2021 yil 1 fevraldan «Toshkent – Andijon – Toshkent» yo‘nalishida harakatlanayotgan 60/59-sonli yo‘lovchi poyezdlarining jo‘nash va qabul qilish manziliga o‘zgarish kiritiladi. Bu haqda Kun.uz muxbiriga «O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi» AJ matbuot xizmati xabar berdi.

Joriy yilning 1 fevralidan boshlab, «Toshkent – Andijon» yo‘nalishida harakatlanayotgan 60-sonli yo‘lovchi poyezdi Toshkent markaziy vokzalidan harakatini boshlaydi.

Shuningdek, «Andijon – Toshkent» yo‘nalishida harakatlanayotgan 59-sonli yo‘lovchi poyezdi Toshkent markaziy vokzaliga qabul qilinadi.

Qo‘shimcha ma'lumotlarni Toshkent shahrida 1005 qisqa telefon raqami, joylardagi temir yo‘l kassalari hamda ma'lumotlar byurosidan bilib olish mumkin.