Zilzilaga dosh berolmagan Qahramonmarash: boshpanasidan ayrilganlar dahshatni qanday eslashadi?
Turkiyada 6 fevral tongida ro‘y bergan vayronkor zilzilalardan birining o‘chog‘i - Qahramonmarash shahri bo‘lgan edi. Bu shaharda zilzila kuchiga dosh bera olmasdan qulagan binolar juda ko‘p.
Turkiyadagi zilziladan bir haftadan ziyod vaqt o‘tdi. Endi qidiruv-qutqaruv ishlari sekin yakunlanmoqda. Tirik qolganlarning topilishi dargumon. Vayronalar ostida qamalib qolganlar endi tunlari minus darajaga tushayotgan ob-havo sharoitida, suvsiz yemaksiz buncha muddatda tirik qolish imkonsizligini barcha tushunib, taqdirga tan berib turibdi. Shuning uchun topilayotgan har bir tirik jon mo‘jiza sifatida kutib olinmoqda.
Vayronlar orasida jon saqlayotgan Erdo‘g‘anbey bilan biroz suhbatlashdik. U ko‘chalarni aylantirib, vayronkor zilziladan oldin qanday hayot kechirgani haqida gapirib berdi.
- Bu yerda qayerda yashardingiz?
- Eprallar mahallasida...
- Yuqoridami?
- Ha. Biroz yuqorida. Zilzilada amakimning o‘g‘li, ammamning o‘g‘li, rafiqasi vafot etdi. Oltita janozamiz bor.
- Alloh rahmat qilsin.
Kimdir biz tomon ovoz berdi. “Seni chaqirishyapti”, dedi Erdo‘g‘anbey. Ovoz kelgan tomon keta boshladik.
- Bu yerda kim bilan turibsiz, abi?
- Amakilarim bilan.
- Ko‘rganlaring shu bo‘lsin, abi. Alloh rahmat aylasin.
- Uning ismi Ramazon, — dedi Erdo‘g‘anbey o‘tinda ovqat pishirayotgan qariya tomon ishora qilib.
- Yaxshimisiz, Ramazonbey.
- Ko‘rganlaring shu bo‘lsin, abi. Alloh rahmat aylasin.
- Salomatlik bo‘lsin. Uyimiz yiqildi.
- Nechanchi qavatda yashardingiz?
- Eng yuqori qavatda. Sakkizinchi qavatda.
- Erdo‘g‘anbey, sizning uyingiz qayerda edi? Bu yerda emas-a, yo‘qotganingiz?
- Biroz teparoqda.
- Teparoqdami?
- Eprallar mahallasida.
- Piyoda yetib borolamizmi?
- Hozir boramiz.
- Bu yerda necha qavatli uy bor edi?
- To‘qqiz qavat.
Eprallar mahallasi bo‘ylab Erdo‘g‘anbek bilan borar ekanmiz, telefoniga ma’yus tikilgancha qarindoshlarining suratlarini varaqlab turgan ikki ayolga ko‘zimiz tushdi.
- Xolavachchalarim... — dedi ulardan biri yosh yigit va qizning rasmini ko‘rsatib.
- Nima bo‘ldi ularga?
- Nimayam bo‘lardi? Yotoqlarida o‘lik topildi. Ustiga devor qulagan.
- Alloh rahmat qilsin
- Siz qayerda yashardingiz?
- Ular voliylik yonidagi binoda yashardi.
- Siz-chi?
- Men qishloqdan keldim. Avval Milliy ta’lim shohko‘chasida yashaganman. Hozir qishloqdaman.
- Bu kimning uyi edi?
- Opamning, — deya juvon yonida turgan yoshi kattaroq opasiga ishora qildi.
- Opa, bu sizning uyingiz edimi?
- Bunisi meniki edi.
- Necha qavatli edi?
- Yetti qavatli bino edi.
- Xonadoningiz?
- Oltinchi qavatda edi. Turk bayrog‘i ilingan uy. Bizning binoning ostida yerto‘la bor edi. Yer silkinganda lift kabi bir qavat pastga tushdik. So‘ng yana bir qavat bosib qoldi. Men his etdim. Tomga qaradim. Shiftga qarab, qachon yuzimni bosib qolarkin deb kutdim. Yon tomonimda bolalar xonasi bor edi. U ham pastga qulaganini his etdim. Bolalarimga zina tomon bormay, yotoqxonaga kelishni aytdim. Katta qizim “ona, ukalarim pastga quladi”, deb aytdi. Erim bolalarimning ortidan o‘zini otdi.
Darhol ijtimoiy tarmoqlar orqali zilzila bo‘lib, ichkarida qoldik deb xabar berdik. Qishloqdan jiyanlarim keldi. Bizni qutqarib olishdi. Shunday qilib qutulib chiqdik.
- Bolalaringiz salomatmi?
- Ikki qizim jarohatlangan, qolganlari sog‘-salomat. Sulolamizda ko‘p yo‘qotishlar bor. Juda ko‘p yo‘qotishlar bor.
- Bobomiz, xolavachchalarimiz... — dedi singlisi
- Kimlaringizni yo‘qotdingiz?
- Bobom ketdi...
- Alloh rahmat qilsin.
- Xolavachchalarim ketdi. Tog‘alarimning bolalari ketishdi. Qayinog‘amning bolalari ketishdi. Urug‘imizda ko‘p yo‘qotish bo‘ldi.
- Alloh rahmat qilsin.
- Omin.
Qahramonmarashdagi ishlarni yakunlab, Hatay viloyatiga yo‘l oldik. O‘zbekistondan borgan qutqaruvchilar aynan o‘sha joyda ishlashmoqda. Keyingi reportajlarimiz qahramonlari hatayliklar bo‘ladi.
Sardorbek Usmoniy, Kun.uz muxbiri.
Turkiya. Qahramonmarash.
Mavzuga oid
16:43 / 06.11.2024
Erdo‘g‘an turkiyzabon davlatlarni umumiy alifboga o‘tishga chaqirdi
18:09 / 05.11.2024
Turkiya Qirg‘izistonning tashqi qarzidan kechdi
09:50 / 04.11.2024
Turkiya TIV rahbari: Ukraina yaxlitligi tinchlikning shartidir
10:30 / 02.11.2024