Ronaldusiz Portugaliyada gʻalabali seriya, Kloppda ilk muvaffaqiyat
|12:073 91111 min
Hoylund golini Ronaldu uslubida nishonladi, oʻyindan keyin esa Portugaliya ustozi Jorje Jezushni turtib tashladi. Greklar Germaniya va Niderlandiya bor guruhda peshqadam boʻlib oldi.
Foto: Reuters Gonsalu Ramush navbatdagi golini nishonlamoqdaFoto: Reuters Gonsalu Ramush navbatdagi golini nishonlamoqda
Millatlar ligasi guruhlarida 3-tur uchrashuvlari boshlandi.
Portugallar Kopenhagendagi oʻyinni asosiy yulduzi Krishtianu Ronaldusiz oʻtkazdi. Brunu Fernandesh sardorlik bogʻichi bilan maydonga tushdi, Rafael Leau «yettinchi» raqamli futbolkani oʻziniki qildi. Bu nomer Portugaliya futboli afsonasi isyon qilib, milliy jamoa qarorgohini tark etganidan keyin boʻsh qolgandi.
Mehmonlar 13-daqiqadayoq hisobda oldinga chiqib olishdi. Aynan Ronalduning oʻrniga tushayotgan Gonsalu Ramush avvaliga darvoza ustunini nishonga oldi, qaytgan toʻpga oʻzi ega chiqdi va Joau Kanseluni golli uzatma bilan taʼminladi.
Daniyaliklar chiroyli gol bilan javob qaytarishdi – Mikkel Damsgor ideal zarbasi bilan toʻpni olis burchakka aniq yoʻnaltirdi. Lekin ikki daqiqa oʻtib Gonsalu Ramush yana katta sahnaga chiqdi va himoyachilardan qochib ketib, yaqin burchakni nishonga oldi. Ronaldu zaxirada qolishi evaziga asosiy tarkibda tushayotgan «Milan» forvardi qatorasiga ikkinchi oʻyinda gol urmoqda. Boʻlimning qolgan qismida daniyaliklar posboni Mads Hermansen Leau va Ramushning murakkab zarbalarini qaytardi va oʻyindagi intrigani saqlab qoldi.
Ikkinchi boʻlim startida esa oʻyinning eng asosiy epizodlaridan biri roʻy berdi. Stadionga yigʻilgan muxlislar Ronaldu uslubidagi gol nishonlanishiga guvoh boʻlishdi. Ammo golni portugaliyaliklar emas, daniyaliklar urgandi. Rasmus Hoylund Damsgorning jarima maydoniga uzatmasiga oʻzini taklif qildi va toʻpni texnik harakat bilan darvozabon ustidan oshirib tashladi. Shundan keyin bolaligidan Ronalduning fanati ekanini bir necha bor tan olgan ushbu hujumchi portugallardan oʻz kumiri uchun oʻch olayotgandek uning gol nishonlash uslubini takrorladi.
Mavzuga oid
Hisobdagi tenglik uzoq saqlanib qolmadi va Fernandesh navbatdagi pasi bilan Vitinyani golli vaziyatga chiqardi. Bu safar zaxira oʻrindigʻida qolgan Joau Feliks esa maydonga tushganidan olti daqiqa oʻtib, yakuniy hisobni oʻrnatdi. Bu uning Millatlar ligasidagi uchinchi oʻyinda uchinchi golini urishi boʻldi.
Oʻyindan keyin yana bir eʼtiborga molik voqea roʻy berdi. Ronaldu milliy jamoadan ketishi uchun asosiy sababchi boʻlgan portugallar ustozi Jorje Jezush Rasmusning oldiga borib, unga nimadir dedi, daniyalik hujumchi esa uni turtib, haydab yubordi.
Oʻtgan turda Portugaliyaga yutqazib qoʻygan skandinavlar Uelsdagi oʻyinda vaziyatni oʻnglash uchun darhol oldinga tashlanishdi va tezkor gol bilan hisobni ochishdi. Martin Edegor raqib jarima maydoniga nozik uzatma berdi, toʻpga yetib borgan Oskar Bobb darvozabonga imkon qoldirmadi.
