Stiv Uitkoff Donald Tramp bilan do‘stlashganiga 40 yildan oshdi — ular ikkisi ham ko‘chmas mulkka investitsiya kiritish bilan shug‘ullanib kelgan. Uitkoff hatto 2024 yil dekabrda tug‘ilgan nabirasiga Tramp sharafiga Don ismini qo‘ygan.

Trampning ikkinchi prezidentlik muddati boshlanganida Uitkoff kutilmaganda jahondagi eng muhim diplomatlardan biriga aylandi. U Trampning Yaqin Sharqdagi maxsus vakili sifatida 2025 yil yanvarida Isroil va Hamas o‘rtasida G‘azo sektorida o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuv imzolanishida muhim rolni bajardi. Buning ortidan Tramp unga Ukrainada qariyb uch yildan buyon davom etayotgan urushni yakunlash uchun Rossiya bilan aloqalarni yo‘lga qo‘yishni topshirdi.

11 fevral kuni Uitkoff giyohvand moddalar kontrabandasi uchun Rossiya qamoqxonasida o‘tirgan amerikalik maktab o‘qituvchisi Mark Fogelni olib ketish uchun xususiy biznes-jyetda Moskvaga uchib keldi. Buning evaziga AQSh BTC-e kriptovaluta birjasining hammuassisi Aleksandr Vinnikni ozod qildi — u pul yuvish bo‘yicha jinoyatini tan olgan.

Donald Tramp va Mark Fogel, 2025 yil 11 fevral
Kevin Lamarque / Reuters / Scanpix / LETA

O‘zining qisqa tashrifi davomida Uitkoff Rossiya rasmiylari vakillaridan biri bilan suhbatlashishga muvaffaq bo‘lgan. Qaytganidan keyin jurnalistlarning savollariga u shunday dedi: Rossiyadan kelgan bir jyentlmen bor, uning ismi Kirill, u bunga bevosita aloqador. U ikki tomon o‘rtasida ko‘prik qurgan juda muhim vositachi edi».

Taxminlarga ko‘ra, gap Rossiya to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiyalar jamg‘armasi (RFPI) bosh direktori Kirill Dmitriyev haqida ketmoqda. U Stenford va Harvard bitiruvchisi, yoshligida McKinsey va Goldman Sachs’da ishlagan, 2007 yildan 2011 yilgacha Ukrainaning taxminan milliard dollarlik kapitalga ega Icon Private Equity investitsiya fondini boshqargan — bu asosan Ukrainaning sobiq prezidenti Leonid Kuchmaning kuyovi Viktor Pinchukning puli edi. Pinchuk Kirill Dmitriyevni VEB davlat korporatsiyasi rahbari Vladimir Dmitriyevga tavsiya qilgan (ular qarindosh emas). 2011 yilda ikki Dmitriyev o‘sha paytdagi prezident Dmitriy Medvedev va bosh vazir Vladimir Putinni suveren investitsiya fondini yaratishga ko‘ndirishadi va unga Kirill Dmitriyev rahbarlik qiladi.

RFPI investitsiya kiritgan eng mashhur loyiha kovidga qarshi «Sputnik V» vaksinasi bo‘ldi.

Dmitriyev Putin oilasiga yaqin. Uning rafiqasi Natalya Popova — prezidentning kenja qizi Katerina Tixonovaning kursdoshi va dugonasi — 2012 yildan beri «Innopraktika» fondida uning o‘rinbosari. Dmitriyning o‘zi esa bir necha yil Tixonovaning o‘sha vaqtdagi turmush o‘rtog‘i Kirill Shamalov bilan birga «Sibur» direktorlar kengashida bo‘lgan.