda turnir jadvalida 13-oʻrinda bormoqda. Bundan tashqari, klub sentabr oyida «Brayton»ga qarshi oʻyinda 2:0 hisobida oldinda bora turib, yakunda yutqazdi (2:3) va Angliya ligasi kubogini erta tark etdi. Koʻp sonli jarohatlar esa vaziyatni yanada ogʻirlashtirmoqda: «Komo»ga qarshi oʻyinda Kerrik asosiy tarkibning bir necha vakillari xizmatlaridan foydalana olmadi.
Muvaffaqiyatsiz natijalar va jamoa ichkarisidagi toksik muhit tufayli britan nashrlari bosh murabbiy isteʼfosi yaqin ekani haqida bong urmoqda. Angliyadagi turli nashrlarga koʻra, uning oʻrniga kelishi mumkin boʻlgan bir necha nomzod bor – ular orasida Antonio Konte, mavsum arafasida «Nyukasl» bosh murabbiyligini tark etgan Eddi Hau hamda jahon chempionatidagi muvaffaqiyatsizlikdan keyin Germaniya milliy jamoasi boshqaruvini tark etgan Yulian Nagelsmann kabilar bor.
«Manchester Yunayted» keyingi oʻyinni 25-oktabr kuni «Old Trafford»da «Bornmut»ga qarshi oʻtkazadi. Ammo oʻsha kuni jamoani Kerrik boshqarishi aniq emas.
Fevralda Brunu Kerrikni maqtayotgandi
2026-yil 7-fevral kuni «Manchester Yunayted» «Tottenhem»ni magʻlub etib (2:0), Kerrik qaytganidan keyin qatorasiga toʻrtinchi uchrashuvda gʻalaba qozongandi. Fernandesh oʻshanda ikkinchi golni urgan va oʻyindan keyin murabbiy shaʼniga maqtov yogʻdirgandi.
«Maykl toʻgʻri gʻoyalar olib keldi. U futbolchilarga masʼuliyat yukladi, ammo maydonda qaror qabul qilish boʻyicha erkinlik ham berdi. U kerakli soʻzlarni topa oladi. Oʻylaymanki, Maykl oʻtgan safar jamoani boshqarganida unga nima deganimni hali ham eslaydi. Oʻshanda ham u ajoyib murabbiy boʻlishi mumkinligiga ishonchim komil edi. Endi u buni isbotlayapti. Umid qilamanki, biz unga yordam berishda davom etamiz, shunda hamma nafaqat bizning yaxshi futbolchilar ekanimiz va «MU»da oʻynashga loyiqligimizni, balki murabbiylar shtabimiz qanchalik yaxshi ekanini ham koʻradi», – degandi Brunu.
Fernandesh 2021-yil dekabridagi vaziyatni eslagandi, oʻshanda Ole-Gunnar Sulsher isteʼfoga chiqarilgan va Kerrik vaqtincha «MU» bosh murabbiyiga aylangandi. Uning boshqaruvidagi uchta oʻyinda jamoa «Vilyarreal» (2:0) va «Arsenal» (3:2) ustidan gʻalaba qozongan, shuningdek, «Chelsi» bilan durang oʻynagandi (1:1). Aynan oʻshanda Brunu Kerrikning murabbiylikdagi istiqboliga ishonishini aytgandi. U Maykl klubdagi standartlarni toʻgʻri tushunishini qayd etgandi: «U bu yerda hamma narsani yutgan. «Manchester Yunayted» bilan gʻolib boʻlish, bu muxlislar uchun oʻynash va muvaffaqiyat uchun qanchalik mehnat qilish kerakligini juda yaxshi biladi».
Uning fevraldagi maqtovli soʻzlari bejiz emasdi. Kerrik qaytganidan keyin Fernandeshni uning odatiy oʻnlik pozitsiyasiga qaytargandi, Ruben Amorim davrida esa u ancha orqaroqda oʻynashiga toʻgʻri kelgandi. Yangi bosh murabbiy buni jamoa sardoriga hujumlarda erkinlik berish istagi bilan izohlagandi. U futbolchining yuqori intellekti, vaziyatlar yarata olish va maydonda mustaqil yechimlar topish salohiyatini eʼtirof etgandi.