Ammo shundan keyin norvegiyaliklarda himoya chizigʻi pand berdi. Aurshnes oddiy vaziyatda toʻpni oʻz jamoasi jarima maydoniga qaytarishda xatoga yoʻl qoʻydi va toʻpni egallab olgan Tomas qanotdan uzatma berdi, Deniyel Jeyms hisobni tenglashtiruvchi golni urdi.
Ikkinchi boʻlim boshida esa oʻyin taqdirini hal qilgan epizod roʻy berdi. Torbyorn Heggem darvozabon bilan yakkama-yakka vaziyatga chiqib ketayotgan Jeymsni fol ishlatib toʻxtatdi va qizil kartochka olib maydonni tark etdi. Belgilangan jarima zarbasidan esa Neko Uilyams gʻalaba golini urdi. Uning zarbasidan keyin toʻp darvozabon Nyuland qoʻriqlashi kerak boʻlgan burchakka bordi. Norvegiya birinchi davrada faqat bir gʻalaba bilan cheklandi va guruh jadvalida uchinchi oʻrinda qoldi.
Guruhning birinchi va ikkinchi jamoalarining oʻzaro oʻyinida Gretsiya yana bir sensatsiyaga yaqin edi va Niderlandiyaga qarshi oʻyinning birinchi boʻlimini ikki gol ustunligi bilan yakunladi. Hisob yirik koʻrinish olishi ham mumkin edi. 13-daqiqada greklarning goli bekor qilindi: Xristos Zolis toʻpni olis burchakka aniq yoʻnaltirdi, ammo bu vaziyatda mezbonlar hujumchisi Evangelos Pavlidis ofsayd holatida turib, darvozabonga xalal bergan deb topildi va gol bekor qilindi. Bir necha daqiqa oʻtib Zolis jarohat olib maydonni tark etdi, uning oʻrniga tushgan Masuras esa Fotis Ioannidisga golli uzatma berdi.
Tanaffus arafasida Gretsiya navbatdagi golni nishonladi: bu safar Ioannidis qanotdan uzatma berdi, Masuras toʻpni darvozaga joylab qoʻydi – 2:0.
Ikkinchi boʻlimda Virjiyl van Deyk standart vaziyatda oʻz uslubida boshda gol urib, intrigani tikladi. Keyin esa Denzel Dumfris ikki bor gol urdi, ammo ikki gol ham ofsayd tufayli bekor qilindi. Va faqat oʻyinning soʻnggi daqiqalarida Tidjani Reynders niderlandlarni magʻlubiyatdan qutqarib qoluvchi golni urdi – 2:0.
Bu natijadan keyin Gretsiya guruh peshqadamligini saqlab qoldi.
Yurgen Klopp jamoasining birinchi versiyasi dastlabki ikki turda atigi bir ochko oldi va tarixda ilk bor Gretsiyadan magʻlubiyatga uchraldi. Nemislar jamoasining ikkinchi variantidan esa vaziyatni oʻnglash talab etilardi. Guruh autsayderi boʻlgan Serbiyaga qarshi oʻyinda futbolchilar tetik holatda boʻlgani qoʻl keldi. Nemislar oʻyin davomida toʻliq ustunlik qilishdi va bu zarbalar soni boʻyicha hisobda ham aks etdi (32:1).
Shu kuni serbiyaliklar posboni qahramonlik koʻrsatib, anchagacha oʻz darvozasi daxlsizligini saqlab turdi. Ammo boʻlim oxirlarida nemislar oʻyindagi yaqqol ustunlikni baribir golga aylantirishdi: Florian Virsning zarbasidan keyin toʻp ustundan qaytdi, unga birinchi boʻlib yetib kelgan 21 yoshli Tom Bishof hisobni ochdi. Ikkinchi boʻlim boshida esa Nik Voltemade bir necha metr masofadan turib toʻpni darvozaga yoʻllay olmadi.
Koʻp oʻtmay oʻyinning eng yaxshi futbolchisi boʻlgan Virs jarima maydoni ichida toʻpni qabul qilib, raqibni aldab oʻtdi va toʻpni burchakka joylab, intrigaga barham berdi.
Bu Yurgen Klopp uchun Germaniya milliy jamoasidagi ilk gʻalaba boʻlmoqda. U uchinchi urinishda ilk gʻalabasiga erishgan Helmut Shen grafigini takrorlamoqda. Ushbu afsonaviy murabbiy keyinchalik Yevro-1972 va JCH-1974 turnirlarida gʻalaba qozongan, JCH-1966 va Yevro-1976 turnirlarida kumush, JCH-1970 da esa bronza qoʻlga kiritgandi.
4-oktabr. Niderlandiya – Serbiya, Gretsiya – Germaniya
Irlandiya oʻz uyida Avstriya bilan durang oʻynadi – 2:2, holbuki tanaffusga 2:0 hisobidagi ustunlik bilan yoʻl olgandi. Troy Perrott – birinchi boʻlim qahramoni boʻldi: u avvaliga supergol urdi (toʻpni chiroyli harakat bilan oʻziga moslashtirdi, ikki raqibni aldab oʻtdi va yakunda toʻpni darvozabon oyoqlari orasidan oʻtkazdi), keyin esa penaltini aniq ijro etdi.
Ikkinchi boʻlimda esa avstriyaliklar iroda koʻrsatishdi va «Hoffenhaym» futbolchilari oʻyinni qutqarishdi: avvaliga Patrik Vimmer toʻpni raqibdan olib qoʻyib, qanotdan uzatma berdi, jarima maydoni ichida barchadan ildamroq harakat qilgan Aleksandr Prass darvozani ishgʻol etdi. Keyin esa darvozabon Kelleher mezbonlarni uyaltirib qoʻydi: u jarima zarbasi ijro etilishi vaqtida jonli devor tomonga tashlandi, Mixael Gregorich esa toʻpni darvozabon qoʻriqlashi kerak boʻlgan burchakka yoʻlladi.
Isroil – Kosovo 0:0 Isroil: Sur, Shlomo, Nahmias, Stoinov, Halayliy (Dasa, 78), E. Perets, Azulay (Gluh, 73), Solomon, D. Perets (Kanichovski, 78), Baribo (Fayngold, 69), Abada (Turgeman, 69) Kosovo: Saipi, I. Krasnichi, Dellova, Avdili (Gallapeni, 60), Voyvoda, Ye. Krasnichi, Katsuri (Abdullahu, 60), Yashari (Xoʻja, 59), Matoshi (Jegrova, 77), Rrahmani (Rashitsa, 69), Asllani
Isroil navbatdagi raqibi Kosovoni ham Vengriyaning Debretsen shahrida qabul qildi va durangga erishdi. Ikki jamoa jami boʻlib 28 bor zarba berdi, ammo oʻyinda yaqqol golli vaziyatlar kuzatilmadi. Endi isroilliklar keyingi turda Irlandiyaga qarshi yana bir mojaroli oʻyin oʻtkazishadi.
Quyi diviziondagi Malta va Gibraltar oʻyinida ikki gol ham ikkinchi boʻlimda urildi: Jozef Mbong maltaliklarni hisobda oldinga olib chiqqandi, koʻp oʻtmay Jeyms Skenlon javob golini urdi. Mezbonlar gʻalabaga yaqinroq edi, ammo yaratilgan vaziyatlardan foydalana olmadi.
4-oktabr. Malta – Andorra
D ligasi, 2-guruh
Ozarboyjon – Lixtenshteyn 0:0
Bokuda kechgan oʻyinda hisob ochilmay qoldi. Ozarboyjonliklar oʻyinning 70 foiz qismida toʻpga egalik qilishdi, zarbalar soni boʻyicha mutlaq ustunlikka ega boʻlishdi (26:4), ammo hisobni ocha olishmadi. Natijada turnir jadvalida Litvaga yetib olish imkoniyatidan foydalanilmadi, lekin guruh peshqadamligi masalasini ikki kun oʻtib oʻzaro oʻyinda hal qilish mumkin.